I bob bo‘yicha xulosa
Tadqiqot ishimizning mazkur bobida virtual belgilarning faollashuvi, gap komponentlarining bir va ko‘p funksionalligi tabiatini o‘rganish jarayonida quyidagi xulosalarga kelindi:
Til sistemasining virtual belgilari, asosan, paradigmatik qator elementlari ekanligi aniqlandi hamda paradigmatik qator elementlari o‘rtasidagi munosabatlarni tafakkurimiz, ongimiz orqaligina his eta olishimiz, chunki ular aniq ifodaga ega emasligi o‘rganildi.
Til elementlarining faollashuvi uchun birdan-bir makon sintagmatik qator ekanligi belgilandi.
Til belgisi, paradigmatik va sintagmatik rejalarning qaysi birida o‘rganilishidan qat’i nazar, o‘zining ifodalovchi va ifodalanuvchi belgilariga ko‘ra ajralib turishi ta’kidlandi.
Til elementlarining konkret faollashuvi uchun nutq muhitining ham ahamiyati katta. Nutq muhiti bo‘lmas ekan, til elementlari mavhum va umumiyligicha qoladi.
Mavhum va umumiylik holatida bo‘lgan til elementlari paradigmatik rejani va aniq mazmun ifodasini beruvchi faol holatdagi nutq elementlari esa sintagmatik rejani asoslaydi, degan xulosaga kelamiz.
Paradigmatik qator og‘ushidagi til elementlarining mikrosintagmatik munosabatlari faol holatda bo‘lmaydi. Bu elementlarning haqiqiy faolligi faqatgina sintagmatik qatorda ta’minlanadi.
So‘zning o‘z funksiyasiga ko‘ra bir morfologik kategoriyadan ikkinchi morfologik kategoriyaga ko‘chirilishi faqat sintagmatik qator doirasidagina mumkin bo‘ladi.
Gap unsurlarining funksional sifatlarini o‘z-o‘zidan hosil bo‘lib qolmaydi. Boshqacha aytganda, ularga ma’lum bir funksiyaning berilishi uchun faqatgina til imkoniyatlarining o‘zi kamlik qiladi. Chunki nutq muhitining talablari bilan ham hisoblashishga to‘g‘ri keladi.
Nutq muhitida esa so‘zlovchi shaxs yetakchi omil sanaladi. Demak, til elementining nutqda funksiyasiga ko‘ra faollashuvi uchun so‘zlovchi shaxs asosiy vositalardan biridir, degan xulosaga kelamiz.
Gap unsurlaridan birining o‘ta faol va ikkinchisining nisbatan kamroq faol darajada qo‘llanilishi faqatgina nutq muhitining o‘ziga emas, balki so‘zlovchi shaxsning istak-xohishiga ham ma’lum darajada bog‘liq bo‘ladi.
Gap yoki jumla tarkibiga birorta element maqsadsiz kiritilmaydi, degan xulosaga kelamiz. Ana shu jarayonda gap tuzilishining barcha leksik- grammatik muammolari til elementlarining paradigmatik rejadan sintagmatik rejaga ko‘chirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan qonun-qoidalar doirasida o‘z ifodasini topadi.
Ayrim til elementlari o‘zlarining asliy morfologik shakllarida qo‘llanilsa, ayrimlari yasama shakllarga kiradi. Bularning hammasi gap unsurlariga funksional sifatlarni u yoki bu shaklda taqsimlash maqsadida yuz beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |