Xarajatlarni hisobga olishning birinchi yo‘nalishi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, mahsulot zaxiralari qiymatini baholash uchun yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘z faoliyatini odatda foyda olish maqsadida yo‘lga qo‘yadilar. O’z - o‘zidan ma’lumki, olinadigan foydani ko‘zlab xarajat qilinadi. Foyda o‘zi nima? Foyda olingan daromadlardan ularni olish uchun qilingan xarajatlarni to‘liq qoplagandan so‘ng yuzaga keladigan summadir. Foydani aniqlash uchun esa olingan daromadlardan xarajatlar ayiriladi. Foyda olish yoki olinadigan foyda summasini ko‘raytirish uchun mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishni maqsadga muvofiq ravishda tashkil etish, yangi texnikani joriy qilish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish, asosiy va aylanma mablag‘ lardan unumli foydalanish, unumsiz xarajatlarni qisqartirish, ishlab chiqarishni boshqarishni takomillashtirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish kerak.
Sanab o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro tajriba ko‘rsatishicha kompaniyalarning boshqaruv tizimini tegishli axborotlar bilan ta’minlash talab etiladi. Boshqacha qilib aytganda, boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun kompaniyaning xarajatlari haqidagi axborot juda muhim ekan.
Iqtisodiy islohotlar sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bozorning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda o‘zining faoliyatini rejalashtirishi va zarur qarorlarni qabul qilishi lozim. Ushbu sharoitdan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar “Mahsulot (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish va uni sotish xarajatlarining tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da ko‘rsatilgan xarajatlarning elementlariga asoslanadilar.
Xarajatlarni tasniflanishini quyidagi jadvalda yaqqol ko‘ rishimiz mumkin.