(Abdulla Avloniy asarlari misolida)
Tojiboyeva Mushtariy
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 1-kurs talabasi
Ilmiy rahbar f.f.f.d F.H.Yuldashev
O‘zbek tilidagi leksik kategoriyalarning ichki uzvlarini aniqlashtirish orqali ularning leksik imkoniyatlari ochiladi. O‘rganilayotgan leksik kategoriyaning imkoniyatlari kengayadi. Xususan, “ma’naviyat” leksik kategoriyasining mazmun mohiyati anashu imkoniyat orqali yuzaga chiqadi. Xususan, ma’naviyat leksik kategoriyasining “Axloq” ma’noviy guruhi o‘z ichida ichki kategoriyaga bo‘linadi. Shu kategoriyaning “tarbiya” guruhi keng qamrovli tushuncha hisoblanadi.
Tarbiya – shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon. Insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo‘lgan xususiyatga ega bo‘lishini ta’minlash yo‘lida ko‘riladigan chora-tadbirlar yig‘indisi.18 Tarbiya nafaqat biron-bir oila, balki yer kurrasidagi har bir mamlakatning taraqqiy etishi, unda istiqomat qiluvchi xalqlarning rohat va farog‘atda yashashida muhim omil sanalishi hech shubhasizdir. Insonning insoniyligini ta’minlaydigan eng qadimgi va shu bilan birga abadiy qadriyatdir. Tarbiyadan holi bo‘lgan holda alohida shaxs ham, kishilik jamiyati ham mavjud bo‘la olishini tasavvur etish biroz mushkul. Negaki, inson va jamiyatning mavjudligini ta’minlaydigan qadriyatlar tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga o‘tadi.
Yoshlar tarbiyasi, ularni ilmga chanqoq va har tomonlama mukammal qilib voyaga yetkazishga intilish hamma zamonlarda ham insoniyatning oldiga qo‘ygan muhim vazifasi hisoblangan. O‘z davrining yetuk mutafakkirlari hisoblangan buyuk ajdodlarimiz yaratgan nodir asarlarda tarbiya bosh mavzu bo‘lib kelgan. Ularning durdona asarlari o‘sib kelayotgan yosh avlodni salbiy illatlardan asrab,axloqan pok, ma’nan yetuk inson bo‘lib yetishishlariga undagan. Asrlar davomida sevib mutolaa qilib kelinayotgan “Pandnoma”, “Qobusnoma”, “Odob as-solihin”, “Guliston”, “Bo‘ston”, “Turkiy guliston yohud axloq” va hokazo asarlar shular jumlasidandir. Yuqoridagi asarlar bilan yaqindan tanishar ekanmiz, tarbiya tushunchasinig keng va tor ma’nolarda ifodalanishining guvohi bo‘lamiz.
“Keng ma’noda tarbiya inson shaxsini shakllantirishga, jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy hayotida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan barcha ta’sirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yig‘indisini anglatadi. Bunday tushunishda tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi g‘oyalari, adabiyot, san’at, kino, radio va boshqalarni ham oladi. Shuningdek, keng ma’nodagi tarbiya tushunchasi ichiga ta’lim va ma’lumot olish ham kiradi. Tor ma’nodagi tarbiya shaxsning jismoniy rivoji, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy qiyofasi, estetik didi o‘stirilishiga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi”.19
Bundan tashqari “tarbiya” tushunchasini bir necha semantik guruhlarga ajratish mumkin. Ular quyidagilar:
Axloqiy tarbiya
Mehnat tarbiyasi
Jismoniy tarbiya
Estetik tarbiya
Ekologik tarbiya
Huquqiy tarbiya
Fikr tarbiyasi
Badan tarbiyasi
Yuqoridagi guruhlar o‘z ichiga ma’noviy munosabati asosida o‘ziga tegishli leksemalar bilan kengayadi. Xususan, “Axloqiy tarbiya” guruhini shakllanishiga quydagi leksemalar asos bo‘ladi. Xulq, odob, aql, iymon, ishonch, adolat, ezgulik, kamtarlik, diyonat, saxiylik, farosatli, rostgo‘ylik, axloqlilik, xolislik, insoniylik, insofli, nomusli, odamiy, odamiylik, oriyatli, oriyatchan, orlanmoq, orli, xijolatli, e’tiqodli, shukronalik, saxiylik, oqillik, fidokorlik, g‘amxo‘rlik, haqgo‘y. Ushbu leksemalar tarbiya ma’noviy guruhiga bevosita va bilvosita a’loqador bo‘lib ular “ma’naviyat” leksik kategoriyasining kengayishiga va uning lingvistik bazasini shakllantirishga hissa qo‘shadi.
“Tarbiya” ma’noviy guruhi keng qamrovli va serqirra bo‘lib uning “Mehnat tarbiyasi” semantik guruhiga quyidagi leksemalar kiradi.
Vijdonan ishlamoq, ixlos bilan kirishmoq, adolat bilan yondashmoq, sadoqatli bo‘lmoq, halol ishlamoq, saxiy hamkor, shaffof boshqarmoq, insofli boshliq, elparvar rahbar, imonli, oriyatchan, oriyatchi, oqibatli, saxovatpeshalik, soflik, halollik, hurmatlamoq, insofli, vijdonli, insoflilik, adolatli, rostgo‘ylik, vatanparvar, vafoli, mehribonlik.
Ushbu tizimli tahlil orqali “ma’naviyat” leksik kategoriyasining mazmun mohiyati ochilib, kengayib boradi. Natijada ma’naviyatga oid leksemalarning o‘quv lug‘ati shakllanadi va undagi leksemalar mazmuni o‘quvchilarga tushunarli qilib yoritilib boradi. Zero lug‘atlarimizdagi ma’naviyatga oid leksemalar ma’nosi Yoshi kattalar uchun mo‘ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |