www.ziyouz.com kutubxonasi
127
sandiqlarni qanday ochishiyu, qulflarni qanday ustalik bilan buzishini aytsinmi?
— Yomon, juda yomon, — dedi Alibek oqsoqol. — Chechen yigitning hunarsiz bo‘lishi
yomon. Sen otboqarga yordamlashasan, raisga aytib qo‘ydim.
— Ish bo‘lsa qochmas, yana uch-to‘rt kun dam olay, — dedi Zelixon.
Bu gapni eshitib oqsoqol qalin qoshlarini chimirdi. Burgut ko‘zlarini eslatuvchi nigohi
yondi:
— Sen erkakmisan? Erkak odam og‘zini ochib yotishi mumkinmi?
Zelixon uning chindan achchiqlanganini sezib:
— Xo‘p, ertadan chiqaman, — dedi.
— Hoziroq ishga jo‘naysan, qani, oldimga tush!
Zelixon qaysarlik qilmay unga ergashdi. Uning izidan bora turib «bobom tarsaki tushirib
yaxshi qilgan ekanlar», deb qo‘ydi.
3
«Otboqarga qarashasan», deyilganda «em-xashagini berarman, sug‘orarman», deb
o‘ylagan Zelixon yanglishgan edi. Yoshi yigirma beshlarda bo‘lgan qoruvli yigit ko‘rinishi
ziyolinamo yordamchisiga qarab, qoshlarini chimirib qo‘ydi. Otboqar ham ko‘pchilik
qatori Zelixonni ziyorat qilgan, uning o‘tmishi, hunari nima ekanini ham bilardi. Shu bois
yangi yordamchisini xushlamayroq qabul qildi. Bir nima deb rad etishga Alibek
oqsoqoldan qo‘rqdi. Chol «Ollohga topshirdim», deb ketgach, Zelixon daraxt soyasidagi
taxta o‘rindiqqa borib o‘tirdi.
Otboqar unga bir oz qarab turdi-da:
— Yuring, ishlash kerak, — deb otxona tomon yurdi.
Zelixon, «ishlasak ishlaymiz-da», deb ming‘irlab unga ergashdi. Ichkariga kirgach,
otboqar devorga suyog‘liq belkurak bilan uzun dastali supurgini olib, unga uzatdi:
— Avval go‘ngni bir yerga to‘plang. Keyin zambilg‘altakda tashib chiqasiz.
Otboqarning buyrug‘i qat’iy, qisqa va lo‘nda edi.
Bu buyruqdan Zelixonning bir ensasi qotdi, bir g‘ashi keldi, bir jahli chiqdi. Keyin o‘zini
yengishga kuch topib, asta ishga kirishdi. «Qamoqda ham bunchalik xor bo‘lmagan
eding, akademik, — deb o‘yladi u, — yura-yura topganing go‘ng tashish bo‘ldimi?»
Bir qadam oraliqdagi go‘ngni surgach, belkurakni joyiga qo‘yib, tashqariga chiqdi-da,
soyadagi o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Saman otni qashlayotgan otboqar u tomonga bir-ikki
norozi qiyofada boqdi. So‘ng Zelixonning bemalol o‘tirib olganidan achchiqlanib, unga
yaqinlashdi.
— Darrov bo‘ldingizmi? — dedi kinoya ohangida.
— Kunlik norma bitdi, — dedi Zelixon mazax ohangida. — Menga qara, komsomol, shu
otxonaning hammasini tozalab chiqsam, kolxozing menga necha pul yozadi?
Bunday savolni kutmagan otboqar bir oz o‘ylanib, so‘ng javob berdi:
— Sakkiz so‘m yozar deyman, buni surishtirmaganman.
— Agar sen tozalasang-chi?
— Men tozaladim nimayu siz tozaladingiz nima? Ish bir bo‘lganidan keyin haq ham bir
bo‘ladi-da.
— Yo‘q, men xashaki ishchiman. Sen esa tajribali otboqarsan. Sen bajargan ishning
sifati boshqacha bo‘ladi. Shuning uchun senga o‘n so‘m yozishar. Komsomol, kel,
kelishaylik: men senga o‘ttiz so‘m beraman, sen esa meni tinch qo‘yasan.
Otboqar qoshlarini chimirdi:
— Savdoni boshqacha qilaylik: men sizga oltmish so‘m beraman, siz esa menga
oliftagarchilik qilmaysiz.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |