26. Mevachilik va uzumchilik rayonlari. Bu rayonlarda xilma-xil ekinlar va chorvachilik tarmoqlarining bo‘lishi foydalaniladigan hududning ko‘p jihatdan bir xil emasligiga bog‘liqdir. Relyefi, yon-bag‘irlar ekspozitsiyasi, tuproq hosil qiluvchi jinslariga ko‘ra urug‘li, danakli, yong‘oq mevali o‘simliklarning ayrim turlari va navlari uchun, uzumning turli navlari uchun qulay bo‘lgan yerlar bilan bir qatorda boshqa o‘simliklar uchun yoki chorva mollari boqish uchun qulay bo‘lgan erlar ham uchraydi. Mevachilik va uzumchilikda maydon birligida hisoblaganda juda ko‘p mehnat va katta mablag‘lar sarf qilinadi. Shuning uchun bunday sohalar rivojlangan joylarda qishloq aholisi odatda zich joylashgan. Bu esa shunga olib keladiki, mehnatni ko‘p talab qiladigan intensiv ekinlar, masalan, tamaki, sabzavot o‘simliklari qo‘shimcha tarmoqlarga aylanadi.
Sertepa va tog‘li hududlar relefi bog‘dorchilik va uzumchilikda ba’zi bir ijobiy xususiyatlarga ega. Bunday yerlarda ekinlar qora sovuqdan ko‘p zarar ko‘rmaydi. Xoxlagan yonbag‘irda ekin eksa bo‘ladi. Tuproqning namlik sharoiti ham qulay. Tog‘oldilaridagi qiya tekisliklarda erlarni sug‘orib dehqonchilik qilinadi, tog‘lardan oqib tushadigan daryolardan foydalaniladi.
Bu rayonlarda relyef past-baland bo‘lganidan ekinzorlar maydoni ko‘p emas: intensiv ekinlar kattagina o‘rin tutadi. Zakarpate (Karpatorti), Moldaviya, Qrimda, Kavkazning shimoliy yonbag‘ridagi g‘arbiy rayonlarda, Zakavkazeda (Kavkazortida) tamakining qimmatli navlari yetishtiriladi.
Bog‘dorchilik-uzumchilik xo‘jaligi rayonlarida chorvachilikning yem-xashak bazasi cheklangan, biroq tog‘larning o‘zlashtirilgan yerlarga yaqin bo‘lgan balandroq yonbag‘irlari yoki Shimoliy Zakavkaze va Dog‘istondagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil joylar kattagina yaylov hisoblanadi. Bu yerda mollarni yaylovlarda haydab boqish chorvachilikning negizidir. Qoramolchilik, qo‘ychilik, ayrim rayonlar uchun ipakchilik chorvachilikning muhim tarmoqlaridir.
27. Ko‘p yillik subtropik ekinlar rayonlari. Kavkazning Qora dengiz sohili, Kaspiy dengizi sohilida esa Talish tizmasining tog‘ oldilari sovuqqa chidamsiz ko‘p yillik o‘simliklar etishtiriladigan rayonlardir. Musbat temperaturalarning ko‘p bo‘lishi va uzoq davom etadigan vegetatsiya davri davomida yog‘in-sochinning mo‘l bo‘lishi ayni vaqtning o‘zida qurg‘oqchilikka chidamsiz issiqsevar va namsevar o‘simliklar etishtirishga imkon beradi. Vegetatsiya davrida o‘rtacha sutkalik temperatura yig‘indisi 4000° dan yuqori, sovuq bo‘lmaydigan davr 240-250 kun. Hududning kichik bir qismida, xususan, tog‘ yonbag‘irlari o‘rmonlar bilan qoplangan baland erlarda dehqonchilik qilinadi. Endilikda ko‘p yillik issiqsevar o‘simliklar bir yillik ekinlar kabi salmoqqa ega. Ularning iqtisodiy ahamiyati esa ancha yuqori.
O‘simlikchilik tarmoqlari orasida choy etishtirish birinchi o‘rinda turadi. Choy plantatsiyalari tog‘ yonbag‘irlarini dengiz sathidan 700-800 m balandlikkacha ishg‘ol qilgan va tekisliklarda katta-katta massivlarni egallagan. Choy sitrus o‘simliklarga nisbatan sovuqqa chidamliroq bo‘ladi. Subtropik ekinlar orasida sitrus ekinlar maydoniga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turadi. Choydan farqli o‘laroq, bu ekinlar karbonatli tuproqlarda yaxshi o‘sadi, lekin bu o‘simliklarga iqlim sharoiti, birinchi galda qishki sovuqlar kuchliroq ta’sir etadi. Sitrus ekinlar dengizga yaqin joylarda tarqalgan. Shu bilan birgalikda qishki sovuq kam bo‘ladigan aksari tik yonbag‘irlarda ham o‘stiriladi.
Tung daraxti sovuqqa bardoshliligi jihatidan choy o‘simligidan keyin, lekin sitrus o‘simliklaridan oldinda turadi, ammo bu daraxt u qadar ko‘p mehnat talab qilmaydi. Bir yillik o‘simliklar orasida tamaki ayniqsa ahamiyatlidir. Bu o‘simlik tuproq tanlaydi. Efir moyli o‘simliklar (asosan yorongul) rayonning hamma joyida emas, balki tekislik qismida tarqlagan.
Keyingi paytlarda shimoliy hududlarga jo‘natish uchun ertapishar sabzavotlar yetishtirishning ahamiyati ortib bormoqda. Asosiy don ekini makkajo‘xori ko‘pchilik xo‘jaliklarning deyarli birdan-bir don ekinidir. Bu hududda tabiiy yem-xashak kam. Lekin xo‘jaliklarning bir qismi podalarini yozda tog‘ yaylovlarida boqadi.
28. Paxtachilik rayonlari. Sug‘oriladigan yerlarda paxtachilik asosan issiqlik rejimiga bog‘liq. O‘rtacha sutkalik temperaturalar yig‘indisi vegetatsiya davrida 3800° va undan ortiq, sovuq bo‘lmaydigan davr esa 180 kundan kam bo‘lmasligi kerak. O‘tmishda paxtachilik geografiyasi bulardan tashqari suv manbalariga ham bog‘liq bo‘lgan. Qorlardan to‘yinadigan mavsumiy daryolar bahorda va yoz boshlarida sersuv bo‘lsa ham, issiq oylarga kelib sayozlashib qolgan. Bu esa paxtachilik uchun zaruriy sharoit hozirlamagan. Tog‘ daryolarining suvlarini tartibga solish va irrigatsiya sistemalarini yiriklashtirish sohasidagi tadbirlar paxtachilik xo‘jaligining maydonini kengaytirdi. Ariq-zovurlar bilan yaxshi ta’minlangan yerlarda paxtaning ulushi ekin maydonining 65-70% ini tashkil etadi. Paxta bilan asosan em-xashak ekinlari-beda, makkajo‘xori va silos uchun jo‘xori ekiladi. Paxtachilik vohalarida xo‘jalikning ba’zi bir boshqa tovar tarmoqlari ham rivojlanmoqdaki, bunday tarmoqlar katta maydonlarni ishg‘ol qilmagani holda paxtachilik bilan birgalikda olib boriladi, bular ipakchilik, mevachilik va uzumchilikdir.
Sug‘oriladigan yerlar ba’zi bir joylarda katta yaxlit massivlarni egallagan, boshqa joylarda esa sug‘orilmaydigan yerlar bilan yonma-yon joylashgan. Yaqin o‘tmishda paxtachilik rayonlarida birgina xo‘jalik sug‘oriladigan yerlarni va bunday yerlar yaqinidagi tog‘ oldi bahorikor maydonlarni (bunday yerlarda asosan don ekinlari ekilgan), shuningdek tog‘ oldilaridagi, tog‘ yonbag‘irlaridagi yoki tekisliklardagi yaylovlarni ham o‘z ichiga olgan. Ixtisoslashishning kuchayishi bilan tarmoqlar bir xil bo‘lgan xo‘jaliklar tarkib topa boshladi. Yaylovlar asosida chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etildi. Bunday xo‘jaliklarga qo‘shimcha yem-xashak ishlab chiqarish uchun bahorikor yoki obikor yerlar ajratib berildi.
29. Sholikorlik rayonlari. Sholikorlik xo‘jaliklari ishlab chiqarishning alohida tipi sifatida Krasnodar o‘lkasida, Kuban daryosi etagidagi sug‘oriladigan yerlarda, Sirdaryoning quyi va o‘rta oqimidagi sug‘orish sistemalarida, Qizilo‘rda va CHimkent (Janubiy Qozog‘iston) oblastlarida vujudga keldi. Ili daryosining bo‘yidagi erlarga sholi ekilmoqda. ySholi bilan asosan yem-xashak ekinlari almashlab ekiladi. Sholikorlik ko‘pchilik hollarda ixtisoslashgan xo‘jalikdir. Go‘sht, sut chorvachiligi chorvachilikning asosiy tarmog‘idir.
Do'stlaringiz bilan baham: |