Gidroenergiya-sanoat sikli-yoppasiga tarqalgan va arzon energiya manbai bo‘lmish kuchli gidravlik qurilmalari bor erlarda, avvalo, gidroenergetika resurslari rayon hosil qiluvchi rol o‘ynaydigan Sibir, Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonda shakllanmoqda. Uning tarkibiga alohida-alohida yoki birgalikda elektrometallurgiya (alyuminiy, magniy, titan va boshqalar), elektroximiya (karbid kalsiy, sianamid, kalsiy, fosfor, xlor va boshqalar) va elektrotermiya (abrazivlar, alyumotsement, silumin va boshqalar), ya’ni texnologiya jarayonlariga elektr energiyasi chuqur kirib borgan ishlab chiqarishlar kiradi.
Mashinasozlik sikli-industrial rivojlangan rayonlar uchun xarakterlidir. Bu rayonlar yuksak texnika madaniyatiga, malakali kadrlarga va qulay transport-geografik o‘ringa ega bo‘lgan rayonlar kiradi. Mashinasozlik sikli avtomobilsozlik, asbobsozlik, stanoksozlik, elektrotexnika va radiotexnika, elektronika hamda asosan chetdan keltiriladigan metalldan qimmatbaho mahsulot ishlab chiqaruvchi boshqa xil tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Bu siklning texnologik jarayoni ikki bosqichdan: mexanik ishlov berish bilan yig‘ishdan; mashinasozlik bilan yaqin aloqada bo‘lgan boshqa tarmoqlarning, jumladan, plastmassalar, shinalar, rezina-texnika buyumlari va boshqa xil buyumlar ishlab chiqaruvchi ximiya sanoati korxonalarining mavjudligidan iborat.
To‘qimachilik sanoati sikli-mahsulot iste’mol qilinadigan rayonlarda, masalan, MDH hududlarida rivojlangan bo‘lib, bu joylarda to‘qimachilik sikli tarixan (transport-geografik o‘rnining qulayligi, mehnat resurslari hamda iste’molchilarning mavjudligi va hokazolar) xom ashyo manbalari yaqinida-Markaziy Osiyo bilan Zakavkazeda tarkib topgan. To‘qimachilik sikliga tolali xom ashyoga dastlabki ishlov berish (xom ashyo resurslari bor rayonlarda), ip yigirish, gazlamalar to‘qish va ularni pardozlash, trikotaj hamda tikuvchilik buyumlari kiradi. Bu sikl hududiy jihatdan ayniqsa ilgaridan industrial rivojlangan rayonlarda mashinasozlik bilan bog‘liqdir.
Gidromeliorativ industrial-agrar sikl-industrial-agrar siklning o‘ziga xos bir ko‘rinishidan iborat bo‘lib, uning o‘ziga xosligi Markaziy Osiyo va boshqa obikor rayonlarning xususiyatlari bilan bog‘liq. Bu sikl qo‘shimcha ravishda gidrotexnika inshootlari uchun qurilish materiallari ishlab chiqarishni ham qamrab oladi. Uning xarakterli tomonlaridan biri-gidroenergiya-sanoat sikllari bilan o‘zaro uzviy aloqada ekanligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |