Qadimgi yunon va Rumo axloqshunosligida Suqrot va Aflotun, Arastu va Epikur, Tit Lukretsiy Kar, Seneka va Epiktet ijodining o’rni



Download 13.67 Kb.
Sana21.01.2017
Hajmi13.67 Kb.

Aim.uz

Qadimgi YUnon va Rumo axloqshunosligida Suqrot va Aflotun, Arastu va Epikur, Tit Lukretsiy Kar, Seneka va Epiktet ijodining o’rni

Qadimgi Sharq axloqshunosligi erishgan yutuqlar shunchaki tarix bo`lib qolmadi. Ularni o`zlashtirish natijasida, Sharq bilan yaqin aloqa qilish uchun jug`rofiy qulayliklarga ega bo`lan Qadimgi Yunonistonning polislarida (shahar-davlatlarida) axloqshunoslik yangi bosqichga ko`tarildi. Keyinchalik Qadimgi Sharqda ilgari surilgan g`oyalar, qo`llangan tushunchalar, nazariy-amaliy tajriba bilvosita butun Ovrupo uchun ham ahamiyat kasb etdi. Chunonchi, mashhur afsonaviy donishmand Pifagor misrlik va eronlik allomalardan ta’lim oldi. U zardushtiylik dini haqida fikr yuritar ekan, Axura-Mazdani «Ularning xudosi Oramazdaning qalbi haqiqatdan, vujudi nurdan iborat», deb tariflaydi. Shuningdek Suqrot, Aflotun, Arastu singari Qadimgi Yunon allomalari ham Qadimgi Sharqdagi falsafiy-axloqiy ta'limotlardan keng foydalanganlar. Masalan, ruhning ko`chib o`tishi borasidagi Aflotun nazariyasining falsafiy va axloqiy asoslari Qadimgi Hindiston falsafasiga borib taqaladi.

Qadimgi Yunon axloqshunosligi haqida gap ketar ekan, asosan, to`rt buyuk faylasufning nomini tilga olish odat bo`lib qolgan; Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur. Lekin, aslida, ulargacha ham Qadimgi Yunonistonda axloqshunoslik borasida ancha-muncha ishlar qilingan. Chunonchi, Demokrit, Pifagor, Gippiy, Gorgiy singari sofistlar (donishmandlar) oqimiga mansub faylasuflarning qarashlari diqqatga sazovor. Misol tariqasida, Demokritning (taxminan miloddan avvalgi 450-370 yillar) qarashlarini olib ko`raylik. U donishmandlikni eng yuksak fazilat, aqlni esa axloqiy hatti-harakatning mezoni deb biladi va donishmandni axloqli, nodonni axloqsiz odam sifatida tariflaydi. Demokritning fikriga ko`ra, inson uchun hayotdagi birinchi ustoz ehtiyoj va tajribadir. Aynan shular insonni foydali va zararli narsalarni farqlash darajasiga olib keladi.

Demokrit Qadimgi Yunon faylasuflari ichida birinchi bo`lib insonning ichki dunyosiga murojaat qildi. U niyatni (hatti-harakat sababini) harakatdan ajratadi. Ayni paytda: «Nomusli va nomussiz odamni nafaqat qilmishi, balki niyati orqali ham bilib olsa bo`ladi», deydi mutafakkir. Demokrit hayo va ishonchni insonni qing`ir ishlardan qaytarib turuvchi kuch tarzida ta'riflaydi. Faqat ruhan zaif va gumroh odamlargina o`z muvaffaqiyatsizliklarini ma'budlar, taqdir va tasodifdan ko`radilar. Nodon va yomon odam lazzat, baxt hamda hayotning maqsadi haqida noto`g`ri tasavvurga ega bo`lgani uchun o`zini baxtsizlikka mubtalo qiladi.

Suqrot (miloddan avvalgi 470-399 yillar) qarashlariga kelsak u, Konfutsiyga o`xshab, axloq bilan huquqni bo`linmas yaxlitlikda olib qaraydi: «Nimaiki qonuniy bo`lsa, o`sha adolatdandir». Ikkala mutafakkir ham hukmronlikning yaxshi yoki yomon deb baholanishini fuqarolar tarbiyasi bilan bog`laydi, jasorat va beta`ma xizmat namunalarini o`z davlatlari o`tmishidan topadi.

Aflotun (miloddan avvalgi 427-347) axloqshunosligi uchun, aksincha, g`oyalar va ruh haqidagi ta'limotlar asos bo`lib xizmat qiladi. Aflotunning g`oyalar ta'limotiga ko`ra, bizga ko`rinib turgan, biz qilayotgan dunyo bor-yo`g`i soyalar uyini, haqiqiy dunyoni ko`rish uchun esa inson aqli ojizlik qiladi. Inson g`or devoriga kishanband qilib qo`yilgan tutqunga o`xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning noaniq soyalarini kuzatadi, haqiqiy borliq esa soyalar orqasida ko`rinmaydi. Uni inson ko`rmaydi, biroq o`sha asl borliqni ko`ra oladigan mangu - o`lmas ruh mavjud. U g`oyalar dunyosiga daxldor, lekin uning faqat aqliy qismigina ana shu dunyoga qaratilgan, ehtiros va hirsli qismi esa doimo gunohkor yerga tomon tortadi. Aflotun ruhning bu ikki xillik jihatini aravakash (aql) bilan ko`pirgan otlar (ehtiros va hirs) orasidagi kurash sifatida talqin etadi. Otlar baland kelganda ruh (qalb, jon) g`oyalar dunyosidan vujudga yiqiladi va inson tug`iladi. Insonning tug`ilishi shunday qilib, ruhning gunohga botishi barobarida voqe bo`ladi. Barcha bilimlar xotira natijasidir; ruh g`oyalar dunyosidan bilganlarining bazilarini eslaydi va vujuddagi hayotida biror-bir davlatga sazovor yangilikni o`ziga kasb etmaydi. Shunday qilib, Aflotunning fikricha, axloq, ilohiy asosga ega va axloqiy fazilat insonga azaldan berilgan.

Aflotundan so`ng ikki qadimgi yunon allomasi - Arastu (miloddan avvalgi 384-322 yillar) va Epikurning (milodan avvalgi 341-270 yillar) axloq nazariyalari divdatga sazovor. Aflotunning shogirdi Arastu birinchi bo`lib axloqshunoslikni ruhshunoslik bilan siyosatshunoslik oralig`idagi alohida falsafiy fan sifatida taqdim etdi va unga (keyinchalik Ovro`poda qabul qilingan) «Etika» degan nomni berdi.

Arastuning axloqiy qarashlari, asosan o`g`liga bag`ishlangan «Nikomaxning axloq kitobi» va «Evdemning axloq kitobi» hamda «Katta axloq kitobi» risolalarida o`z aksini topgan. Arastu Qadimgi Yunon mutafakkirlari ichida birinchi bo`lib ixtiyor erkinligini axloqning asosi sifatida olib qaraydi va axloqiy fazilatni Aflotunga qarama-qarshi ularoq, ruhning tug`ma xususiyati emas, balki kasb etiladigan (hosil qilinadigan) sifat ekanini aytadi. U barcha fazilatlarni ikkiga bo`ladi: birinchisi, ruhning donishmandlik tajribakorlik topqirlik singari ma'naviy soha bilan bog`liq aqliy qismiga oid fazilatlar va ikkinchisi, ruhning intiluvchan (ixtiyoriy) qismi - sof axloq bilan bog`liq fazilatlar. Uning fikricha, asosiy fazilat adolatdir. «Fazilat, - deydi Arastu, - ma'lum ma'noda o`rtalikdir, zero, doimo o`rtalikka intiladi». Masalan, mardlik telbavor jasorat bilan qo`rqoqlik orasidagi o`rtalik va hokazo. Shuningdek mutafakkir niyatga katta ahamiyat beradi va uni harakatning tamoyili, boshlanishi deb ataydi. Lekin u pirovard maqsad emas, niyatning tamoyili esa intilish va aql, shu sababli niyat aqldan, es – hushdan va odobdan tashqarida bo`lmaydi.

Epikur esa o`z qarashlarida falsafaning amaliy maqsadini, axloqiy mazmunini ta'kidlaydi: «Insonning biror bir iztirobiga davo topolmaydigan faylasufning so`zlari ma'nosizdir. Badandan kasallikni quva olmaydigan tabobatdan hech qanday foyda bo`lmagani kabi, ruhni (qalbni) davolay olmaydigan falsafadan ham foyda yo`q.

Epikurning fikriga ko`ra, insonda tanlov ixtiyori bor. U ham Demokrit kabi ezgulik haqidagi ta'limotni lazzat va iztirob muammosidan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi ruhiy xotirjamlik. Do`stlaridan biriga u shunday deb yozadi: «Zarrin tushagu to`kin dasturxoning bo`lib, behalovat yashagandan ko`ra, poxol tushakda xotirjam yotganing afzal!» Fazilatlar orasida Epikur adolat bilan donishmandlikka alohida e'tibor bilan qaraydi. Adolat tushunchasida mutloqlik va nisbiylik hollari mavjudligini ta'kidlab o`tadi: «Umuman, adolat hamma uchun bir xil, chunki u odamlararo munosabatlardagi foydali hodisa; lekin muayyan mamlakatlarning o`ziga xosligi nuqtai nazaridan va shunga o`xshash boshqa sharoitlarda adolat barcha uchun bir xilda bo`lolmay qoladi.» Fazilatlarning mohiyati insonni lazzatga olib borishdan, xotirjamlikka hamda ruhning faoliyatli holatiga xizmat qilishdan iboratdir. Vaqt esa axloqiy va jismoniy sog`lomlikdan yuzaga keladi.

Qadimgi Yunon axloqshunoslari ilmiy an'analarini Sitseron, Lukretsiy Kar, Seneka, Epiktet, Mark Avreliy, Sekst Empirik singari Qadimgi Rumo mutafakkirlari davom ettirdilar.

Tit Lukretsiy Kar (miloddan avvalgi 99-44 yillar), Epikur axloqiy ta'limotining izchil himoyachisi sifatida, mashhur «Narsalarning tabiati haqida» degan dostonida ruh va vujudning ajralmas aloqasini ta'kidlaydi, ruxning o`lishi to`g`risida fikr yuritadi, insonning o`lim qo`rquvidan xalos bo`lishida axloqiy ma'no borligini aytib o`tadi. O`lim qo`rquvidan va ma'budlar oldidagi qurquvdan xalos bo`lgan kishi baxtli yashashi mumkin, aql-idrok va his-tuyg`ular sharofati bilan narsalar haqida u haqiqiy tasavvurga erishadi.

Lutsiy Anney Seneka (miloddan avvalgi 5-milodiy 65 yillar) ham yozuvchi, ham axloqshunos faylasuf. Uning «G`azab haqida», «Shafqat haqida», «Baxtli hayot haqida» singari axloqshunoslikka doir risolalari ko`pchilikka ma'lum. Ayniqsa, «Lutsiliyga axloqiy maktublar» asari mashhur. Senekaning fikriga ko`ra, dunyo moddiy, biroq, unda «qandaydir jonli ibtido hukmron: uni aql-idrok deymizmi, tabiat, bashorat yoki taqdir deymizmi-ahamiyati yo`q. Muhimi shuki, uning yozig`i albatta amalga oshadi. Faylasuf fazilatlarning ma'nosini taqdirdan rozilikda, uning zarbalariga insoniy qadr-qimmatni yo`qotmay, mardona va chidam bilan dosh berishda ko`radi. U o`limni sovuq, tund, lekin ozodlikning kafolati sifatida talqin etadi. Ozodlikni o`z-o`zini o`ldirishda ko`rish, shubhasiz, u yashagan davrning g`oyatda fojialiligi bilan bogliq.

Yana bir Qadimgi Rumo axloqshunosi ozod qilingan qul Epiktetdir (50-138 yillar atrofida). Uning axloqiy qoidalari quyidagicha: taqdir muqarrar; aql-idrok axloqning yagona va ishonchli mezoni; tashqi dunyo ma'budlar irodasiga qatiyan bog`liq, ichki dunyo insonning hukmi ostida haqiqiy donishmandning erki shundaki, u o`ziga bog`liq bo`lgan narsalarni o`ziga bog`liq bo`lmagan narsalar bilan chalkashtirib yubormaydi; hayotning maqsadi va ma'nosi shaxsiy ichki erkinlikni anglash va uni qo`lga kiritish; unga eltadigan yo`l bitta - ma'budlar irodasiga so`zsiz itoatkorlik ehtiyojda mutadillik beparvolik sovuqqon aql bilan ish ko`rish.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa