Pardozlash ishlari
Ishning maqsadi: pardozlash ishlarini o’rganish va pardozlash dastgohlarining asosiy qismlari bilan tanishish va ishlash prinsipini o’rganish.
Umumiy ma`lumotlar.
Jilvirlash dastgohlari va ularda bajariladigan ishlar.
Mashina-mexanizmlarning detallarida yuqori klassdagi yuzalar hosil qilish va shundan oldingi ishlov berishda qoldirilgan kichiqroq notekisliklarni—taroqchalarni kesib olish uchun ishlov berish usuli pardozlash deb ataladi.
Ishlov berishning pardozlash usullari aniq shaklli detal hosil qilishga, yuzalar tozaligini 7dan 14 —sinfga etkazishga, 1 va 2 aniqlik klassidagi o`lchamlar hosil qilishga imkon beradi. Pardozlab ishlov berishning: pritirlash, xoninglash, superfinishlash va jilolash kabi usullari keng qo`llaniladi.
Pritirlash (yoki dovodkalash) shundan iboratki, bunda pritir va mayda donali erkin abraziv yordamida suyuq moy muhitida tayyorlanmaning ishlov beriladigan yuzasidan metall zarrachalari qirib olinadi. Pritirlar quyidagi materiallardan: kul rang cho`yan, rangdor metall va ularning qotishmalari, plastik massalarva boshqa materiallardan tayyorlanadi.
Pritirlash uchun ishlatiladigan abraziv materiallar: tabiiy korund, elektrokorund, donadorligi 5—16 MK bo`lgan kremniy karbid, GOI pastasi (76 % xrom oksid, 22 % stearin, 2 % kerosin), olmos kukuni, bor karbidining kukuni. Pritirlash (dovodkalash) uchun abraziv donalari o`lchamini tanlash detallarning ishlov beriladigan yuzalaridagi g`adir-budurligi va aniqligiga nisbatan quyiladigan talablarga bog`liq bo`ladi. Pritirlash yo`li bilan tsilindrik, yassi va boshqa yuzalarga ishlov beriladi. Pritirlash yuzaga oldindan botirilgan abrazivli pritir yordamida, suyuq moy muhitidagi erkin abraziv yordamida pritir bilan biriktirilgan juft detallarning ishlov beriladigan yuza orasida kichikroq bosim hosil qilib, bir-biriga ishqalash yo`li bilan amalga oshirilishi mumkin; bu holda ikki detalning bir-biri bilan uriladigan yuzlari orasiga abraziv kukun surtilib, ular o`zaro ishqalanadi (masalan, klapan osti konuslarining pritirlanishi) va kerakli yuzalar tozaligi hosil qilinadi.
Xoninglash usulidan ochiq va berk tsilindrik va konussimon teshiklarni donadorlik nomerlari 4—6 bo`lgan standartli qayroq toshlar yordamida pardozlanadi. Amalda xoninglash usulidan aylanish jismlarining tashqi tsilindrik va konussimon yuzalariga, masalan, tirsakli valning bo`yinchalariga, shuningdek, tekis va shakldor yuzalarga pardoz berishda foydalaniladi. Xoninglashda xon deb ataladigan maxsus asbob korpusiga abraziv brusoklar joylanadi. Ishlov beriladigan yuzalarga qarab, brusoklar xoninglash kallagining sirtqi yoki ichki yuzalariga o`rnatiladi va mahkamlanadi. Brusoklar soni odatda, uch karrali qilib olinadi. Xoninglashda elektrokorund brusoklari (po`latga ishlov berishda) va kremniy-karbid brusoklari (cho`yanga va rangdor metallarning qotishmalariga ishlov berishda) ishlatiladi. Xoninglash brusoklari metall bog`lovchili, mayda olmoslardan ham tayyorlanadi. Olmos brusoklarning turg`unligi abraziv brusoklarnikiga qaraganda 100—120 baravar yuqori bo`ladi va ular yuqori unumli ishlov berilgan yuzaning aniqligi va tozaligini ta`minlaydi.
Xoninglash jarayonida xon ishlov berilayotgan tayyorlanma o`qi bo`ylab bir vaqtning o`zida ham aylanma harakat, ham ilgarilanma-qaytar harakat qiladi. Xon 45—65 m/min tezlik bilan aylanadi, ilgarilanma-qaytar xarakat tezligi 10—20 m/min bo`ladi. Xoninglash uchun qoldiriladigan quyim, ishlov beriladigan materialga qarab qalinligi 0,01—0,08 mm bo`ladi.
Xoninglangan yuzaning tozaligi 12, hatto 13— sinfga, aniqligi esa 1 va 2- klassga to`g`ri keladi. Xoninglash vaqtida sovitish suyuqligi ko`p (50 l/min gacha) berib turiladi. Sovutish suyuqligi sifatida 80—90 % kerosin va 20—10 % mashina moyidan iborat aralashma ishlatiladi.
Superfinishlash (nafis dovodkalash) — ishlov beriladigan detalda juda toza yuza hosil qilish uchun maxsus golovka yordamida nozik abraziv dovodkalashning bir turidir. Nozik dovodkalash uchun oq elektro-korunddan, yashil kremniy-karbiddan, keramika yoki bakelit bog`lovchi asosida tayyorlangan abraziv brusoklar ishlatiladi. Brusoklarning donadorligi standartga ko`ra, 3—5 MK bo`ladi. Nozik dovodkalash usulida toblangan po`lat, toblanmagan po`lat, cho`yan, rangdor metallar va ularning qotishmalaridan tayyorlangan detallarning doirasimon, yassi, konussimon (ko`pincha sirtqi); yuzalariga ishlov berishda foydalaniladi. Tayyorlanma superfinishlanishdan oldin jilvirlanishi kerak. Superfinishlashning mohiyati shundan iboratki, bunda abraziv brusoklar aylanayotgan tayyorlanma yuzasi yoki golovka bo`ylab, minutiga 5—15 m tezlik bilan ilgarilanma-qaytar harakatda, shu bilan birga, chastotasi minutiga 200 dan 2000 qo`sh yurish va amplitudasi 1—6 mm bo`lgan tebranma harakatda bo`ladi, brusoklarning siljish tezligi 0,1—1,1 m/min bo`ladi.
Nafis dovodkalashda ishlov berilayotgan yuza ozgina kuch bilan siqiladi, buning natijasida tayyorlanma qizimaydi va tayyorlanmaning yuza qatlami juda oz darajada deformatsiyalanadi.
Detalning ishlov berilgan yuzasi pardozlangandan keyin tozaligi 14- sinfgacha to`g`ri keladigan kuzgudek yaltiroq yoki xiraroq shaklda bo`ladi, ya`ni nafis dovodkalashda tayyorlanmaning yuzasi tozalangan va silliqlangan bo`ladi. Moylash-sovitish suyuqligi sifatida 5—10 % mashina moyi aralashtirilgan kerosin ishlatiladi.
Jilolash dastgohlari. Jilolash dastgohlari ham sanoat korxonalarida turli jarayonlarni bajarish uchun ishlatiladi, jilolash dastgohlari detallar o`lchamlarining aniqligiga rioya qilmay, chiroyli, yaltiroq yuza hosil qilish zarur bo`lgan hollarda; detallarni pardozlash, shuningdek, xromlangan, nikellangan va boshqa materiallar bilan qoplangan yuzalarni yaltiratish uchun ishlatiladi.
Jilolashda – har xil ip, gazlama, namat, fetra va jun (kigiz) qoplangan yumshoq doiralardan foydalaniladi. Jilovlovchi material doira sirtiga jilolash pastasi (vena ohagi yoki xrom oksidi aralash pastalar, shuningdek, GOI pastalar) tarzida surtiladi. Jilolashda jilo beruvchi doiraning tezligi 35 m/s ga etadi.
Detallarni abraziv zarralari aralashtirilgan suyuqlik bilan ham jilolash mumkin. Bunday holda suyuqlikka yaxshilab aralashtirilgan mayda abraziv donalari oqim tarzida 80 kn/m2 bosim ostida ishlov beriladigan yuzaga yo`naltiriladi, bunda abraziv donalari yuzaning tarmoqchalarini tekislaydi va g`adir-budurligini kamaytiradi. Bu usul istalgan shakl va o`lchamdagi shakldor yuzalarga ishlov berish uchun qo`llanilishi mumkin. Odatda, suyuqlik (suv) dagi abraziv donalar miqdori og`irlik jihatidan 30—40 % ga teng bo`ladi. Jilolash (yaltiratish) usulidan ishlov berilayotgan detal yuzasini kuzgudek yaltiroq qilish uchun foydalaniladi. Jilolash namat, kigiz, rezina va parusinadan yasalgan yumshoq elastik doiralar yordamida amalga oshiriladi. Doiralarning yuzasiga elektrokorund, kremniy-karbidning abraziv kukuni yoki pasta elim yordamida surtiladi. Pasta sifatida xrom, oksid, krokus, vena oxagi, kukun ishlatiladi. Jilolangan yuzalarning tozaligi 7 dan 12 sinfga to`g`ri keladi.
Jilolash usulidan, ko`pincha detallarning yuzalariga bezak pardozi berish, shuningdek, galg`vanik qoplash (xromlash, nikellash va hokazo kabilar) oldindai yuzalarga tayyorgarlik berish jarayoni sifatida foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |