Mavzu:Lingvopragmatika. Reja: Lingvistik pragmatikaning amaliy va nazariy shakllanishi.
Lingvistik pragmatikaning umumiy va xususiy shakllanishi.
Nutqning pragmatik xususiyatlari.
Lingvistik pragmatikaning nazariy shakllanishi.XX asr boshlaridan butun dunyo tilshunosligida tilga semiotik nuqtai nazardan yondashuv asosiy o‘rin egalladi. Ferdinand de Sossyur g‘oyalari asosida til belgilar sistemasi sifatida qaraldi va til birliklarining sistemaviy tabiatini ochib berishga asosiy e’tibor qaratildi. Natijada til sistemasi bilan uning funksiyalashuvi, bu jarayonda til sistemasidagi invariant birlikparning turli-tuman variantlanishi va o‘zgarmas birliklarning o‘zgaruvchanlik kasb etishi namoyon bo‘ldi. Tilshunosning bosh vazifasi bevosita kuzatishda xilma-xil ko‘rinishlarda (variantlarda) namoyon bo‘luvchi lisoniy birliklar zamirida yashiringan zotiy, o‘zgarmas (invariant) birliklarni aniqash va bu birliklarning til sistemasidagi o‘rnini belgilashdan iborat bo‘ldi. Bu esa tilshunoslikda o‘tkinchi, vaqtincha hodisalardan barqaror, doimiy mohiyatlarni aniqlash imkonini berdi. Natijada tilning har bir sathida shu sath birliklarining modellari va bu modellarning nutq jarayonidagi ko‘rinishlari aniqlandi. Sistem-struktur tilshunoslik umumiylik va xususiylik dialektikasini e’tiborga olgan holda til va nutqni izchil ravishda farqlaydi hamda asosiy e’tiborni xususiyliklarda takrorlanuvchi umumiy jihatlarni belgilash orqali ularni modellashtirishga qaratadi. Bunday modellashtirish dastlabki davrda faqat shaklga qarab belgilangan, tilshunos uchun eng ahamiyatli narsa substansiya emas, shakl (forma) deb qaralgan (L.Yelmslev) bo‘lsa, keyinchalik shu narsa oydinlashdiki, shakldan mazmunni soqit kilish mumkin emas. Sistem-struktur tilshunoslikning otasi sanaluvchi Ferdinand de Sossyurning o‘zi ham shakl va mazmun munosabatini daftar varag‘iga qiyoslaydi. Varaqning ust qismi shakl bo‘lsa, ost qismi mazmundir. Lekin varaqni hech qachon ust va ost qismlarga alohida-alohida ajratib bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, til sistemasining quyi (fonologik) sathidan tashqari barcha sath birliklari ma’no bilan bog‘langan. Ular shakl va mazmun munosabatidan tashkil topgan butunlik sanaladi. Shuning uchun har qanday lisoniy model (kolip) mazmunni o‘zidan soqit qilolmaydi. Ko‘p hollarda lisoniy qolipni belgilashda mazmun yetakchi planga o‘tib qolishi mumkin. Ayniqsa, bu sintaktik omonimiyalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois sistem-struktur tilshunoslik keyingi davrlarda lisoniy birliklarning shakl va mazmun munosabatiga ham alohida e’tibor qila boshladi. Buning natijasida tilshunoslikda alohida yo‘nalish - mazmuniy yo‘nalish maydonga keldi. Tilshunoslikda mazmuniy yo‘nalishning maydonga kelishi va bu yo‘nalish bo‘yicha bir qancha ilmiy -tadqiqotlarning olib borilishi natijasida gap semantikasida bir talay muammolarni hal qilish imkoni yaratildi. Mantiqiy semantikaning yirik vakillaridan biri B.Rassel so‘zlarni indikativ va indikativ bo‘lmagan so‘zlarga ajratadi. Obyektiv borliqdagi ma’lum narsa-hodisalarni, belgi-xususiyatlarni, harakat-holatlarni nomlash xususiyatiga ega so‘zlarni indikativ «ishora qiluvchi» so‘zlar, bunday xususiyatga ega bo‘lmagan so‘zlarni esa indikativ bo‘lmagan so‘zlar deb hisoblaydi. Sistem-struktur tilshunoslikda birinchi tipdagi so‘zlar deskriptiv so‘zlar, ikkinchi turdagi so‘zlar esa deskriptiv bo‘lmagan so‘zlar deb yuritiladi. Gap semantikasi bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslar gap tarkibida ana shunday indikativ bo‘lmagan (deskriptiv bulmagan) so‘zlar kelganda ancha qiyinchilikka duch keldilar. YA’ni gap tarkibidagi deskriptiv so‘zlarning, konkret nutq vaziyati bilan bog‘lanmasa ham, qaysi denotativ (atash) ma’noda ekanligini, obyektiv borliqdagi nimani nomlab kelayotganligini aniqlash imkoniyati bo‘lsa, deskriptiv bo‘lmagan so‘zlarni bu tarzda aniqlash mumkin emas. Bunday so‘zlar obyektiv borliqdagi narsa va hodisalar, belgi va xususiyatlar, harakat va holatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nomlamagani tufayli, ular muayyan vaziyat bilan bog‘lanmasa, nimaga ishora qilayotganligi noma’lumligicha qolishi ayon bo‘ldi.