53-§. Rim va Parfiya Parfiya davlati.Hozirgi Turkmaniston janubida, Eronning shimoli sharqida joylashgan mamlakat Parfiya deb atalgan. Mil. avv. VI asrda Parfiyani midiyaliklar bosib oladilar, keyin esa u Ahamoniylar saltanati tarkibiga kiradi. Mil. avv. IV asrda Parfiya Salavkiylar davlatining bir qismiga aylanadi. Viloyat shaharlarida yunon-makedonlarning garnizonlari joylashtiriladi. Miloddan avvalgi III asrning o`rtalarida Arshak boshchiligida parnlar ko`chmanchi qabilalari Parfiyani bosib oladilar. Salavkiylar noyibi Andragorning armiyasi tor-mor etiladi. Parnlar tomonidan Parfiyaning bosib olinishidan ana shu davlat tarixi ham boshlanadi. Parfiyaning dastlabki podsholari keng bosqinchilik siyosatini yuritdilar. Parfiyaliklar Eron va Mesopotamiyani bosib oldilar. Sharq tomonda esa parfiyaliklar dastlab Yunon-Baqtriya davlati va keyin esa Kushon davlati bilan raqobat qildilar. Rim bilan urushlar. G`arb tomonda Parfiya davlati sarhadlari kengayib borishi uzluksiz urushlarga bog`liq bo`lgan. Parfiya sarhadida, asosan Mesopotamiyada Salavkiylarning shaharlari ko`p edi. Mahalliy aholi bilan ittifoqda yunonlar parfiyaliklarga qarshi kurashadi va rimliklarni yordamga chaqiradi. Miloddan avvalgi 55-yilda Rim sarkardasi Krass parfiyaliklar bosib olgan yerlarni Rim imperiyasiga qo`shib olish uchun Sharqqa yurish qildi. Krassning 7 legion va 4 ming nafar suvoriydan iborat kuchli armiyasi bo`lgan. Krass armiyasi Dajla daryosiga yetib keladi, daryo sohili bo`ylab quyiga qarab yurish qiladi. Yo`l jazirama sahro orqali o`tgan edi. Dushman jangga kirmas, o`zini chekinayotgandek ko`rsatar edi. Biroq Karra shahridan uncha uzoq bo`lmagan joyda parfiyaliklar rimliklar ustiga quyundek yopirildilar. Ayniqsa, parfiyaliklarning otliqlari yaxshi jang qilar edi. o`zini har doim chekinayotgandek qilib ko`rsatsada, otliq qo`shin rimliklar ustiga o`q yomg`irlarini yog`dirar edi. Rimliklarning og`ir qurollangan otliq qo`shinlari esa beso`naqay edi. Jang chinakam qirg`inga aylanib ketdi. Rim armiyasining 40 ming jangchilaridan atigi 10 ming nafari tirik qolgan edi. Krassning o`zi esa parfiyaliklar sardori Surena bilan muzokaralar paytida xoinlarcha o`ldiriladi. Shunday qilib, Parfiya Rimning Sharqqa yurishlari yo`lini to`sdi. Qadimgi tarixchi Pompey Trog shunday yozadi: "Go`yo butun dunyoni rimliklar va o`zlari orasida taqsimlab olgandek hozirgi kunda parfiyaliklar Sharq ustida hukm surmoqdalar". Parfiyaliklar va rimliklar tag`in ancha vaqt urushdilar. Mil. avv. 36-yilda Rim sarkardasi Antoniy Parfiya podsholigi ustiga muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. Antoniy chekinishga majbur bo`ladi, Rim armiyasi esa og`ir talafotlarga uchraydi. Imperator Avgust zamonida Parfiya bilan tinchlik sulhi tuziladi. Faqat imperator Trayan zamonida milodiy II asrda Rimning Parfiya bilan urushlari ancha muvaffaqiyatli bo`ldi. Milodiy 226-yilda Parfiyani Eron shohi Ardasher bosib oldi. Milodiy 226-yilda Parfiyani Eron shohi Ardasher bosib oldi. Parfiya madaniyati. Parfiya davlatida o`ziga xos yuksak madaniyat taraqqiy etgan edi. Marv, Niso, Ktesifon shaharlari xarobalari qazib o`rganilganida ibodatxonalar va saroylar, turli-tuman hunarmandchilik buyumlari - sopol idishlar, qurol-yarog`lar, zeb-ziynatlar topilgan. Tasviriy san'at - rassomlik va haykaltaroshlik yuksak darajaga erishgan. Parfiya podsholari o`z tangalarini zarb etishgan. Parfiya yozuvi ham keng tarqalgan edi. Parfiyaliklar qo`shni xalqlar - xorazmiylar, so`g`diylar, baqtriyaliklar va hindlar bilan uzviy madaniy va iqtisodiy munosabatlarni yo`lga qo`yishgan edi.