Bog'liq Bitiruv Malakaviy ishi Abdulazizova Maftuna
II BOB. RIMNING BUYUK SARKARDALARI 2.1. Gay Mariy, Pompey Gney, Yuliy Sezar hayoti va faoliyatlari Eramizdan avvalgi III-yilda Numidiyaning keksa podshosi o’lgandan keyin Rim suvoriylarining qattiq talabi bilan Numidiya podsholigi marxumning uchta nevarasiga bo’lib berilgan. Ular Numidiyaning siyosiy jihatdan bo’linib ketishi o’z ishlarini olib borishga qulaylik tug’diradi deb hisoblagan. Lekin mamlakat aholisi va shahzodalardan biri Yugurta mamlakatda Rimliklarning to’la hukmronligi o’rnatilishini istamagan. Yugurta farosatli va g’ayratli jangchi bo’lgan. U Numantiya urushida numidiyalik janchilarning ittifoqchi otryadiga bosh bo’lgan va o’shanda Rim harbiy san’atini o’rgangan, shuning uchun ham Rimliklarga qarshi kurashish mumkin deb bilgan. Mamlakat bo’lingandan keyin Yugurta ko’pchilik numidiyaliklarga tayanib o’z qarindoshlarining mulkiga hujum qilgan. Ulardan biri o’ldirilgan, ikkinchisi Rimga qochib ketgan. Rim senati Yugurtani Rim sudiga chaqirganida u Rim respubliklasining poytaxtiga dadil kirib brogan va bir qancha e’tiborli shaxslarni sotib olib, o’zini oqlatishga muyassar bo’lgan. Senat Numidiyani yana bo’lgan, lekin bu safar ikki qismga bo’lib, bir qismini Yugurtaga va ikkinchi qismini uning qarindoshiga bergan.Yugurtaning qarindoshi bilan birga Numidiyaga Rim savdogarlari va sudxo’rlari kelgan. Lekin Yugurta yana urush ochgan. Numidiya poytaxti Sitrani ishg’ol qilib o’z raqibinigina emas, balki ko’pgina Rimliklarni ham qirib tashlagan. Rim suvoriylari bundan qattiq g’azabga kelgan. Yugurta ikkinchi marta Rimga chaqirilib sud qilingan va Rim xalqining dushmani deb e’lon qilingan. Yura ketayotib: “Sotqin shahar! Xaridor topilsa seni tag-tuging bemalol sotib olardi!” degan.20 Rimliklar Afrikada urush harakatlarini sustkasklik bilan olib borganlar va hech ham muvaffaqiyat qozona olmaganlar. Optimatlardan bo’lgan harbiy boshliqlar sotqinlik qilgan va shu bilan Rim qo’shinlarini kirishga yo’l qo’yib bergan. Mayda yer egalaridan to’plangan Rim jangchilari o’zlariga yot bo’lgan suvorilar manfaati uchun istar-istamas jang qilishgan. Rim armiyasida intizom bo’shashib ketgan. Qo’shinlarning jangovarlik qobiliyati shu darajada bo’sh bo’lganki, harbiy boshliqlar Yugurta uchun qulay shartlar bilan sulh tuzishga tayyor turishgan. 21 Numidiyaga qarshi yana urush boshlandi va asosiy Numidiya shaharlari bosib olindi. Yugurta sahroga chekinib partizan urushiga o’tdi. Urush cho’zilib ketganidan norozi bo’lgan xalq yig’ini senatning irodasiga qarshi qo’shinga qo’mondonlik qilish uchun o’z sarkardasi o’zining dovyurakligi va harbiy qobiliyati bilan obro’-e’tibor qozongan yangi odam “yangi kishi” dehqonning o’g’li plebey 48 yoshli Gay Mariyni qo’mondon qilib tayinladi. Gay Mariy eramizdan avvalgi 107-yilda konsulligidan keyin yaxshi qurollangan qo’shin bilan eramizdan avvalgi 105-yilda Yugurta urushini tugatdi. Yugurta asirga olinib, rimda qatl etiladi. Numidiya qaram davlatga aylantirilib, uning rasman hukmdori qilib, Yugurtani aqli zaif ukasi tayinlandi. U nafaqat Yugurta urushini (eramizdan avvalgi 111-105-yillar) tugalladi, balki Rimni shimoldan german qabilalari kimvr va tevtonlar hujumidan himoya qildi. Shimoliy Afrikadagi voqealar bilan bir vaqtda Rimning shimoliy chegaralarida german qabilalaridan bo’lgan kimvr va tevtonlarning bosqini boshlandi. Kimvr va tevtonlar dastlab Yutlandiya yarimorolida yashar edilar. Eramizdan avvalgi II asr oxirida bu qabilalar o’z joylaridan ko’chadilar. Tevtonlar g’arbga Galliyaga, kimvrlar janubga tomon yurdilar. Jangovar kimvr qabilalarining (150 ming kishi atrofida) eramizdan avvalgi 113-yillar atrofida janubiy Germaniyaga kirib Alp dovonlariga kelib Italiyaning shimoli-sharqiy chegaralariga xavf soladilar. Konsul Papirey Karbon Noreya shahri yonida kuchli armiya kimvrlar bilan uchrashdi, lekin shavqatsiz yengildi. Italiyaga yo’l ochiq edi, lekin kimvrlar Alpdan shimolga o’tib Galliya hududiga bostirib kiradilar. Galliyada ham rimliklar eramizdan avvalgi 109-yilda yana yengiladilar.22 Kmvrlarni gelvetlar, Galliyani o’zida ularga qarindosh bo’lgan tevtonlar bilan birlashuvi Rimliklar uchun xavfli vaziyatni yana murakkablashtirdi. Eramizdan avvalgi 107-yilda konsul boshchiligidagi Rim qo’shini Akvitaniyada pistirmaga tushib to’la yo’q qilindi. Lekin Rimliklar eramizdan avvalgi 105-yilda janubiy Galliyada kimvrlardan eng daxshatli mag’lubiyatga uchradilar. Jang maydonida kann halikatidan ham ko’proq 80 mingga yaqin legionerlar qoldi. Kimvrlar o’z g’alabalaridan keyin himoyasiz Italiyaga emas, Ispaniyaga yurish qildilar. Rim senati konsul Gay Mariy tashabbusi bilan harbiy-siyosiy islohotlar o’tkazildi.23 Gay Mariy askar to’plash tartibini o’zgartirish bilan birga legionlarning sostavini va Rim legionerlarini texnika bilan qurollantirishni ham boshqacha tashkil etgan. Agar avvallari Rim legioni o’nta manipul va har bir manipul ikki senturiydan iborat bo’lgan bo’lsa, Mariy armiyasining legionlari o’nta kogortaga bo’lingan va shundan keyin kogorta Rim piyodalarining bo’linishida asosiy birlik bo’lib qolgan.
Har bir legionda hunarmandlarning va irg’itish mashinalaridan otishni idora qiladigan ustalarning alohida kogortalari, shuningdek suvoriylar otryadi va ittifoqchilarning kogortalari bo’lgan. Har bir legionda o’zining umumiy znachogi – kumushdan yasalgan burgut surati bo’lgan. Mariy legionerlarini qisqa irg’itma nayzalar (pilum) bilan qurollantirgan, Rim jangchilari dushmanga yaqinlashib qolganlarida bu nayzalarni dushman qatorlariga irg’itganlar. Dushman jangchilari o’qlardan o’zlarini qalqon bilan himoya qilsalarda har qaysisiga bir nechtadan nayza otilgan. Otilgan nayzalardan qalqonlar og’irlik qilib dushman jangchilari ularni tashlashga va legionerlar bilan yuzma-yuz olishishga majbur bo’lgan, bu esa Rimliklarga katta ustunlik bergan.24 Mariy jangchilarining o’zlari mustahkamlangan lager qurganlar, buning uchun zarur to’siq vositalarini o’zlari bilan olib yurishgan. Mariy armiyasida juda qattiq intizom o’rnatilgan. Jangchilar yo mashq bilan yoki lagerni mustahkamlash bilan band bo’lganlar, yo bo’lmasa yo’l qurganlar, ko’prik solganlar. Ana shu harbiy reformalar natijasida Rim armiyasining jangovarlik qobiliyati keskin o’sgan. Yugurta boshpana qidirib Mavritan podshosi bo’lmish qaynotasi oldiga borgan. Ammo bu yerga Gay Mariyning xazinachisi zodagon patritsiy Lutsiy Korneliy Sulla yetib kelib Yugurtani Rimliklar qo’liga berishni talab qilgan. Sulla Yugurtani ushlab (eramizdan avvalgi 105-yil) Rim lageriga olib kelgan. Yugurtani ushlab bergani evaziga Numidiyaning bir qismi Mavritan podshosiga tortiq qilingan, qolgan qismi Numidiya shahzodalaridan biriga berilgan. Eramizdan avvalgi 113-yildayoq noma’lum sabablarga ko’ra, o’zlari yashab turgan joylarni tashlab, joylashish uchun yangi yerlar qidirgan O’rta Yevropa markazidagi qabilalarning katta bir guruhi Apenin yarimorolining shimoliy-sharqiy chegaralariga yaqinlashib kela boshlagan. Ko’chib kelganlarning asosiy qismini kimvrlar qabilasi tashkil qilgan. Ular oilalari bilan aravalarda yurishgan, zarur bo’lib qolganda o’sha aravalardan istehkom qurganlar. Ular zabardast kuchli kishilar bo’lib, ko’pincha hayvon terisi yopinganlar, temir nayzali uzun pishiq yog’och, nayza va uchi tosh o’q bilan qurollanganlar. Rim konsuli Papiriy Karbonning talabi bilan kimvrlar va ularga qo’shilgan boshqa qabilalar Rim mulklaridan nari ketgan. Shunday bo’lsada Karbon ularga hujum qilgan, lekin qattiq mag’lubiyatga uchragan. Karbon qo’shinlari ustidan g’alaba qozongandan keyin kimvrlar Alp tog’larini aylanib o’tish uchun g’arb tomonga yurganlar, u yerda joylashish uchun yangi yerlar qidirib yurgan tevton qabilalari bilan birlashib eramizdan avvalgi 109-yili Rodan daryosining yuqori oqimidagi yerlarga bostirib kirganlar. Bu rayonda boshqa bir Rim qo’mondoni ularga hujum qilgan, lekin uning qo’shinlari ham Karbon qo’shinlariga o’xshab tor-mor keltirilgan.25 Eramizdan avvalgi 105-yilda kimvrlar bilan tevtonlarning birlashgan galasi Rodan daryosining quyi oqimiga qarab yo’l olgan. Arauzion shahri rayonida Rimliklarning ikkita kuchli armiyasi ularning yo’lini to’sgan. Lekin Rimliklarning qo’mondonlari o’rtasida kelishmovchilik chiqib, natijada kimvr va tevtonlar bu armiyalarning ketma-ket tor-mor keltirib, yakson qilganlar. Italiya va Rim yovvoyi galaning bostirib kirishi mumkinligidan daxshatga tushgan. Lekin uchragan barcha narsaga qirg’in keltirib va vayron qilib, Galliyaning g’arbiy oblastlari va Pireney yarimorolining shimoliy qismiga qarab yo’l olishgan. Arauzion yonidagi halokatli og’ir harbiy muvaffaqiyatsizliklar Rim aholisi orasida senat va optimatlarning gumashtalariga qarshi g’oyat katta norozilik tug’dirgan. O’zlarini Rim plebsining yo’lboshchilari deb atagan arboblar - “populyarlar” halokatning sababchilari zodagonlardan chiqqan lashkarboshilari deb aybni ularga qo’yishgan. Lashkarboshilarning ba’zilari sud javobgarligiga tortilib badarg’a qilingan. Suvoriylar bilan plebeylar Rim respublikasining hayotini taxlika ostiga solib turgan daxshatli dushmanga qarshi urushda qo’mondon qilib Gay Mariyni saylashga muvaffaq bo’lganlar. Eramizdan avvalgi 104-yilda Gay Mariy qobiliyatli lashkarboshilari bo’lmish Lutsiy Korneliy Sulla, Kvint Sertoriy va boshqa tajribali harbiylar bilan birlikda kimvr va tevtonlarga qarshi urushga askar to’plashga kirishgan paytda kutilmaganda Sitsiliya orolining ko’p qismiga tarqalgan yangi qullar qo’zg’oloni (eramizdan avvalgi 104-101-yillar) boshlangan. Gay Mariy kimvrlar va tevtonlar bilan bo’lgan urushda kamayib qolgan Rim armiyalarini yordamchi kogortalar, ittifoqchilarning kogortalaridagi jangchilar sonini ko’paytirish hisobiga to’ldirmoqchi bo’lgan. Mariyning taklifi bilan senat ittifoqchi qaram davlatlardan qo’shinga yana odam to’plab berishni talab qilgan.26 Senatning bu talabiga javoban Vifin podshosi Nikomed Rimliklarning talabini bajo keltirolmasligini aytgan, bunga sabab qilib podsholigidagi yosh erkaklarning juda ko’p qismini Rim sudxo’rlari qarz badaliga qul qilib haydab ketganligini ko’rsatgan. Yangi askarlarga muhtoj bo’lgan Rim senati Sitsiliya viloyatining noibiga qullarni tekshirishni, g’ayri qonuniy ravishda sotilgan qullarni ozod qilishni buyurgan. Sitsiliya noibi tekshirishni boshlab bir necha yuz kishini ozod qilgan, lekin keyin Sitsiliyaning boy quldorlariga sotilgan noib orolning hamma burchaklaridan tinmay oqib kelib turgan juda ko’p kishining qonunga xilof ravishda qul qilib sotilganini tekshirishni to’xtatib qo’ygan. Bu esa qullarning ommaviy qo’zg’oloni boshlanib ketishiga bahona bo’lgan. Qo’zg’olonchilarga Salviy degan kishi va kilikiyalik Afenion boshchilik qilgan. Sitsiliyaning janubi-g’arbiy qismidagi tog’likda joylashgan lager qo’zg’olonchilarning markaziga aylangan. Qo’zg’olonchilar buni Triokola deb ataganlar. Qo’zg’olonchilar Salviyga Trifon nomi berib, uni podsho qilib saylaganlar. Afenion piyoda va otliqlardan iborat armiya tashkil etgan. Podsho huzurida kengash tuzilgan. Birinchi qo’zg’olon vaqtida bo’lgani kabi bu gal ham erkin aholining eng kambag’al qatlamlari qullarga yordam bergan. Ular orasida askariy hizmatga yaramaydigan, ammo xo’jalik ishlari bilan mashg’ul bo’la oladiganlari qo’zg’olonchilar armiyasini oziq-ovqat va qurol-yarog’ bilan ta’minlab turgan. Boshda qo’zg’olon muvaffaqiyatli bo’lgan. Sitsiliyaning ancha qismini jumladan shaharlarini ham insurgentlarning qo’shinlari ishg’ol qilgan.27 Eramizdan avvalgi 101-yilda Salviy-Trifon vafotidan keyin, konsul Maniy Akviliy kuchli qo’shin tortib Sitsiliyaga kelgach, Afenion jangda halok bo’lgan, so’nggi qo’zg’olonchilar Triokalada qamalda qolib, taslim bo’lganlar. Rimliklar ularning hayotini saqlash to’g’risida va’da bergan bo’lsalarda, asir qullar Rim sirklari va Amfiteatrlarida olomonning dilxushligi uchun bir-birlari bilan pichoqbozlik qiladigan gladiatorlarga aylantirilgan. Shunday qilib Sitsiliyadagi qo’zg’olon bostirilgan. Qo’zg’olonning muvaffaqiyatsiz tugashiga sabab qullarning qabilaviy va madaniy tarqoqligi hamda qatiyatsizligidir. Ba’zi qullar qo’zg’olonda qatnashmaganlar, ularning xo’jayinlari qullarga qo’zg’olonga aralashmagan taqdirda ularni o’z ixtiyorlari bilan ozod qilish to’g’risida yolg’on va’dalar berganlar. Xavf tugaganidan keyin esa quldorlar va’dalariga vafo qilmaganlar. Sitsiliyadagi qullarning ikkinchi qo’zg’oloni ham birichi qo’zg’olon kabi O’rta dengiz sohilining boshqa davlatlaridagi qullar ommasiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Italiyaning janubida bir qancha mayda qo’zg’olonlar bo’lgan. Attikada Lavrion kumush konlaridagi qullar qo’zg’olon ko’targanlar. Bu yerda qo’zg’olonchilar dengiz bo’yidagi istehkomni ishg’ol qilib ancha vaqtgacha quldorlarga qarshilik ko’rsatib turganlar. Nihoyat o’sha yillarda O’rta dengizning uzoq shimoliy chekkasidagi antik davlat – Pantikapeyada grek quldorlariga qarshi qullar qo’zg’oloni ko’tarilgan. Bu harakatga boshchilik qilgan skif Savmak Bospor podsholigining poytaxti bo’lmish Pantikapey shahrini bosib olib, o’zini podsho deb e’lon qilgan. Qo’shni oblastlardagi grek quldorlari Savmakka qarshi kurashda yordam so’rab Pontiy podsholigining podshosi Mitridat VI ga murojaat qilganlar. Bu podsholikning yerlari Evksin Pontining janubiy va janubiy-sharqiy qirg’oqlariga yoyilgan bo’lgan. Mitridat VI Bospor podsholigi va Tavrida Xersonesning qo’shni qismlaridagi grek quldorlariga yordam bergan. Mitridat VI yuborgan strateg Fiofant Xersones shahriga hujum qilgan skif qo’shinlarini tor-mor qilib, so’ngra Pantikapeyadagi qullar qo’zg’olonini bostirgan. Lekin Mitridat bekorga yordam bergan emas. U Evksin Pontinning shimoliy qirg’oqlaridagi grek shaharlarini ham, Bospor podsholigining o’sha qirg’oqdagi grek shaharlarini ham o’z mulkiga qo’shib olgan (eramizdan avvalgi 107-106-yillar). Pontiy podsholigining mulki kengayishi uning harbiy resurslari va siyosiy qudratini shu qadar kuchaytirganki, keyinchalik Mitridat VI ichki va tashqi hayotida bir qancha qiyinchiliklarni boshidan kechirib turgan Rim respublikasiga qarshi kurash boshlashga jur’at qilgan.28 Rim qo’shinlari Sitsiliya va boshqa rayonlardagi qo’zg’olonchi qullarga qarshi kurash olib borayotgan bir vaqtda tevtonlar bilan kimvrlar bir qancha oblastlarni talab yana Italiyaga otlanganlar. Tevtonlar shimoli-g’arb tomondan Apenin yarimoroliga bostirib kirish niyatida Narbon Galliyasi orqali qirg’oq bo’ylab yo’l olganlar. Kimvrlar esa sharq tomon yurib, ular Alpni shimol tomondan aylanib o’tib, Alp tog’larining sharqiy qismidagi tog’li vodiy orqali Italiyaga bostirib kirishga qaror qilganlar. Eramizdan avvalgi 102-yili Gay Mariy qatorasiga to’rtinchi marta konsul qilib saylangan. Bu voqea xalq majlisiga shiddatli kurashdan keyin xalq tribuni Appuley Saturninning qo’llab-quvvatlashi tufayli sodir bo’lgan. Gay Mariy tevtonlarga qarshi otlanib Akva Sekstiya degan Rim koloniyasi yonida mustahkamlangan pozitsiyani ishg’ol qilgan. Tevtonlar Rim lageriga hujum qilsalarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlar. Keyin ular Rim pozitsiyasini aylanib o’tmoqchi bo’lganlar. Mariy ularning o’tishlariga yo’l qo’yib bergan, keyin esa ularning yo’lini kesib chiqqan. U dushmanning yangi hujumlarini ham qaytargan. Ana shundan keyingina u soni o’z qo’shinlaridan ko’p bo’lgan tevtonlarga hujum boshlagan. G’oyat shiddatli o’tgan jangda tevton janchilarining ko’pchiligi qirib tashlangan. Rimliklar dushman lagerini egallab olganlar. Ko’pgina tevton ayollari qullikka tushmaslik uchun o’z-o’zini o’ldirgan. Mariy armiyasi tevtonlarni yakson qilganida kimvrlar konsul Katul qo’shinlarini chekinishga majbur etib Italiyaga yorib kirganlar va Galliyaning Transpadan qismini ishg’ol qilganlar. Eramizdan avvalgi 101-yildagina Mariy o’z kuchlari bilan Katul qo’shinlarini birga qo’shib, tekislikdagi Vertsell shahri yonida kimvrlar va ittifoqchilarning lashkari bilan to’qnashgan. Lutsiy Korneliy Sulla ayniqsa botirlik ko’rsatgan. Bu shiddatli jangda Rimliklar armiyasi to’la g’alaba qozongan. Kimvrlarning ko’p qismi qirib tashlangan, qolganlari asir olinib qul qilib sotilgan. Shimoldan kimvr va tevtonlarning bostirib kelishi; va janubda Sitsiliya qullarining qo’zg’oloni bilan Rim respublikasiga taxlika qilib turgan xavf ana shu tariqa tugatilgan.29 Gay Mariyning ajoyib g’alabalari unga Rim aholisining xalq ommasi ichida g’oyat katta shuhrat va obro’ keltirgan. Xattoki Gay Mariyni ko’ra olmaydigan optimatlar ham Italiya va Rimni shimoliy qabilalarning bostirib kirishidan u qutqarib qolganligini tan olganlar. Senat unga Vatan Otasi va Rimning ikkinchi asoschisi degan unvon bergan. Lekin g’olib sarkarda o’z armiyasining keksa askarlariga davlat fondidan yer bo’lib berishni iltimos qilib senatga murojaat qilganida senat uning iltimosini rad etgan. Gay Mariy senatning dushmanlik munosabatini yengib o’zaro yordamlashish to’g’risida populyarlarning boshliqlari Lutsiy Appuley Saturnin va Gay Serviliy Glavsiy bilan kelishib oolgan. Ular qayta-qayta optimatlarga qarshi chiqib, suvoriylar va plebs manfaatiga qaratilgan bir nechta qonun chiqartirganlar. Eramizdan avvalgi 104-yilda Glavsiy viloyatlardagi noiblarning xiyonatlariga doir ishlarni tergov qiladigan sud komissiyalarini suvoriylar qo’liga topshirish to’g’risida Gay Grakx ishlab chiqqan sud qonunini tiklashga muvaffaq bo’lgan. So’ng esa eramizdan avvalgi 103-yili Appuley Saturnin plebsiga tarqatib beriladigan don narxini xiyla pasaytirish to’g’risida qonun chiqartirgan. O’shanda Mariy armiyasining veteranlariga Afrikadan yer uchastkalari bo’lib berish haqida qonun chiqartirishga ham muvaffaq bo’lgan. Eramizdan avvalgi 101-yilda Mariy legionidagi jangchilarga bundan keyin yer berish masalasi qo’zg’algan, lekin senat buni rad etgan. Avval boshda xalq majlisida optimatlarning qarshiligini yengib, Mariy, Appuley Saturnin va Glavsiy eramizdan avvalgi 101-yilda magistratlik vazifalariga: Mariy konsul qilib, Serviliy Glavsiy pretor qilib, Appuley Saturnin ikkinchi marta xalq tribuni qilib saylangan. Magistrat bo’lib qolgan ittifoqchilar Mariy jangchilariga koloniyalarda katta yer uchastkalari (100 yugerdan) bo’lib berish to’g’risida yangi agrar qonun chiqartirgan, koloniyalar esa Rim viloyatlaridan tashkil etilishi lozim bo’lgan. U yerlar Mariy jangchilariga to’la mulk qilib beriladigan bo’lgan. Chek yerlarni Rim grajdanlari bilan bir qatorda italiklardan bo’lgan veteranlar ham olgan.30 Koloniyalar tuzishga rahbarlik qilish Mariyga topshirilgan. Bu qonun atrofida qattiq kurash boshlanib ketgan. Uning tasdiqlanishiga optimatlargina emas, balki ko’pgina suvoriylar ham qarshi chiqqanlar. Lekin uni majlisda hozir bo’lgan Mariy qattiq olishuvlardan keyin jangchilar yordamida tasdiqlattirgan. Appuley Saturnin senatorlarning yangi agrar qonunni tan olib qasam ichishlarini talab qilgan. Qasam ichishdan faqat Metell bosh tortgan va u badarg’a ketishga majbur bo’lgan. Eramizdan avvalgi 99-yilda xalq tribunlarini saylashga tayyorgarlik paytida Rimda juda ham tarang vaziyat yuz bergan. Appuley Saturninga tarafdor bo’lgan olomon xalq tribune vazifasiga optimatlar tomonidan nomzodi qo’yilgan Gay Memmiyni o’ldirgan. Senat bunga javoban shaharda harbiy holat e’lon qilib, Gay Mariyga konsul sifatida qurolli kuchlarni ishga solib shaharda tinchlik o’rnatishni topshirgan. Mariy bu topshiriqni bajarishda ikkilanib tursada, optimatlar tomoniga o’tib ketgan suvoriylar tazyiqi ostida o’ziga topshirilga vazifani bajarishga majbur bo’lgan. Yangi xalq tribunlari o’z vazifalariga kirishgan kuni Rim forumida jang bo’lgan. Saturnin Glavsiy va boshqa populyarlarning tarafdorlarini Mariy qo’shinlari tarqatib yuborgan. Ular Kapitoliyga berkinib olganlar va hayotlarini saqlash sharti bilan taslim bo’lganlar. Lekin ularni senatga olib kelganlarida yosh optimatlar hujum qilib o’ldirishgan. Boshqalar qatori populyarlarning boshliqlari bo’lmish Appuley Saturnin va Glavsiy halik bo’lgan. Eramizdan avvalgi 100-yilning dekabri). O’zinng siyosiy do’stlari bo’lmish populyarlarga nisbatan xoinlik qilishi tufayli siyosatchi sifatida ham, inson sifatida ham Gay Mariyning obro’siga putur yetgan. Senatda ko’pchilikni tashkil etgan optimatlarning unga ishonmasligi va dushmanlik munosabati, populyarlarga xiyonat qilgani uchun plebsning nafrati Mariyni Ulug’ ona Kibela ibodatxonasini ziyorat qilishni bahona qilib Rimdan Kichik Osiyoga jo’nab ketishga va siyosiy faoliyatini ko’p vaqt tashlab turishga majbur etgan.31 Rim respublikasi eramizdan avvalgi 80-yil boshlarida Italiyada ittifoqchilik urushlari tugaganidan keyin moliyaviy tushkunlik, hunar va savdo degradatsiyasi va ichki siyosiy beqarorlikholatida edi. Shu bilan bir vaqtda Pont podshosi Mitridat VI ni Kichik Osiyo va Bolqon yarimorolini bosib olishi Rimni sharqda urush boshlashiga chaqiriq bo’ldi. Mitridat mashhur shaxs bo’lib, baland bo’yli juda katta jismoniy kuchga ega bo’lgan, 22 tilni bilgan har tomonlama ma’lumotli kishi edi. U Bosfor, Kolxida Kichik Armanistonni bosib olib, rimliklarni Kichik Osiyo mulklariga bostirib kiradi. Mahalliy aholi uni haloskor sifatida kutib oladi. Kichik Osiyoning barcha shaharlarida uning topshirig’i bilan bir kunda 30 ming rimlik o’ldirilgan. Mitridatga qarshi urushda qo’shinga qo’mondonlik qilish uchun birdaniga ikki sarkarda optimatlar yetakchisi eramizdan avvalgi 80-yilda konsul bo’lgan 50 yoshli Lutsiy Korneliy Sulla va populyarlarning o’tmishdagi ittifoqchisi olti marta konsul bo’lgan shuhratparast 68 yoshli keksa Gay Mariy da’vogar bo’ldilar. Rim qo’shiniga qo’mondonlik qilish senat tomonidan Sullaga topshirildi, Rimda xalq yig’ini Sullani chetlatib, sharqqa yurishga Mariyni qo’mondon qilib tayinladi. Shu vaqtda Jannubiy Italiyada turgan g’ayratli Sulla o’z qo’shinlariga juda katta va’dalar berib, Rimga yurish qildi. Rim o’ziningb ko’p asrlik tarixi davomida birinchi bor rimlik qo’shinlar tomonidan jang bilan egallandi. Mariy Afrikaga yashirinishga majbur bo’ldi. Sulla o’z qo’shini bilan Yunonistonga yurish qilib Mitridat qo’shinlarini tor-mor qildi. Shu vaqtda Rimda to’ntarish sodir bo’lib, hokimiyatni yettinchi marta konsul qilib saylangan Gay Mariy va 4 marta konsul bo’lgan Sinna egalladilar. Tez orada Mariy bezgak kasalligidan vafot etadi.32 Sulla eramizdan avvalgi 83-yilda o’z qo’shini bilan Janubiy Italiyaga kelib tushdi. Fuqarolar urushining yangi davri boshlandi. Bu urush Sullaning g’alabasi bilan tugadi, yana u jang bilan Rimga kirib, o’z diktaturasini o’rnatdi. Sulla o’zining raqiblarini bartaraf qilish uchun proskripsiya deb nomlangan tadbirni amalga oshirdi. Sulla tomonidan tuzilgan kishilarni alohida ro’yxati shunday deb atalardi. Kim bu ro’yxatga tushgan bo’lsa, qonundan tashqari e’lon qilinib, har qanday kishi uni o’ldirishi, xatto bu uchun mukofot olishi mumkin edi. Shu yo’l bilan 100 senator va 2500 suvoriy o’ldirildi va ularning mulki musodara qilindi. Sulla xalq tribunlari hokimiyatini cheklaydigan qator qonunlar qabul qildi, bepul non tarqatishni bekor qildi, qarz foizlarini cheklab eramizdan avvalgi 241-yilda bekor qilingan senturiy komissiyalarini qayta tikladi. Senat tarkibiga Sulla o’z tarafdorlaridan bo’lgan 300 yangi a’zoni kiritdi. Diktator plebey tribunlari va komissiyalarining qonunchilik hokimiyatini bekor qilib, bu vakolatni senatga berdi. Lekin tez orada eramizdan avvalgi 79-yilda ko’plar uchun kutilmagan holda Sulla diktatorlik vakolatini o’zidan soqit qilib, hokimiyatdan chetlashdi. Sobiq diktator baliqchilik bilan shug’ullanib, “Memuarlar” yozdi. Eramizdan avvalgi 78-yilda u 60 yoshida miyasiga qon quyilishi oqibatida vafot etdi. Sulla konstitutsiyasi yanna 8 yil yashadi. Sertoriy qo’zg’oloni senatning Gney Pompey boshchiligidagi qo’shinlari bilan bostirildi. 33 Eng keng tarqalgan fikrga ko’ra, Gney Pompey miloddan avvalgi 106-yil 29-sentabrda tug’ilgan.34 Uning tug’ilgan kunining aniq sanasi Velleius Paterkulus va Pliniy Elderning o’lim va tug’ilgan kunidagi uchinchi g’alaba haqidagi guvohliklari asosida belgilanadi.35 Otasi Gney Pompey Strabon, onasi Lutsiliya, rafiqalari: Antistiya, Emiliya Shavra, Murtsiya Tertsiya, Yulia Sezaris, Karneliya; farzandlari: Sekst Pompey Magn, Gney Pompey Magn, Pompeya Magna; nabiralari: Gney, Sinna, Magn, Pompeya. Uning ismi oks tilidan olinganda “Pomp” - “besh”, “Elius”- “Ta’sir o’tkazuvchi” ma’nosini bildiradi. Bu avlodning birinchi namoyondasi Kvint Pompey miloddan avvalgi 141-yilda konsul bo’lgan.36 Bobosi Sekst Pompey miloddan avvalgi 118-yilda Makedoniyada jangda ishtirok etadi va o’sha yerda halok bo’ladi. Otasi Gney Pompey Strabon taniqli sarkarda va konsul bo’lgan (miloddan avvalgi 89-yil). O’sha davrdagi taniqli shoir Gay Lutsiy uning qarindoshi bo’lgan. Uning otasi Gay Mariy va Lutsiy Korneliy Sinnaga qarshi urushda Rimni himoyachisi bo’ladi, yosh Pompey o’z otasi qo’shinida xizmat qiladi. Shunda Sinnaning tarafdorlari ikkala Pompeyni ham o’ldirmoqchi bo’lishadi va bu fitnadan ular xabardor bo’lib qolishadi. Qadimiy bitiklarning yozishicha, Gney Pompey Strabonni chaqmoq urib o’ldirgan. Lekin zamonaviy tekshiruvchilar Gney Pompey Strabon qandaydir epidemiyadan vafot etganini aytishadi. Gney Pompey otasi o’lgandan keyin hamma narsadan mahrum bo’lib, uyi talon-taroj etiladi va sud bo’ladi. Bu sudda Pompeyning tarafini sud raisi Publi Antistiy oladi va Pompeyga o’z qizi Antistiyaga uylanishni taklif qiladi. Pompey ham bu taklifga rozi boladi va tez orada Pompey sudda oqlanadi. Bo’lib o’tayotga bu voqealar uning Sinna bilan yaqinlashishiga olib keladi. Sinna Pompeyni o’z qo’shiniga qo’shib oladi. Bu paytda Sullaning Italiyaga qaytayotganligi haqidagi xabarlar tarqaladi. Pompey Sinnaning harbiy lageridan qochadi. Sinna bundan xabar topgach uni o’ldirishni buyuradi. Pompey o’zining Pitsenna shahrida qo’shinlarini to’playdi. Qo’shinni asosini otasi qo’mondonlik qilgan legionning askarlari tashkil etadi. Miloddan avvalgi 83-yilda Sulla Bronziga kelib tushadi. Pompey unga qo’shilishga shoshiladi. Sulla ham Pompeyni faxriy kutib olib, imperatorning unvoni bilan taqdirlaydi. Hali hech kim 22 yoshida qo’shinga qo’mondonlik qilish unvoniga ega bo’lmagan, yana hech qanday g’alabaga erishmasdan turib. Lutsi Sulla qo’shini 2 guruhga bo’linadi, o’zi boshliq asosiy qo’shin bilan Rimga yurish qilgan Pompey, Kvint Seseliy Metell Pi qo’mondonligida Galliyaga yurish qiladi. Konsuli Gney Papiri Karbonga qarshi yurish qiladi. Karbonning birinchi qo’shini Sullaga qarshi kurash uchun ittifoqdoshlar tomonga qo’shilishga o’z qo’shinini jo’natadi. Bundan xabar topgan Sulla Pompeyga Rim tomonga yurishga buyruq berdi. Karbonni asir olib o’ldiradi.
O’zboshimchalik bilan hech qanday buyruqsiz senatorni o’ldirgani uchun siyosatchilar Pompeyga “Yosh jallod” deb nom qo’yganlar.37 Italiyani Spartak rahbarligidagi misli ko’rilmagan qullar qo’zg’oloni qalqitib yubordi.(eramizdan avvalgi 74-71-yillar). Spartak kelib chiqishi Frakiyadan bo'lib, Rim yordamchi qo’shinlarida xizmat qilgan va dezerterligi uchun qulikka sotiladi. U Kapuya shahrida fuqaro Lentul Batiatning gladiatorlar maktabida gladiator edi. Boshda Spartak qo’zg’oloniga ahamiyat berilmadi. Sarkardalik qobiliyatiga ega bo’lgan shijoatli Spartak tez orada o’z qo’l ostida qullardan tuzilgan 120 ming kishilik qo’shin to’pladi. Bir necha bor rimliklar ustidan g’alaba qildi, ayniqsa, Shimoliy Italiyadagi Mutina shahri yonida Spartak yaxshi qurollangan ikki konsul boshchilik qilgan Rim qo’shinlarini tor-mor qildi. Bu hol Rimni vahimaga tushirib qo’ydi. Senat eramizdan avvalgi 72-yilda Spartakka qarshi qo’shinga boshchilik qilishni favqulodda vakolatlar bilan eng boy quldor Mark Krassga topshirdi. Spartak tezlik bilan Rimni chetlab o’tib Italiyaning janubiga yurish qildi. Farazlarga ko’ra Spartak sitsiliyaga o’tishga harakat qiladi. Spartakni Sitsiliyaga o’tishida kemalar bilan ta’minlashga va’da bergan dengiz qaroqchilari Piratlar uni aldadilar. Qullar qo’shini Bruttiya viloyatiga qamalib qoldilar, Krass bu yerda 52,5 km.lik uzunlikdagi okop qazishga buyruq berdi. Spartak qo’shinlari rimliklarning bu to’siqlarini buzib o’tib, Burundiziga qarab harakat qildilar. Tez orada Spartak qo’shinlaridan bir necha qizmlari ajralib ketdi. Bu Spartakning kuchini zaiflashtirdi. Krass qullar qo’shinini ta’qib ostiga olib, ularning orqasidan izma-iz yurdi. Apuliya viloyatida Krass va Spartak qo’shinlari o’rtasida hal qiluvchi jang bo’ldi.38 Jang boshlanishida Spartakka otini minishga hozirladilar, lekin u qilichni sug’urib otni o’ldirdi. Spartak g’alaba qilgan taqdirda eng yaxshi otlarga ega bo’lishi mumkinligi, yengilgan taqdirda hech qanday ot kerak emasligini aytdi. Jang juda shavqatsiz bo’lib, rimliklar g’alaba qildilar. Spartak va minglab qullar bu jangda qahramonona halok bo’ldilar. Uch yil davom etgan qullar qo’zg’oloni bostirildi, 6 ming qul Kapuyadan Rimga boradigan yo’lda xochga mixlandi. Spartak boshchiligidagi qullar qo’zg’oloni bilan bir vaqtda Mitridat bilan yanggi urush boshlandi.39 Pont podshosi Rimga vasiyat qilingan Vifiniyani bosib oldi. Bu esa Mitridatning Rimga qarshi Uchinchi urushini boshlab berdi (miloddan avvalgi 74-64-yillar). “Osiyo” viloyatidagi yunon shaharlari Rimdan ajrab chiqishdi. Dastlab harbiy harakatlar Armanistonga qarshi urush olib borgan Rim uchun muvaffaqiyatli kechdi. Lekin keyinchalik vaziyat Mitridat va Tixron II foydasiga o’zgardi. Rim qo’shinlariga Pompey qo’mondonlik qila boshlaganidan harbiy omad Rim tomoniga o’tdi. Pompey Armanistonga tahlikali bo’lgan shartnomani Parfiya bilan tuzishga erishdi. Ushbu shartnoma Armanistonning harakatlarini zararsizlantirdi. Mitridat o’z mag’lubiyatini tan oldi va ilgarigi chegaralariga qaytdi; ushbu davlat Rimning qudratli raqibidan katta bo’lmagan va amalda Rimga qaram bo’lgan mamlakatga aylandi. Pompeyga qarshilik ko’rsatishga qodir bo’lmagan Mitridat halik bo’ldi. Pompey bosib olingan yerlarda “Vifiniya va Pont” viloyatini barpo etdi, so’ngra janubga Suriyaga qarshi harakatlandi va uni zabt etib, viloyatga aylantirdi.40 Urushdan keyin Rimda uning sharafiga zafar (triumf) uyushtirildi va Pompey sharqda 22 podsho ustidan g’alaba qildi, 12 mln. Kishini bo’ysundirdi, 1538 shahar va qal’alarni istilo qildi deb, e’lon qilindi.41 Pompeyning sharqiy yurishi Ellin sharq mamlakatlarini Misrdan tashqari Rimga bo’ysundirishni tugalladi. Pompey Rimga qaytgan paytda qarzlarni bekor qilish va davlat to’ntarishi amalga oshirish maqsadi bo’lgan qarzga botgan patritsiy Lutsiy Sergiy Katilina boshchilik qilgan harakatning fitnasi bostirildi. Etruriyada Katilina va uning uch ming kishilik tarafdorlari shafqatsiz jangda o’ldirildi. Katilina fitnasidan tez o’tmay Rimda siyosiy hokimiyat I triumviratni (eramizdan avvalgi 60-yil “Uch erkak ittifoqi”) tashkil etgan uch taniqli siyosiy arbob Pompey, Krass, Sezar qo’liga o’tdi.42 Yuliy Sezar (miloddan avvalgi 102 yoki 100-44) Rim diktatori (49,48,46,45,44 dan umrbod), sarkarda yozuvchi. Siyosiy faoliyatini demokratik guruh tarafdori sifatida boshlagan, harbiy tribun (73-yil), edil (65-yil), pretor (62-yil) lavozimlarida bo’lgan. Konsulikka intilib 60-yili Pompey va Krass bilan ittifoq tuzgan ( I triumvirat). Konsul (59-yil), so’ngra Galliya noibi; 58-51-yillarda butun Alp orti Galliyasini Rimga bo’ysundirgan. Krass vafotidan keyin 48-yilda armiyaga tayanib, yakka hokimlik uchun kurash boshlagan. Pompey va uning tarafdorlarini 49-45-yillarda tor-mor etib hokimiyat tepasiga chiqqan. O’z qo’lida respublikaning muhim lavozimlarini (konsul, diktator) jamlab amalda rasmiy monarx bo’lgan. Sezar “Galliya urushi haqida xotiralar”, “Grajdanlar urushi haqida xotiralar” asarlari muallifidir.43 Otasi Katta Gay Yuli Sezar, onasi Avriliya, rafiqalari: Karneliya, Pompeya, Kleopatra; farzandlari: Karneliyadan Yuliya ismli qizi, Kleopatradan Ptolomey ismli o’g’li bo’ladi. Uning harbiy yurishlari mobaynida Rim chegaralari Shimoliy Atlantika va G’arbiy Yevropaning siyosiy va madaniy qiyofasi o’zgargan.44 Sezar o’z naslini Rim xudosi Venera bilan bog’lagani, Rim hukmdoriga aylanib, shon-shuhrati yuksalgan davrda (miloddan avvalgi 54-yilda) o’ziga atab ulkan ibodatxona qurdirgani, o’zini davlatning bir umrlik diktatori deb e’lon qilgani ma’lum. Umri oxirlarida Misrning so’nggi fir’avni, tarixda “Iskandariya malikasi” deb nom olgan Kleopatraga uylanadi. Undan Sezarion ismli farzand ko’rgani, u bilan Rimda 2 yil yashagani va hatto mashuqasiga Venera ibodatxonasida oltin haykal o’rnatgani ham ma’lum. Tarixchilar Sezar avvalgi ayolidan farzand ko’rolmaganligi sababli yakka-yu yolg’iz o’g’lining onasi bo’lgan “Iskandariya malikasi” ni nikohiga olish uchun senatdan o’ziga ko’pxotinlik huquqi berilishini so’ragani haqida yozganlar. Kleopatraga bo’lgan muhabbati Sezarni suyuklisiga tegishli davlatni Rim viloyatiga aylantirishdan tiygan, bu ham yetmagandek, eng iqtidorli qo’mondonlaridan biri Mark Antoniyni qariyb yuz ming kishilik qo’shin bilan “Iskandariya malikasi” ning toj-u taxtini himoya qilishga yuborgan. Aksariyat tarixchilar Sezarga nisbatan suiqasd aynan ana shu sabablarga ko’ra uyushtirilgan, deb hisoblaydilar.45 Yuliy Sezar kalendar islohotini o’tkazgan (Yuliy kalendari). Bu kalendar islohoti miloddan avvalgi 46-yilda amalga oshirilgan. Yuli Sezar ungacha Misrda bo’lganida mahalliy calendar uni qiziqtirib qo’ygandi. Yangi calendar tuzishda Aleksandriyalik astronom Sozigen faol qatnashadi. Kalendar islohotchilari oldiga Misr “daydi kalendari” ni tuzatib, so’ngra uni qabul qilish vazifasi qo’yilgan. Sozigen tuzgan bu kalendar Yuli kalendari (Yuliy Sezar sharafiga) nomi bilan ataladi. Yulian kalendarida yilning birinchi oyi sifatida yanvar qabul qilinadi. Miloddan avvalgi 153-yildan boshlab Rim konsullari yanvardan o’z xizmat vazifasini boshlardi. Miloddan avvalgi 44-yilda senat Yuliy Sezarning xotirasiga Kvintilis oyi (Yuliy Sezar shu oyda tug’ilgan)ning nomini Yulius oyi deb o’zgartiradi.46 Epilipsiya (tutqanoq) kasalligi qadimdan mavjud bo’lib, u bilan kasallanganlarni ilohiy kasallik deb atalgan. Tutqanoq kasali bilan kasallanganlar qatoriga qadimiy Rim sarkardasi Gay Yuli Sezar ham qo’shilgan. Lekin Londonning imperiya kolleji ekspertlarining tekshiruvi natijasida afsonaviy diktator mikroinsult kasali bilan kasallangan. Mikroinsult miyadagi qon aylanishining buzilishi hisoblanadi. U bir necha soniyadan 24 soatgacha davom etadi. Tekshiruvchilar buyuk sarkardaga bu nuqson avloddan o’tib kelgan, otasidan va bobosidan o’tgan deb hisoblashadi. Chunki ular ham bu kasallikdan vafot etgani ma’lum. Olimlarning ta’kidlashicha, sarkardaga hech qanday jismoniy mashqlar kasallikdan qutulishi uchun yordam bera olmagan. Jismoniy mashqlar va parhez qilish bu kasallikdan qutulishga yordam bera olmagan. Britaniya tekshiruvchilarining fikricha, epilipsiya kasalligi Rimda ilohiy kasallik hisoblangan. Xususan, Oktavian Avgust ham Sezarning bu kasallikka chalinganini aytib o’tgan.47 Yuliy Sezar o’sgan uy Rimning baxtsizligi bilan mashhur bo’lgan Subur hududida edi.48 Bolaligida u uyda yunon tilini, adabiyotini, ritorikani, o’rgangan. Jismoniy mashqlar, suzish, ot minish bilan shug’ullangan.49 Yosh Sezarning o’qituvchilari orasida Sitseronning o’qituvchilaridan biri bo’lgan buyuk ritorik Gnifon ham mashhur.50 Miloddan avvalgi 69-yilda Yuliy Sezarning rafiqasi Korneliya va uning xolasi Yuliya deyarli bir vaqtda vafot etadi. Ularning dafn marosimida Gay o’z zamondoshlarining e’tiborini tortgan ikkita nutq so’zladi. Birinchidan vafot etgan ayollar xotirasiga ommaviy chiqishlar faqat miloddan avvalgi II asrning oxiridan boshlab amalga oshirilgan. Lekin ular odatda keksa matronlari esladilar, yosh ayollarni emas. Ikkinchidan xolasining sharafiga qilgan nutqida u Gay Marius bilan turmush qurishini esladi va odamlarga o’zining mumli bustini ko’rsatdi.51 Sezar miloddan avvalgi 49-yil oxirida Janubiy Illiriyada kemalardan tushib Appoloniya shahrini egallagan va uni o’zining tayanch bazasiga aylantirib, Dirraxiya yonida to’plangan Pompey armiyasiga qarshi hujum boshlagan. Eramizdan avvalgi 48-yilda urush harakatlari Dirraxiya yonida bo’lib o’tgan. Bu to’qnashuvlar may oyida tugaydi va unda Sezar legionlari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Italiyadan yordam kuchi kelishidan mahrum bo’lgan Sezar Dirraxiyadan chekinishga majbur bo’ladi. U och qolgan jangchilariga oziq-ovqat qidirib qo’shinni Fessaliyaga olib kelgan. Pompey uning ketidan quvib borgan. Eramizdan avvalgi 48-yil yozida bir-biriga dushman ikki armiya Farsal shahri yonida bir-biriga qarama-qarshi holatda joylashgan. Bu yerda o’sha yilning 6-iyunida hal qiluuvchi harbiy to’qnashuv bo’lgan. Pompey qo’shiniga yordamga katta kuch kelayotgan bo’lgan. Shuning uchun ham Sezar dushman armiyasini juda qisqa muddat ichida yakson qilshga uringan. Madad kuch kelishini kutmasdan jang boshlashga Pompeyni unatgan ba’zi yosh optimatlarning gerdayishi Sezarga yordam bergan. Jang xuddi Sezar kutganday bo’lib o’tgan. Ikki tomonning asosiy piyoda kuchlari to’qnashib bir-birini qirg’in qilayotgan paytda Pompeyning otliq qo’shini Sezarning otliq askarlarini siqib kela boshlagan. Sezarning rezervdagi otliqlari Pompey otliqlariga to’satdan qarshi hujum boshlab dushmanni qochishga majbur etganlar. Sezar legionlari chekinayotgan Pompey otliqlarini quvib borib, dushman asosiy kuchlarini yon tomonlariga va orqasiga o’tganlar hamda ularni qochib ketishga majbur qilganlar. Sarosimaga tushgan Pompey o’z lagerida berkinishga harakat qilgan, lekin Sezar legionlari unga ham bostirib kirganlar. Pompey qochishga majbur bo’lgan.52 Dushman armiyasi tarqab ketgan. Bir qismi asir tushgan. Sezarga taslim bo’lganlar ichida Sitseron boshliq ko’pgina Rim aristokratlari bo’lgan. Pompeyning o’zi esa, avval boshda Lesbos orolida berkingan, undan suriya orqali Parfiya davlatiga o’tib, parfiyaliklar bilan ittifoqda Sezarga qarshi yana kurash boshlamoqchi bo’lgan. Ammo Pompey armiyasining tor-mor qilinganligi haqidagi xabar qochib kelayotgan sarkardadan oldin bu yerga yetib kelgan. Pompey tayinlangan noiblarga qarshi g’azabi qaynab turgan. Pompeyning Sezarga qarshi urushda yordam ko’rsatish uchun Suriyani Parfiya podshosiga tortiq qilish haqidagi ovozalardan vahimaga tushgan Sharqiy O’rta dengiz sohilidagi ellinlashgan aholi va birinchi navbatda Suriya aholisi g’olib tomonga o’tishini e’lon qilgan, shuning uchun ham Pompey Misr qirg’og’oga yo’l olgan. Lekin Farsal yonidagi jang to’g’risidagi xabar bu yerga yetib kelgan. Sezarning e’tibor va iltifotiga sazovor bo’lish maqsadida Misr podshosi va uning maslahatchilari Pompeyga qirg’oqqa tushishni taklif qilganlar. Ammo kemadan tushishi bilanoq uni xoinona o’ldirishgan. Pompeyning halok bo’lishi bilan grajdanlar urushi tugamagan. Farsal yonidagi mag’lubiyatdan keyin omon-eson qolgan Sezar dushmanlari Shimoliy Afrika va Ispaniyaga to’plangan. Sezar O’rta dengiz mamlakatlarini qo’lga olgandan keyin, Misrdagi grajdanlar urushiga aralashgan, unda malika Kleopatrani qo’llab-quvvatlab uning raqiblarini tor-mor qilib, hokimiyatni Kleopatra qo’liga topshirgan. Shundan keyin Kichik Osiyoni qo’lga olishga uringan. Pont podshosi Farnakni tor-mor keltirgan. Afrika va Ispaniyadagi Sezar dushmanlarining muvaffaqiyatlaridan unga qarshi kayfiyatda bo’lgan bir qism nobillar va suvorilar jonlanib harakatga kelganlar. Shuning uchun ham Sezar Rimga qaytib kelganidan keyin plebs va uning yo’lboshchisi bo’lishi xalq tribuni Publiy Korneliy Dalabella bilan kelishib ish qilish yo’lini tutishga majbur bo’lgan. Ayni vaqtda Sezar legionerlarning to’xtatib qo’yilgan hamma maoshlarini to’lab, ular o’rtasidagi g’ulg’ulani tinchlantirgan.53 Bunga zarur mablag’ni qoplash uchun Sezar o’ldirilgan dushmanlarining, birinchi navbatda Pompeyning yer mulklarini musodara qilgan. Sezar bu yerlarning bir qismini sotib, bir qismini veteranlariga bo’lib bergan. Sezar Rim va Italiyada o’z tarafdorlarining ahvolini mustahkamlab, Afrikadagi viloyatda to’plangan dushman armiyasiga qarshi urushga jo’nagan. Sezar dushmanlari ancha kuch to’plashga muvaffaq bo’lganlar. Numidiylar podshosi Yuba ularga katta yordam ko’rsatgan. Sezar eramizdan avvalgi 46-yilda Paps shahri yonidagi dushman armiyasiga hujum qilgan va shiddatli jangdan so’ng, uni tor-mor keltirgan.54 Garchi Afrika urushi haqidagi eslatmalarda jangning rivojlanishi tez va g’alabaning tabiati so’zsiz deb tavsiflangan bo’lsa-da, Appian jangni juda qiyin deb ta’riflaydi. Bundan tashqari Plutarx Sezar epilipsiya tutilishi tufayli jangda qatnashmagan degan versiyani keltiradi.55 Mark Petrey va Yuba o’z joniga qasd qilishdi, ammo Tit Labien, Gney va Sekst Pompey Ispaniyaga qochib ketishdi va u yerda Sezarga qarshi yangi qarshilik markazini tashkil qilishdi.56 Papsdagi g’alaban keyin Sezar shimolga Utikaga ko’chib o’tdi. Shahar komendanti Katon shaharni ushlab turishga qaror qildi, ammo Utika aholisi Sezarga taslim bo’lishga moyil edi, va Katon qo’shinlarini tarqatib yubordi va hammaga shaharni tark etishga yordam berdi.57 Poytaxtga qaytgach, Sezar ketma-ket to’rtta zafarli yurishlarni o’tkizdi- Gallar, Misrliklar, Farnak va Yuba ustidan g’alaba qozonish uchun. Biroq rimliklar qisman Sezar o’z vatandoshlari ustidan qozonilgan g’alabalarni nishonlayotganini tushunishdi.58 Eramizdan avvalgi 49-45-yillardagi grajdanlar urushi Mund yonidagi jang bilan tamom bo’lgan. Sezar va uning tarafdorlari dushmanlarning qurolli kuchlarini yo’q qilib, butun Rim davlati va O’rta dengiz dunyosidagi hamda unga qaram quldorlik davlatlarining hokimi bo’lib qolganlar.Rimga qaytib kelgan Sezar abadiy diktator deb e’lon qilingan (eramizdan avvalgi 44-yil). Undan oldin (eramizdan avvalgi 48-yilda) Sezar xalq tribuni huquqini olgan. Eramizdan avvalgi 46-yilda esa senzor huquqiga ega bo’lgan. Oliy kohin lavozimini esa u eramizdan avvalgi 63-yildayoq egallagan. Shunday qilib respublikaning turli magistrlar huquqi uning qo’lida jamlangan, bu esa uning hokimiyatini chegarasiz qilib qo’ygan. Sezar o’z vakolatidan foydalanib senatni o’z tarafdorlari bilan to’ldirib senatorlar sonini 900 taga olib kelgan. Xalq majlisining hech qanday siyosiy ahamiyati qolmagan. Saylanib qo’yiladigan magistratlik vazifalariga nomzodlarni Sezar ko’rsatgan, majlis esa uning taklifi asosida itoat bilan ovoz bergan, xolos. Magistratlik vazifalarinng soni juda ko’paytirib yuborilganligidan ularning ko’pchiligining siyosiy ahamiyati nihoyatda pasayib ketgan. Rim davlatining respublika tuzumi birinchi navbatda o’ziga sodiq legionlarga tayanadigan harbiy diktatorning yakkayu-yagona boshqarishi bilan almashtirilgan. Sezar Rim nobillaridan bo’lgan dushmanlari ustidan g’alaba qilgandan keyin demagoglik siyosatini olib bormay qo’ygan. Aksincha, u optimatlarning siyosiy qarashlariga mos keladigan ba’zi tadbirlarni amalga oshira boshlagan. Davlatdan tekin don olish huquqiga ega bo’lgan Rim grajdanlarining soni keskin kamaytirilgan. (320 mingdan 150 mingga keltirilgan). Hunarmandlar kollegiyalarini tashkil etish yana ta’qiqlangan. Sezar optimatlar bilan yarashishga intilib, ba’zi dushmanlarini avf etib, ularning Rimga qaytib kelishiga ijozat bergan va turli magistrlik vazifalariga ko’targan. Lekin Sezarning bu tadbirlari natija bermagan. Sezarga va uning siyosatiga dushmanlik kayfiyatidagi nobillar juda ko’pchilikni tashkil etgan. Rim zodagonlari Sezarning Rim grajdanligi huquqlarini sahiylik bilan tarqatishidan ayniqsa norozi bo’lganlar. Sezarga qarshi qayta-qayta fitnalar uyushtirilgan. Eramizdan avvalgi 45-yilda Suriyada Sezarga qarshi qo’zg’olon ko’tarilgan.59 Pompeyning sobiq jangchilari Sezar qo’ygan noibni (prokonsulni) o’ldirganlar, Sezarga sodiq harbiy boshliqlar ularga qarshi chiqqandan keyin esa qo’zg’olonchilar parfiyaliklarni yordamga chaqirganlar. Sezar Parfiya podsholigini tor-mor keltirishga va shu bilan Krass armiyasinng halokati uchun o’ch olishga qaror qilgan. Sezar sharqqa katta yurish qilish uchun tayyorgarlik ko’ra boshlagan. Rimda oldindan uch yil muddatga magistrlar tayinlangan. Illiriyaning Apolloniya shahrida katta armiya to’plangan. Rimda Sezar podsho deb e’lon qilmoqchi emish, chunki payg’ambar kitoblarida (“Sivilla kitoblarida”) Parfiyani faqat podshogina yengar ekan, degan mish-mish gap tarqalgan. Sezar davlat markazini qadimgi Troya o’rnidagi Illion shahriga ko’chirmoqchi ekan deb ham gap tarqatishgan. Sezar xaloyiq oldiga doim g’oliblar kiyadigan qirmizi rang yopinchiq (toga) da chiqar ekan, senat unga faxrli oltin kursida o’tirishga ijozat bergan, nihoyat sirkda tomosha bo’lib turganida Sezarning eng yaqin do’sti Mark Antoniy uning boshiga podsholar kiyadigan toj kiydirmoqchi bo’lib, tomoshabinlar ommasining g’azabini qo’zg’agan. Nobillar o’rtasida yangi fitna paydo bo’lgan. Bu fitnaga Krassning sobiq kvestori Gay Kassiy Longin bilan Yuniy Brut boshchilik qilgan. Bu fitnada 60 tacha senator qatnashgan. Fitnachilarning maqsadi Sezarni o’ldirish va eski respublika tuzumini tiklash edi. Sezarga hujum qilib, uni o’ldirish plani mufassal o’ylanib tuzilgan bo’lsada, undan keying harakatlarda aniqlik bo’lmagan. Eramizdan avvalgi 44-yilning 15-marti ya’ni Yupiter bayrami kuni Sezarni ogohlantirishlariga qaramay, Sharqqa jo’nash oldidan senat majlisiga borgan. Shu majlisda u fitnachilar tomonidan o’ldirilgan.60 Plutarxning so’zlariga ko’ra, Sezar Brutni ko’rib jim qoladi va qarshilik ko’rsatishni to’xtatadi. Xuddi shu muallifning ta’kidlashicha, Sezarning jasadi tasodifan xonada turgan Pompey haykali yoniga tushib qolgan yoki uni fitnachilarning o’zlari ataylab olib kelishgan. Sezarning jasadida jami 23 ta jarohat topilgan.61 Eramizdan avvalgi 44-yilning 17-martida senat majlisi yig’ilgan. Fitnachilardan ba’zilari Yuliy Sezarni davlat dushmani deb e’lon qilishni, u chiqargan qarorlarning hammasini bekor qilishni, o’ldirilgan diktatorning jasadini qatl qilingan jinoyatchi sifatida Tibr daryosiga tashlashni taklif qilganlar. Ammo senatorlarning ko’pchiligi, shu jumladan ba’zi fitnachilar ham Sezardan olgan tortiqlar, mukofotlar, lavozimlardan mahrum bo’lishni istamay bu taklifga qo’shilmaganlar. Sitseronnig murosali taklifi qabul qilingan: Sezar o’lgan deb hisoblansin, fitnachilar to’la ravishda avf etilsin, o’ldirilgan diktatorning farmonlari va ko’rsatmalari o’z kuchida qoldirilsin, deb qaror qilingan. “Senatning bu qarori Yuliy Sezarning yaqin do’stlari bo’lmish Mark Antoniy va Emiliy Lepidni ruhlantirgan. Antoniy konsul lavozimini saqlab qolgan. Sezarning dafn marosimida u nutq so’zlab, marhum diktatorning vasiyatini o’qib bergan. Bu vasiyatga ko’ra, Rimdagi barcha eng kambag’al grajdanlar va veteranlarning har biri 3 ming dinariydan pul olgan. Sezarning jasadi forumda kuydirilgan va bir qancha vaqtdan keyin, shu joyga mehrob qo’yilib, u yerda ilohiy zot deb e’lon qilingan Sezarning donoligi sharafiga qurbon beriladigan bo’lgan.62 Siyosiy va harbiy hayotdagi doimiy faol ishtirokiga qaramay, sezar avtobiografik tajribalarni tasvirlaydigan, asosan tarixiy janrdagi bir nechta asarlar yozdi. “Galliya urushi haqida xotiralar” ning yettita kitobi xuddi shu nomdagi urush voqealari haqida batafsil hikoya qiladi. Ushbu asarning tuzilgan sanasi noma’lum, miloddan avvalgi 52-51-yillarda yozilgan degan taxminlar ham mavjud.63 Keyinchalik Sezar miloddan avvalgi 45-49-yillardagi fuqarolar urushining boshlanishi voqealarini tasvirlab bergan “Fuqarolar urushi haqida xotiralar” asarini yozgan (miloddan avvalgi 47-yillarda).64 “Galliya urushi haqida xotiralar” ning sakkizinchi kitobini Sezarning o’zi emas, balki uning vakili Avlus Xirtius yozgan. Bundan tashqari Iskandariya Afrika, Ispaniya urushlari haqidagi “Xotiralar” diktator atrofidagi odamlar tomonidan yozilgan bo’lib, fuqarolar urushi hikoyasini davom ettirgan. Bundan tashqari, qadimgi mualliflar Sezar tomonidan shaxsan yozilgan boshqa asarlarni bilishgan: Gerakl va Edip fojiasi haqidagi she’r, Galliya urushidagi analogiya haqidagi filologik traktat, miloddan avvalgi 46-45-yillarda Ispaniyaga yurish paytida yozilgan “Yo’l” she’ri, fuqarolar urushi davrining siyosiy risolasi “Antikaton” (Sitseronning panegirik “Katon” ga javobi) va yangi kalendarni ishlab chiqqan Sosigen bilan hamkorlikda yozilgan astronomik asar. Sezarning so’zlari, nutqlari va maktublari to’plamlari ham bor edi. Ba’zi asarlarning yo’q bo’lib ketishida Oktavian Avgustning qo’li bor. Sitseronning yozishmalarida faqat Sezar tomonidan yozilgan beshta qisqa xat saqlanib qolgan.65 “Fuqarolar urushi haqida xotiralar” da Sezar o’zini yanada qat’iy oqlaydi. U urushni boshlash uchun javobgarlikni senatorlar va Pompey zimmasiga yuklaydi. Dramatik effekt yaratish uchun Sezar barcha qadimgi tarixshunoslikka xos bo’lgan qahramonlarning nutqlaridan faol foydalanadi.66 “ Fuqarolar urushi haqida xotiralar” da Sezar ushbu to’qnashuvdagi raqiblari – Pompey va Labienning nutqlarini kiritgan. Sezar o’zining harbiy mahoratini ta’kidlab, qiyin vaziyatlarda o’z fikrini yozadi. Harbiy muvaffaqiyatsizliklar ko’pincha o’zgaruvchan baxt yoki bo’ysinuvchilarning xatolari bilan bog’liq, ammo barcha g’alabalar faqat Sezarning harbiy iste’dodining xizmati sifatida taqdim etiladi.67