51-§. Qullar va gladiatorlar
Rimda quldorlik. Zafarli yurishlar natijasida Rimda qullar soni ko`payib ketdi. Misrda ham, Yunonistonda ham, qullarning soni Rimdagichalik ko`p emasdi. Bosib olingan mamlakatlar talon-taroj etilishini rimliklar oldindan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq amalga oshirishgan: shahar bosib olinganidan keyin birovlari aholini talardi, boshqalari esa talovchilarni va talab tortib olingan narsalarni qo`riqlab turar edi. Erkin rimliklar tasavvuricha, qul butunlay quldorning ixtiyorida bo`lgan bir buyumdek edi. Qullarning qadri bo`lmagan, negaki ular judayam arzon turardi. Bosib olingan mamlakatlardagi urushlar va qarzdorlik sababli qullik tufayli Rimda qullar shu qadar ko`p bo`lganki, rimliklar har doim ham ulardan xo`jalik ishlarida to`g`ri foydalanishni bilmay boshlari qotib qolar edi. Badavlat rimliklarning bo`sh vaqti ko`p bo`lgan, chunki hamma ishlarni qullar bajarar edi. Kolonlar va "kulbali qullar". Rim davlatidagi qullarda mehnatdan manfaatdorlik hissi mutlaqo bo`lmagan. Savalash va qattiqqo`l muomala bilan ularni durust ishlashga, xo`jalik mollari va mehnat mahsulotlarini asrashga undashning ham iloji yo`q edi. Milodiy I-II asrlarda qullar mehnati quldorlar uchun foydali emasligi ma'lum bo`ldi. Ko`plab quldorlar qullarni yer ijarachilariga aylantira boshlashadi. Qullar qo`zg`olonidan qo`rqqan, hosildorlikni oshirishga intilgan zamindorlar o`z yerlarini kichik-kichik mulklarga bo`lib tashladilar, erkin kambag`allarga ijaraga tarqatib bera boshladilar. Ana shu yerlarda ijarachilar dehqonchilik bilan shug`ullandilar. Ular yerga qancha yaxshi ishlov bersalar, hosilning shuncha ko`p ulushi o`zlariga nasib etardi. Mayda yer ijarachilari kolonlar deb atalgan. Yerdan foydalanganlik uchun ular yer egasiga o`zlari yetishtirgan mahsulotlar bilan to`lov berishardi. Bora-bora mutlaq qaram qullarning soni kamaydi. Ayrim yer egalari xo`jaliklarni yuritish uchun qullarga kichik yerlarni mustaqil yuritishga mehnat qurollari, urug`lik va oilasi bilan birga yashashga ruxsat berishardi. Bunday qullar "kulbali qullar", ya'ni uy-joyli qullar deb nomlangan. Ular ham yerdan foydalanganlik uchun haq to`lashardi, ammo o`zlarining taqdiri xo`jayinlarning qo`lida bo`lgan. Qullar va kolonlar Rim imperiyasining eng mazlum aholisi bo`lib qolaverishdi, ular birgalikda quldorlarga qarshi kurash boshladilar. Gladiatorlar janglari. Rimliklarning sevimli tomoshalaridan biri gladiatorlar jangi bo`lgan. Aksariyat gladiatorlar qullar yoki jinoyatchilar bo`lishgan. Ularga maxsus yopiq maktablarda ta'lim berishar, so`ngra bir-birlari bilan olishishga, tomoshabinlar ko`nglini xushlashga majbur qilishar edi. Har bir gladiatorning hayot-mamoti tomoshabinlar xohish-istagiga bog`liq edi. Har bir jang so`ngida tomoshabinlar yengilgan gladiator tirik qolish-qolmasligini hal qilishardi. Agar tomoshabinlarning ko`pchiligi o`ng qo`lining bosh barmog`ini yuqoriga ko`tarsa - yengilgan gladiator tirik qolgan, aksincha, pastga qaratishsa - uni tomoshabinlar ko`z o`ngida o`ldirib tashlashardi. Janglar ulkan tosh stadionlar yoki amfiteatrlarda bo`lib o`tardi. 50 ming tomoshabin sig`adigan Kolizey eng katta amfiteatr bo`lgan. Ba'zida gladiatorlar katta-katta guruhlarda jang qilishgan, shunda sahna jang maydoniga o`xshab qolar edi: yodgorlik. o`ldirilgan, yaralangan va jon berayotgan gladiatorlar hammayoqda ag`anab sochilib yotardi. Yanada qiziqarliroq bo`lishi uchun gladiatorlar janglari kuchi teng raqiblar o`rtasida o`tkazilgan. Birovida faqat qilich va qalqon bo`lsa, boshqasida to`r va changak (uch ayrili nayza) bo`lgan. To`r va changak bilan qurollangan gladiator o`zini hech narsa bilan himoya qila olmasa ham, u raqibini to`r bilan o`rab tashlashi va changak bilan o`ldirishi mumkin edi. Gladiatorlarning yovvoyi arslonlar, qoplonlar, darg`azab ho`kizlar bilan janglari ham o`tkazilgan. Spartak qo`zg`oloni. Mazlum qullar o`z zolim ezuvchilaridan nafratlanar, turli yo`llar bilan ularga ziyon-zahmat yetkazishga intilar edi. Rimlik quldorlar behudaga: "Qullar qancha bo`lsa, dushmanlar shunchadir", deyishmagan. Spartak boshchiligidagi qullar qo`zg`oloni qadimgi dunyoda eng ommaviy va uyushgan qo`zg`olonlardan biri bo`lgan. Rim armiyasidagi a'lo xizmatlari uchun Kapya shahridagi gladiatorlik maktabiga sotib yuborilgan frakiyalik qul Spartak mil. avv. 74-yilda boshlangan qo`zg`olonga rahbarlik qildi. U qullarni qo`zg`olon ko`tarishga tayyorladi. Ammo kimdir bu haqda rimliklarga xabar yetkazadi. Shunda Spartak va uning 200 ga yaqin tarafdorlari qorovullarga hujum qiladilar va turmadan qochib chiqib ketadilar. Shaharda yashirinish imkoniyati bo`lmagani sababli ular Vezuviy tog`idagi qoyalarga chiqib oladilar. Asta-sekin egasidan qochgan boshqa qullar ularga kelib qo`shila boshladi, qo`zg`olon ko`targanlar safi kengaydi. Ko`p o`tmay ular 10 ming kishiga yetdi. Qo`zg`olon ko`targan qullarni tor-mor etishga jo`natilgan uch ming askarlik qo`shin Vezuviy tog`lari yaqinida harbiy lager tikladi. Qamal boshlandi. Ammo Spartak kutilmagan va dadil rejani amalga oshirdi. Qullar uzum novdalaridan narvon to`qib, ko`rinmaydigan tarafdan cho`qqidan pastga tushib oldilar. Rimliklar guruhining orqasidan zarba bergan Spartak ularni tor-mor etdi. Qo`zg`olon ko`targanlar orasida ixtilof paydo bo`ldi. Ko`pgina qullar mamlakatdan chiqib ketmaslikka, Rimni tor-mor etishga va quldorlardan qasos olishga ahd qilishdi. Spartakka qarshi tajribali sarkarda Mark Krass boshchiligida ko`p ming sonli qo`shin jo`natildi. Miloddan avvalgi 71-yilning bahorida ro`y bergan hal qiluvchi jangda Spartak lashkari tor-mor etildi, uning o`zi esa ana shu jangda halok bo`ldi. Bir necha ming asirlar xochlarga mixlab osib o`ldirib tashlandi. Qo`zg`olon ko`targanlarning alohida to`dalari esa tag`in 10 yil kurashni davom ettirdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |