ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir.
Ular qayta tiriluvchi ekanliklarini o'ylamaydilarmi
Ulug’ kun (Qiyomat)da -
odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida tik turadigan (hisob-kitob beradigan) kun-da?!
Yo'q! Albatta, fojirlarning nomai a'mollari, albatta, Sijjiynda bo'lur.
(Ey, Muhammad,) Sijjiyn nima ekanini qayerdan ham bilursiz?
(U) bitilgan kitobdir.
Izoh: Sijjiyn - fosiq va fojir kishilarning qilgan ishlari yozilib turadigan kitob bo'lib, u yetti qavat yer ostida saqlanadi.
U Kunda inkor etuvchilar holiga voy!
Ular jazo (Qiyomat) Kunini inkor etadigan kimsalardir.
U (Kun)ni gunohga botgan har bir tajovuzkorgina inkor etar.
Qachonki, (unday kimsaga) oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: "(Bu) avvalgilarning afsonalari", - der.
Yo'q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o'zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir.
Shubha yo'qki, ular o'sha (Qiyomat) Kunida Parvardigorlari (diydori)dan to'siluvchidirlar.
So'ngra, albatta, ular do'zaxda toblanuvchidirlar.
So'ngra (ularga): "Mana shu sizlar yolg’on deb yurgan narsadir", - deyilur.
Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a'mollari, albatta, Illiyyundadir.
(Ey, Muhammad,) Illiyyun nima ekanini qayerdan ham bilursiz?!
(U) bitilgan kitobdirki,
unga (Allohga) yaqin (farishta)lar guvoh bo'lurlar.
Izoh: Illiyyun esa, yaxshi, solih kishilarning qilgan ishlari yozilib turadigan kitob bo'lib, u yettinchi osmonda saqlanadi.
Albatta, yaxshilar (mo'minlar jannat) ne'matlari ichradirlar.
Ular so'rilarda, (ne'matlarga) boqurlar.
Ularning yuzlarida ne'matlarning tarovatini tanirsiz (ko'rursiz).
Ularga (jannatda) muhrlangan maydan ichirilurki,
u (may)ning muhri mushkdir. Bas, musobaqachilar mana shu (ne'mat) yo'lida musobaqa qilsinlar!
U (may)ning mijozi tasnimdandir.
(Tasnim Allohga) yaqin (banda)lar ichadigan bir chashmadir.
Darvoqe, jinoyatkor (kofir)lar imon keltirgan zotlardan (masxara) qilib kular edilar.
Qachonki, ularning oldidan o'tsalar, birbirlariga ko'z qisishib, imo-ishora qilardilar.
Qachonki, uylariga qaytsalar, (qilmishlaridan) zavqlanib qaytardilar.
Qachonki, ularni (mo'minlarni) ko'rsalar, "Ana ular, shubhasiz, yo'ldan ozgan kimsalardir", - derdilar.
Holbuki, ular (mo'minlarning) ustiga qo'riqchi qilib yuborilgan emasdilar.
Endi bugun imon keltirganlar kofirlardan kulurlar.
Ular (jannatdagi) so'rilarda (kofirlar holiga) boqib (o'tirurlar).
Kofirlar qilmishlarining jazosini oldilarmi?!
INSHIQOQ SURASI
Suraning nomi o'zidan olingan bo'lib, yorilish degan ma'noni bildiradi. Zero, surada qiyomatda osmon yorilib, ko'p alomatlar ro'y berishi bayon etilgan. Bu sura inson doimiy ravishda harakatda bo'lib, yo ezgu yoki yovuz ishlar bilan band bo'lishi, oxiratda shu ishlari bo'yicha savol-javob bo'lishi va azob-uqubatlar bilan bir qatorda solih bandlar uchun ulug’ mukofotlar tayyorlab qo'yilgani haqidadir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Osmon yorilganda,
(bu bilan u) Parvardigori (amri)ga quloq tutganda va (shu amrga) loyiq topilganda,
(shuningdek) Yer yoyilganda,
o'z ichidagi (jasadlarni) chiqarib tashlab, bo'shab qolganda
va u Parvardigori (amri)ga quloq tutganda va (shu amrga) loyiq topilganda (har bir inson Allohga hisobot berur).
Ey, inson, albatta, sen mehnat-mashaqqatlar chekib Rabbingga (ya'ni, Uning mukofot yoki jazosiga) boruvchisan, bas, (so'ngra) U zotga yo'liquvchisan.
Bas, kimning nomai a'moli o'ng tomonidan berilsa,
bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak,
va o'z(ining jannnatdagi) ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak.
Ammo, kimning nomai a'moli orqa tomonidan berilsa,
bas, (o'ziga) o'lim tilab qolajak
va do'zaxda toblanajak.
Darvoqe, u (dunyodalik paytida) ahli oilasid shodu xurram edi,
o'zini hech qachon (Parvardigor huzuriga) qaytmasman deb o'ylar edi.
Yo'q! Parvardigori uni, shubhasiz, ko'rib turuvchi edi.
Bas, qasamyod etaman (quyosh botayotgan paytdagi) shafaqqa,
tun va u qamrab olgan (barcha) narsaga
hamda to'lin oygaki,
albatta sizlar bosqichma-bosqich (yashab) kelursizlar!
Bas, nega ular imon keltirmaydilar?!
Ularga Qur'on qiroat qilinganda, (Yaratganga) sajda qilmaydilar?! (Sajda oyati)
Aksincha, kufrga ketganlar (bu kabilarni) inkor eturlar.
Alloh esa ular ichlarida yashirib yurgan narsalarini yaxshi biluvchidir.
Bas, (ey, Muhammad,) ularga alamli azob "xushxabari"ni bering!
Ammo, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas mukofot bordir.
BURUJ SURASI
Buruj - burjlar, ya'ni, osmon burjlari.
Surada Alloh taoloning zotu sifatlari naqadar buyuk ekanligi ta'rif etilishi bilan birga mo'minlarga aziyat yetkazgan va ular o'rtasida fitnafasod, buzg’unchilik ishlarini joriy qilgan kimsalarga qattiq jazolar muqarrar ekanligi va Qur'oni karimning Lavhul-mahfuzdan ko'chirilgan ilohiy muqaddas kalom ekanligi kabi ma'lumotlar bor.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Qasamyod etaman (o'n ikkita) burjlarga ega osmonga,
va'da qilinmish (Qiyomat)ga,
(o'sha Kunda) guvoh va guvohlik beriluvchiga
Choh egalariga la'nat!
Qaysiki, u yoqilg’ili olov edi.
O'shanda ular o'sha (choh)ning ustida o'tirgan
va mo'minlarga qilayotgan ishlariga o'zlari guvoh edilar.
Izoh: Payg’ambarimizdan oldin o'tgan ummatlar ichida zolim podshoh buyrug’i bilan imonli kishilarga qattiq azob berilgani, axiri ular uchun qazilgan chohga zolimlarning o'zlari qulagani, choh ichidagi olov mo'minlarni emas, balki ularning o'zlarini kuydirib yuborgani ibrat sifatida bayon etilmoqda.
Ular (mo'minlar)dan faqat qudratli va hamd egasi bo'lmish Allohga imon keltirganlari uchungina o'ch oldilar.
Osmonlar va Yerning hukmronligi Unikidir va Alloh barcha narsaga guvohdir.
Albatta, mo'min va mo'minalarni fitnaga solib, so'ngra tavba qilmagan kimsalarga jahannam azobi va ular uchun o't azobi bordir.
Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarga ostidan anhorlar oqib turadigan bog’lar bordir. Bu esa katta yutuqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |