47-§. Italiya va uning aholisi
Hududi va tabiiy sharoiti. Apennin yarimorolida iqlim iliq bo`lib, yil bo`yi yomg`ir kam yog`ar edi. Yarimorolni to`liq egallagan Italiya mamlakatida qurg`oqchilik ham, qattiq sovuq ham bo`lmasdi. Yegulik mahsulotlar mo`l-ko`lligi va tuproq unumdorligi tufayli ko`p asrlar davomida Qadimgi Italiya aholisining asosiy mashg`uloti dehqonchilik va chorvachilik bo`lgan. Tog`lar mamlakat o`lkalarini bir-biridan ajratmas, shuning uchun ham Italiyada joylashgan turli-tuman qabilalar birga yashashar edi. "Italiya" so`zining o`zi esa yunonchadan "buzoqchalar o`lkasi" tarzida tarjima qilinadi. Koloniya qurgan yunonlar bu mamlakatda sigirlarni o`tlatish uchun ajoyib o`tloqlarni birinchi bo`lib topgan edilar. Apennin yarimorolining eng yirik oqar suv manbayi Po daryosidir. Yarimorolning barcha qabilalari italiklar deb nomlangan. Ular orasida lotinlar, samniylar va sabiniylar ko`pchilikni tashkil etgan. Kelib chiqishi borasida ular yunonlarga yaqin qarindosh bo`lishgan. Italiyaning g`arbiy qismida Kichik Osiyodan bu mamlakatga ko`chib kelgan etrusklar yashagan. Ularning asosiy mashg`uloti dehqonchilik bo`lgan. Mil. avv. VIII asrga kelib etrusklar Italiyada 12 ta shahar-davlat tuzishadi. Mil. avv. VII asrda Sharq mamlakatlari bilan erkin savdo-sotiq qilish uchun yunon koloniyalari bilan kurash boshladilar. Karfagen mamlakati ham ularga qo`shildi. Avvaliga karfagenlar va etrusklar g`alaba qozonishdi, ammo ko`p o`tmay yunon qo`shinlari ularni quruqlik va dengizda tor-mor qildi. Shunday qilib, Italiya hududida mavjud bo`lgan etrusk sivilizatsiyasi zavolga yuz tutdi, ammo uning ko`plab yutuqlariga Rim aholisi munosib voris bo`ldi. Rimga asos solinishi. Rim shahri Tibr daryosi bo`yidagi shinamgina dehqonchilik manzilgohlaridan boshlangan. Tibr bo`ylab joylashgan kichik manzilgohlar birlashib, katta shaharga aylandi. Rim yettita tepalikda joylashgan. Tibr toshgan kezlarda tepaliklar o`rtasidagi vodiy odam o`tolmaydigan botqoqlikka aylanib qolar edi. Shahar joylashishi harbiy nuqtayi nazardan juda ham qulay bo`lgan. Daryo va botqoqlik lotinlarni qo`shni qabilalar hujum laridan himoya qilar edi. Rivoyatga qaraganda, miloddan avvalgi 753-yilda Rim shahriga aka-uka Romul va Rem tomonidan asos solingan. Dunyoga kelganlaridan so`ngra chaqaloqlarni Tibr daryosi bo`yida o`lsin deb tashlab ketishadi. Daryo bo`yida ularni Ona bo`ri topib oladi, bir cho`pon kelib olib ketmaguncha aka-ukalarni emizadi va boqadi. Voyaga yetganlarida esa Tibr bo`yida shahar barpo etishga ahd qilishadi. Aka-ukalar janjal lashib qolib, Romul o`z inisini o`ldirib qo`yadi, shaharga esa o`z nomini beradi. Bugun ham, afsonada aytilganidek, egizaklarni emizgan Ona bo`ri Rimning timsoli hisoblanadi. Miloddan avvalgi VI asrda Rim aholisi ko`p shaharga aylanadi. Kapitoliy tepali gida esa dushmanlardan himoyalanish uchun qal'a bunyod etiladi. Qadimgi Rimda boshqaruv. Ilgari rimliklar o`z hukmdorlarini saylashardi. Hukmdorlar ham harbiy boshliq, ham sudya, ham kohin bo`lishgan. Miloddan avvalgi 509-yilga qadar shu taxlit davom etdi, laqabi "Mag`rur" bo`lgan Tarkviniy degan kishi saylab qo`yilgan hukmdorni o`ldirib hokimiyatni egallab oldi. Darg`azab bo`lgan aholi qo`zg`olon ko`tarib, Tarkviniyni shahardan haydab yubordi. Shahar ahli butun hokimiyat bir kishi qo`lida jamla nishiga yo`l qo`ymaydigan boshqaruv shakliga o`tishga qaror qilishdi. Podsho hokimiyatining ag`darilishi Rim respublikasi asosini yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |