juft va toq (narsalar)ga
va o'tayotgan kechagaki, (albatta, kofirlar jazolanurlar)!
Mana shu (narsa)larda aql egasi uchun (yetarli) qasam bordir?!
Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, ko'rmadingizmi?!
(Ular) baland ustunli Iram (shahridan) bo'lib,
(boshqa) yurtlarda uning o'xshashi yaratilmagan.
Izoh: Iram yoki Eram - Nuh sulolasidan bo'lgan shoh ismi. Uning ismi bilan shahar, bog' va qabila nomlangan (Od qabilasi). Rivoyat qilinishicha, Odning ikki o'g’lidan biri Shaddod u dunyoda Alloh mislsiz boq-jannat bino qilgan deb eshitgach, U bilan tenglashish niyatida Adn (Yaman) sahrosida bir g’aroyib bog’ barpo ettirgan.
Bog’ 300 yilda bitgan. Odning o'zi 9000 yil umr ko'rgan. Lekin takabburlik bilan qurgan bog’ini ko'rish o'ziga nasib etmagan. Ko'rish uchun lashkar tortib ketayotganda, yarim yo'lda Alloh tomonidan yuborilgan qattiq bo'ron-shamol urib halok bo'lgan. "Boqi Eram" qissasi shundan iboratdir.
Vodiyda xarsang toshlarni (uy solish uchun) kesgan Samud (qabilasi)ni,
qoziqlar (ahromlar va qasrlar) egasi bo'lmish Fir'avnni (qanday halokatga duchor qilganini-chi)?
Ular yurtlarida hadlaridan oshib,
u joylarda buzg’unchilikni ko'paytirib yuborgan edilar.
Bas, Rabbingiz ularning ustiga turli azob yog’dirdi.
Albatta, Rabbingiz (barcha narsani) kuzatib turuvchidir.
Bas, endi insonni qachonki, Parvardigori imtihon uchun ikrom etib, unga ne'mat ato etsa, darhol: "Parvadigorim (loyiq bo'lganim uchun) meni ikrom etdi", - der.
Ammo, qachonki, (Parvardigori) uni imtihon uchun, rizqini tang qilib qo'ysa, darhol:
"Parvardigorim meni xor qildi", - der.
Yo'q! Aksincha, sizlar yetimni ikrom qilmaysizlar.
Miskin (bechoraga) taom berishga ham bir-biringizni targ’ib qilmaysizlar.
Merosni esa (o'z ulushingizga o'zgalarnikini) qo'shib yeyaverasizlar.
Yana mol-dunyoni qattiq muhabbat bilan sevasizlar.
Yo'q! Qachonki, Yer qattiq silkinganda
va Rabbingiz (hukmi) va farishtalar saf-saf bo'lib kelganda
hamda o'sha Kuni jahannam ham (yaqin) keltirib qo'yilganda - ana o'sha Kunda inson (bu ko'rganlaridan) eslatma olur. (Ammo) unga eslatma qayoqda ekan?!
U: "Eh, koshki edi men hayot vaqtimda (yaxshi amallarni) taqdim etgan bo'lsam", - der.
U Kundagi (Allohning) azobidek hech kim azoblamas.
Uning (kishan va zanjirlarni) bog’lashidek ham hech kim boqlamas.
"Ey, xotirjam (sokin) jon!
(Ato etilgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh taolo tomonidan) ham rozi bo'lingan holingda, Rabbing (huzuri)ga qaytgin!
Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo'shilgin
va jannatimga kirgin!
Izoh: Bu xitob Alloh taolo tomonidan jon egasiga vafoti oldidan yoki jannatga kirishi arafasida yoki qiyomatda qabridan turishida aytiladi (Madorik tafsiri).
BALAD SURASI
Balad - shahar, bu yerda Makka shahri muroddir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
(Ey, Muhammad,) mana shu shahar bilan qasamyod eturman,
holbuki, Siz shu shaharda mavjuddirsiz
hamda ota va bolalarga (ya'ni, Odam va zurriyotlariga) qasamyod eturmanki,
haqiqatan, insonni mashaqqatga yaratdik.
Unga hech kimning kuchi yetmaydi, deb o'ylaydimi?!
U (maqtanib): "Juda ko'p mol-dunyoni (sarflab) yo'q qildim", - der.
Uni hech kim ko'rmagan, deb o'ylaydimi?!
Axir, Biz unga ikki ko'z,
til va ikki lab (ato) qilmadikmi?!
Yana uni ikki balandlikka (yo'lga) yo'llab qo'ydik-ku!
Izoh: Ikki balandlikdan murod ikki yo'l. Ya'ni, hidoyat va zalolat yo'llari.
Bas, u (biror yaxshi) dovonni oshib o'tmadi.
(Ey, Muhammad,) dovon (oshish) nima ekanini Siz qayerdan ham bilar edingiz?!
(U) bo'yinni (qulni) ozod qilish,
yoki ocharchilik kunida (muhtojga) taom berishdir.
Xoh (u) qarindosh yetim bo'lsin,
xoh tuproqli (xor) miskin.
So'ngra u (mazkur inson) imon keltirgan va bir-birlarini sabr qilishga tavsiya etgan, bir-birlarini (bandalarga) marhamatli bo'lishga undagan zotlardan bo'ldi.
Ana o'sha (fazilatlarga ega bo'lgan zotlar) o'ng tomon egalaridir.
Oyatlarimizga kofir bo'lgan kimsalar esa, chap tomon egalaridir.
Ularni qamrab oluvchi olov (do'zax) muqarrardir.
SHAMS SURASI
Shams - quyosh.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Qasamyod etaman Quyosh va uning ziyosiga,
u (quyosh)ning ortidan kelgan oyga,
u (quyosh)ni oshkor qilgan kunduzga,
u (quyosh)ni o'ragan tunga,
osmonga va uni bino qilgan,
Yerga va uni yoyib qo'ygan,
jonga va uni tiklagan,
unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib qo'ygan zotga (qasam)ki,
haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur
va u (nafs)ni (gunoh bilan) ko'mib, xorlagan kimsa esa noumid bo'lur!
Samud (qabilasi) haddan oshgani sababli (o'z payg’ambarlarini) yolg’onchiga chiqardilar.
Qaysiki, ularning eng badbaxti (tuyani so'yish uchun) qo'zg’alganida,
Allohning payg’ambari (Solih) ularga: "Allohning tuyasi(ni so'yish)dan va uni sug’orish(ga to'siq bo'lish)dan saqlaninglar!" - dedi.
Bas, ular (payg’ambarni) yolg’onchi qilishib, u (tuya)ni so'yib yubordilar. Bas, Parvardigorlari ularning gunohlari sababli ustilariga qirg’in yuborib, uni (barchalariga) barobar qildi.
(Zotan, Alloh o'z ishining) oqibatidan qo'rqmas.
LAYL SURASI
Layl - kecha, tun.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Qasamyod etaman o'rab kelayotgan kechaga,
yorishib kelayotgan kunduzga,
erkak va ayolni yaratgan zotgaki,
albatta, sizlarning sa'y - harakatlaringiz turlichadir!
Bas, kimki (zakot va sadaqotlarni) bersa va (Allohdan) qo'rqsa,
hamda go'zal (narsa)ni tasdiq etsa,
Izoh: Go'zal narsadan murod islom dini yoki jannat yoxud imon kalimasi.
bas, unga oson (yo'l)ni muyassar qilurmiz.
Ammo, kimki baxillik qilsa va (o'zini) behojat (boy) sanasa,
hamda go'zal (narsa)ni yolg’onga chiqarsa,
bas, unga og’ir (yo'l)ni "muyassar" qilurmiz.
(U) halok bo'lgan vaqtida boyligi unga foyda bermas.
Albatta, hidoyat (To'g’ri yo'lga yo'llash) faqat Bizning zimmamizdadir.
Haqiqatan, oxirat ham, dunyo ham yolg’iz Biznikidir.
Sizlarni lovullab yonuvchi do'zax haqida ogohlantirdim.
Unda faqat baxtsiz (odam) toblanur.
Qaysiki, (dinni) inkor etib, (itoatdan) bosh tortgan bo'lsa.
Taqvoli kishi esa undan (do'zaxdan) uzoqlashtirilur.
Qaysiki, u mol-davlatini (yaxshilik yo'lida) sarf qilur.
Uning huzurida (zimmasida) biror kimsaga qaytariladigan ne'mat yo'qdir.
U faqat eng oliy zot bo'lmish Parvardigorining "yuzi"ni istab (ehson qilur).
Do'stlaringiz bilan baham: |