50-§. O`rtayer dengizida hukmronlik uchun kurash Rim armiyasi. Respublikani tashqi dushmanlardan himoya qilish zarur edi. Armiyada 17 yoshdan 46 yoshgacha bo`lgan erkak fuqarolar xizmat qila olar edi. 80 kishidan iborat bo`lgan jangchilar guruhi senturiylar deb yuritilgan. Bir necha senturiylar kogortani, 10 ta kogorta legionni tashkil etardi. Jangchilarning ko`pchiligi yaxshi ta'lim olgan askarlar bo`lib, ular uchun armiyada xizmat qilish bir umrlik ishga aylangan edi. Xizmat muddati 25 yil bo`lgan. Shuncha muddatdagi xizmati evaziga legioner uy-joy, durustgina oylik maosh olish va boshqa o`lkalarni ko`rish imkoniyatlariga ham ega bo`lar edi. Rimliklar o`ziga xos jang olib borish taktikasini ishlab chiqishgan: avvaliga shahar qurshab olinar, so`ngra esa katapulta degan qamal qurolidan foydalanib devorlarni teshishar va shaharga bostirib kirar edilar. Pishiq metall taxtachalardan tiklangan uzun qamal ko`tarma minoralari yordamida baland devorlardan oshib o`tardilar. Harbiy guruhlar imperiya hududi bo`ylab tezroq harakatlanishi uchun mamlakatda sozgina yo`llar tarmog`i barpo etilgan edi. Bu yo`llar bilan imperiyaning har qanday o`lkasiga yetib borsa bo`lar edi. Imperiya chegaralarida esa tosh qal'alar qurilgan edi. G`alabadan keyin Senat qaroriga ko`ra Rim qo`shinlari triumfni tantanali nishonlar edi. Qo`shinlar oldida to`rtta oq arg`umoq qo`shilgan aravada boshiga lavr gulchambari qadab olgan g`olib sarkarda borar edi. Sarkardaning izidan o`ljalarni olib borishardi. Kapitoliy tepaligida qo`lga kiritilgan g`alaba uchun minnatdorlik tariqasida xudolarga qurbonliklar bag`ishlanar edi. Puni urushlari.Rim davlatining hududi tinimsiz kengayib boraverdi. Mil. avv. III asr o`rtalariga kelib Rim sarkardalari mamlakatning Shimoliy qismidan tashqari butun Italiyani zabt etishga erishdilar. Tez orada ularning istilochilik rejalari chegaradosh hududlarga ham yoyila boshladi. Bu paytda Sitsiliyaorolining g`arbiy qismini bosqinchilik yo`li bilan o`z hududlarini kengaytirib borayotgan boshqa bir qudratli davlat - Karfagen quldorlari egallab olgan edilar. Aynan Sitsiliya masalasi Rim va Karfagen o`rtasidagi urushlar sababiga aylanib ketdi. Harbiy jihatdan Karfagenning katta va kuchli floti bo`lgani bois Rimga qaraganda ustun likka ega edi. Ammo Karfagen qo`shinlarining zaif tomoni unda yollanma askarlar xizmat qilishi edi. Yollanma askarlarning birdan bir maqsadi harbiy o`lja bo`lib, o`zlari uchun qulay bo`lgan istalgan paytda dushman tarafiga o`tib ketar edilar. Rimliklar Karfagen bilan uch marotaba urushdilar. Bu urushlar tarixga Puni urushlari nomi bilan kirgan, negaki rimliklar Karfagenni Puna deb atashardi. Birinchi urush da rimliklar g`alaba qozondilar, Sitsiliyani bosib olib, karfagenliklarni o`zlariga xiroj to`lashga majbur qildilar. Ikki yildan keyin rimliklar Korsika va Sardiniya orollarini bosib oldilar. Rim o`rtayer dengizi mintaqasida eng kuchli davlatga aylandi. Biroq Karfagen O`rtayer
dengizidagi orollar ustidagi urushda Rimning xavfli raqibi bo`lib qolaver di. Sitsiyaliyadagi yo`qotishlar uchun o`zlarini taqdirlash va qanoat lantirish uchun Karfagen quldorlari Ispaniyaning katta qismini bosib oldilar. Karfagen armiyasiga tajribali sarkarda Gannibalboshchilik qilardi. Ispaniyada yollanma qo`shinlarga qo`mondonlik qilganida Gannibal biror marta ham mag`lubiyatga uchramadi.Katapulta (manjanaq). Karfagenning vayron etilishi. G`arbiy o`rtayer dengizida yagona xo`jayinga aylanish uchun rimliklar Karfagen bilan janglarga tayyorgarlik ko`ra boshladilar. Rimliklar karfagenliklarga ikki tomondan zarba berishga qaror qilishdi. Bitta armiya Ispaniyada Gannibal armiyasini tor-mor etishi, boshqasi esa Karfagenni bosib olishi kerak edi. Biroq Gannibal barcha rejalarni chalkashtirib yubordi. O`tib bo`lmasdek tuyulgan tog`lardan oshgan Gannibal Italiya hududiga bostirib kirdi va miloddan avvalgi 216-yilda Kann yaqinidagi jangda rimliklar armiyasini tor-mor etib tashladi. Bu jangda 70 ming rimlik legioner halok bo`ldi. Mag`lubiyatdan keyin rimliklar hal qiluvchi janglardan o`zini tiya boshladi. Italiya aholisi Gannibalni qo`llab-quvvatlamadi, chunki Karfagan yollanma qo`shinlari mamlakatni talon-taroj qilib tashlagan edi. Urush 15 yilga yaqin davom etdi, rimlik sarkarda Ssipion kutilmaganda qo`shinlari bilan Afrika qirg`og`iga kelib tushganda Gannibal Karfagenni himoya qilishga oshiqdi, ammo mil. avv. 202-yilda uning lashkari rimliklar tomonidan tor-mor etildi. Mil. avv. 183-yilda uzoq surgunda yurganida, rimliklarga topshirish uchun qo`lga olishga urinishganida Gannibal zahar ichadi. Rim G`arbiy o`rtayer dengizida mutlaq hokimga aylanadi. Suriya va Makedoniyani bosib olgandan keyin rimliklar Karfagenni ham bosib olishga qaror qiladilar. Miloddanavvalgi II asr o`rtalarida uchinchi Puni urushi bo`ldi. Rimliklar Karfagenni qamal qildilar, ammo aholi uning himoyasiga qo`zg`aldi. Karfagen shahri aholisi ikki yil o`z shahrini mudofaa qildi, shaharda ochlik boshlandi. Rimlik legionerlar bir hamla bilan uylarni birma-bir bosib olishar, yo`lda uchragan narsani talashar va o`t qo`yishar edi. Karfagen o`n yetti kun o`t-olov girdobida qoldi. Xalq tajribalari va donishmandligini asrab kelgan xonadonlar va kutubxonalar kuli ko`kka sovurildi. Karfagen bunyod etilgan joy esa Senat qaroriga ko`ra qarg`ish tekkan maskan deb e'lon qilindi. Bu yerda uy-joy qurish va dehqonchilik bilan shug`ullanish taqiqlangan edi. Shunday qilib, mil. avv. 146-yilda Karfagen butunlay vayronaga aylantirildi. Rim qo`shinlari g`alaba sururi, talangan o`lja va minglab qullar bilan Italiyaga qaytib keldi. Puni urushlari O`rtayer dengizida hukmronlik uchun Rim bilan Karfagen o`rtasida sodir bo`lgan. Mil.avv. II asr o`rtalarida Karfagenning mag`lubiyati bilan tugadi. Rim tomonidan bosib olingan hududlar. Puniya urushlaridan keyin Italiya sarhadidan ancha uzoqda bo`lgan katta-katta hududlar ham Rim hokimiyati tasarrufiga o`tdi. Bosib olingan yerlarni rimliklar provinsiya deyishgan. Sitsiliya, Korsika, Sardiniya, Ispaniya, Yunoniston, Kichik va Old Osiyo, Misr va boshqa hududlar ana shular sirasiga kirar edi. Provinsiyalarni boshqarishga noyiblar - prokonsullar tayinlanar edi. Ular cheklanmagan hokimiyatga ega bo`lishgan. Prokonsullar odatda bir yilga saylanar va ular qo`l ostidagi mamlakatni ayovsiz talar edi. Provinsiyalar Rimga qarshi kurashga birlashmasliklari uchun rimliklar "Bo`lib tashlab, hukmronlik qil" tamoyiliga asoslanib ish ko`rishgan. Rimliklar ayrim shaharlarga boshqalari ularga hasad qilishi va ular bir-birlari bilan janjallashishi uchun atayin imtiyozlar berishar edi. Biroq provinsiyalarda qo`zg`olonlar doimo bo`lib turar, rimliklar ularda dushman qamalida qolgan shaharda yashagandek kun kechirar edilar.