33, 33a. Uzoq Sharqning dehqonchilik-chorvachilik rayonlari. Tog‘ relyefi xo‘jalikning dehqonchilik tipi taraqqiyotini cheklab qo‘yadi, biroq musson ta’sirida iqlim sharoitining o‘ziga xosligi, vegetatsiya davrining uzoq davom etishi va namgarchilikning etarli bo‘lishi Uzoq Sharq janubi qismi qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi. Bu yerlarda ancha issiqsevar ekinlar yetishtirish mumkin. Bahorning quruq kelishi va yozda yog‘in-sochinning keragidan ortiqcha bo‘lishi asosiy g‘alla ekinlari bo‘lgan bahori bug‘doydan, suli, arpadan, shuningdek soyadan yuqori hosil olish uchun qulaylik yaratmaydi. Qishning sovuq va kamqor bo‘lishi kuzgi ekinlar yetishtirishga imkon bermaydi.
Uzoq Sharqning eng muhim dehqonchilik rayonlarida ekin maydonlarining o‘ziga xos strukturasi tarkib topgan. Chopiq qilinmaydigan don ekinlarining ulushi ancha kichik (Zeya-Bureya tekisligida bunday g‘alla ekinlari 40-50 % ga etadi, boshqa joylarda esa barcha ekinlarning atigi 1/3 qismini tashkil qiladi), chopiq qilinadigan ekinlar (shaharlarga yaqin rayonlarda soya, kartoshka) va yem-xashak ekinlarining salmog‘i anchagina. Sholikorliklar maydoni katta emas. Soya bo‘yicha bu rayon Sobiq Ittifoqdagi eng muhim rayon hisoblanadi. Issiqlik kam bo‘ladigan dehqonchilik hududlari don va em-xashak ekinlari bilan band va bu yerda sut-go‘sht chorvachiligi rivojlangan. Sabzavotchilik, kartoshkachilikning ahamiyati katta.
4-BO‘LIM. TRANSPORTNING TIZIMINING O‘ZIGA XOS JIHATLARI
4.1. Transport tarmoqlari
Transport (lotincha transporto-tashiyman)-xalq xo‘jaligining yuk va passajir tashiydigan tarmog‘i hisoblanadi. Xalq xo‘jaligini transportsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Transport moddiy ishlab chiqarishning 3-tarmog‘i hisoblanadi, u barcha tarmoqlarning rivojlanishida yetakchi asosiy o‘rin tutadi. Transportning ahamiyatini quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin:
-sanoat bilan qishloq xo‘jalik orasidagi aloqalarda;
-qayta ishlovchi bilan undiruvchi sanoat orasidagi munosabatda;
-ishlab chiqarish bilan xom-ashyo orasidagi bog‘lanishda;
-ishlab chiqarish bilan iste’molchi orasidagi aloqada;
-jahon mamlakatlari bilan turli regionlar orasidagi mahsulot va xom-ashyo almashinuvida;
-jahonda xalqaro tashqi savdo bilan ichki savdoni tashkil etishda;
-yangi hududlarni o‘zlashtirishda;
-geografik mehnat taqsimotini shakllanishida.
Yangi hududlarni o‘zlashtirishda, mineral resurslardan to‘liq foydalanishda (ayniqsa, foydali qazilmalardan, o‘rmon, yer resurslaridan) albatta transport yo‘llari o‘tkaziladi (Masalan, Transamazoniya, BAM-Baykal Amur Magistrali, Angren-Pop). Transport xalq xo‘jaligiga xizmat qilish bilan birga ko‘p miqdorda elektr energiya, yoqilg‘i, metall, yog‘och, qurilish materiallari, sanoat mahsulotlari va malakali mehnat resurslarini talab etadi.
Barcha yo‘llar (temir yo‘l, avtomobil yo‘l, suv, havo, quvur, elektron), transport korxonalari va transport vositalari birgalikda jahon transport tizimini tashkil etadi. Jahon transport tizimida taxminan 100 mln. dan ortiq kishi band va butun transport yo‘llarining umumiy uzunligi taxminan 32 mln. km dan oshadi. Har yili jahon transportining barcha turlarida 100 mlrd.t.dan ortiq yuk va 1 trln.ga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bu yuk va yo‘lovchilarni tashishda 200 000 lokomativ va millionlab vagonlar, 500 mln.ga yaqin avtomobillar, 80 000 kema, 10 000 dan ortiq samolyotlar qatnashadi.
FTI transportning ayrim turlari o‘rtasidagi “mehnat taqsimotida” katta o‘zgarishlarga olib keldi. Masalan, dengiz transportini neft va neft mahsulotlarini tashishi (ilgari odam tashigan). FTI-transport yo‘llari va turlarini yuk ko‘tarish va o‘tkazish imkoniyatlarini oshirdi. Butunlay yangi transport vositalarini yuzaga keltirdi. Yuk sig‘dirish, tashish imkoniyatlari va harakat tezligini oshirdi.
Bular ayniqsa, temir yo‘llarning elektrlashtirilishida, magnit maydon ustida yuruvchi tezyurar poezdlarda (Yaponiyada soatiga 550 km tezlikda yuruvchi poezd sinovdan o‘tdi) elektromobillar, gaz balonli va dizelli dvigatelli texnikalarga qiziqish oshganligida kuchli sezilmoqda. Har xil transportni rivojlantirishga yuklarni konteynerlarda tashish, transportdagi mehnat unumdorligini 8-10 marta oshirib yubordi.
Dunyodagi yuk va yo‘lovchi tashish geografik jihatdan juda notekis taqsimlangan. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar transporti, texnika darajasining yuqoriligi va transport tarmoqlarining o‘zaro yuksak aloqadorligi bilan ajralib turadi. Jahon transport tarmoqlari va jahondagi yuk va yo‘lovchi tashishning 75-80 % shu mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Rivojlangan mamlakatlarning transport tarmoqlari bilan ta’minlanganlik darajasi, ularning zichligi, aholining transportdan foydalanish darajasi ham eng yuqori. Rivojlanayotgan mamlakatlarning ko‘pchiligida transport qishloq xo‘jaligi kabi iqtisodiyotning qoloq tarmog‘i edi va hozir bularda ham rivojlanish kuzatilmoqda.
Transport tizimining shakllanmaganligi ularning rivojlanishiga, tabiiy resurslarning o‘zlashtirilishiga, xalqaro savdo va iqtisodiy rayonlarning shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, mazkur mamlakatlarda 1 yoki 2 xil transportning ustun turishi xarakterli. Masalan, Hindiston, Pokiston, Braziliya, Argentinada temir yo‘l, Yaqin va O‘rta Sharqda quvur transporti, Tropik Afrikada daryo transporti.
Lekin temir yo‘lda eski paravozlarni, daryolarda eski kemalarni saqlanib qolganligi taraqqiyotga kuchli ta’sir qiladi. Ko‘p mamlakatlarda yuk tashishda ot, tuya, eshak, fil, lama, buyvollardan foydalaniladi. Jahon transport tizimining hududiy (regional) qismlari: MDH, Shimoliy Amerika, Xorijiy Yevropa, Yaponiya, Lotin Amerikasi, Janubiy Osiyo. Transportning ish haqi uning yuk oborotiga qarab belgilanadi. Yuk oboroti tonna-kilometr hisobida o‘lchanadi. Yuk oboroti ma’lum vaqtda ma’lum masofaga tashilgan yuk miqdoridir.
Transportning boshqa ishlab chiqaruvchi sohalardan farqi shundaki, u yangi mahsulot yaratmaydi, balki ishlab chiqarilgan moddiy boylikni iste’molga etkazadi. Transport yordamida sohalar, soha ichidagi tarmoqlar, tarmoq ichidagi korxonalar bir-biri bilan bog‘lanib, ishlab chiqarish jarayoni maromida borishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Transport ishlab chiqarish bilan iste’mol o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi. Ish kuchi, mehnat qurollari va mehnat buyumlarini bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib, jami iste’mol mahsuloti ko‘lamiga ta’sir ko‘rsatadi.
Transport vositalari yordamida moddiy boyliklar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi natijasida iste’molgacha yaqinlashadi, iste’mol qiymatining tashkil topishi tezlashadi. Transport vositalarining o‘ziga xos xususiyatlari ulardan moddiy boylik ishlab chiqarishning hamma sohalarida keng ko‘lamda foydalanish zaruratini keltirib chiqaradi. Transport vositalaridan foydalanish mahsulot ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilish uchun sarflanadigan vaqtni qisqartiradi, mehnat unumdorligini oshiradi, mahsulot tannarxini kamaytiradi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida va sog‘lom raqobat muhitida, avtotransport korxonalari o‘z mijozlari, ya’ni yuk egalari yuklarni o‘z vaqtida, sifatli tashilganligi va albatta, tashishlar va boshqa ishlar hamda xizmatlarga belgilangan narxlardan qoniqishlarini ta’minlashga intilishlari lozim.
Xo‘jalik yuritishning ma’muriy-buyruqbozlik sharoitida avtotransport xizmatlari uchun narx-navo (tarif) lar davlat tomonidan markazlashtirilgan holda belgilangan va har bir avtotransport korxonasi uchun yagona hisoblangan. Oqibatda ko‘pchilik korxonalar zarar bilan ishlaganlar. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan avtotransport korxonalarining narx-navo (tarif) larni belgilash tizimiga o‘zgartirishlar kiritish taqozo etilmoqda. Hozirgi kunda har bir korxona o‘zining narx-navo (tarif) siyosatini ishlab chiqadi, chunki tariflar doimo nazorat ostida bo‘lishi, tahlil qilinishi kerak. Zero avtotransport korxonasi tomonidan shunday narx-navo siyosati qo‘llanilishi lozimki, u mijozlarni ham qoniqtirishi, shu bilan birga, korxona foyda bilan ishlashini ham ta’minlashi lozim.
Firmalar konsepsiyasi nazariyasida narx-navo shakllanishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu konsepsiyaning asosiy ma’nosi korxona faoliyat ko‘rsatishi va eng yuqori foyda olishga intilishidan iboratdir. Binobarin, har bir korxonada mahsulot bahosini aniqlashga qaratilgan ma’lum ishlar amalga oshirilishi lozim.
Yuk tashuvchi avtokorxonalarda ushbu ishlar, ya’ni yuk tashish, boshqa ishlar va xizmatlarga tariflarni belgilash mutaxassis-menejerlar tomonidan amalga oshirilishi lozim. Narx-navo (tarif) lar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilishdan oldin menejerlar kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari zarur. Menejerlarni etarli, haqiqiy va dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash avtotransport korxonasida boshqaruv hisobi qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi bilan belgilanadi.
Transport vositalaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi:
-bir tonna kilometr yuk tannarxi ko‘rsatkichi qilingan xarajatlarni tashilgan tonna. kilometrga bo‘lish yo‘li bilan;
-transport vositlarining soatlik yoki smenalik ish unumi ko‘rsatkichi tashilgan tonna kilometr yukning sarflangan vaqtga nisbati bilan;
-mashinaning ishda bo‘lish koeffitsienti ko‘rsatkichi ishda bo‘lgan mashina-kunlari sonini mashinaning xo‘jalikda bo‘lgan mashina kunlari soniga bo‘lish bilan aniqlanadi;
-mashinaning yuk ko‘tarish koeffitsienti ko‘rsatkich umumiy tashilgan yukning yuk bilan bosilgan yo‘lga nisbati bilan aniqlanadi.
Bunda avtomobilning texnik jihatdan tayorgarlik koeffitsienti, mashinalarni ishga chiqarish koeffitsienti, o‘rtacha ishda bo‘lgan vaqti, sutkalik o‘rtacha yurgan yo‘li, o‘rtacha texnik tezligi, yukni o‘rtacha tashish masofasi, yuk tashish mavsumiylik koeffitsienti kabi ko‘rsatkichlardan ham foydalaniladi. Transport vositalaridan unumli foydalanish va ularning xarajatlarini kamaytirish avtomashina va uni boshqaruvchilarning mehnat unumdorligini oshirish, moylash va yoqilg‘i materiallarini tejab-tergash, joriy ta’mir va joriy qarovlar uchun qilinadigan xarajatlarni tejashga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |