Bismillahir rohmanir rohiym
QUR’ONI KARIM
Ma’nolari tarjimasi
Tarjimon va izohlar muallifi:
Abdulaziz Mansur
TARJIMA HAQIDA
Ma'lumki, Qur'oni karim Alloh taolo tomonidan Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga 23 yil mobaynida sura, oyat tarzida elchi farishta –Jabroil alayhissalom orqali ilohiy vahiy sifatida, arab tilida, og'zaki nozil qilingan. Islom dini ta'limotining asosiy manbalari (Qur'on, Sunnat, Ijmo', Qiyos)ning birinchisi sanalmish bu Kalomi sharifning til va bayon jihatidan ilohiy mo''jizaligi ham uni arab tilida o'qib, fikr yuritgandagina namoyon bo'ladi. Boshqa har qanday tilga o'girilganda Qur'on tiliga xos xususiyatlar, nazmiy uslub, maftunkor ohang va ruhiy ta'sir o'z kuchini yo'qotadi. Tarjimon har qancha mahoratli, tajribali lug'atga boy bo'lmasin, oyatlarning arabcha holidagi mazmunini boshqa tilda mukammal ifoda eta olmaydi. Bu inkor etib bo'lmas haqiqat.
Arab tilida o'qib anglash esa, hammaning ham imkon darajasida emas. Hatto arablarning o'zlari ham Qur'on oyatlarini to'la tushuna olmasliklarini tan oladilar. Ulug' sahobalar ham ko'pdan-ko'p oyatlar mazmunida bahslashib, bir yechimga kelisha olmay, Rosul alayhissalomning o'zlaridan so'rab, aniqlab olganlari to'g'risida sahih hadislar mavjud.
Qur'oni karimni boshqa tillarga tarjima qilish harakati ancha qadimdan boshlangan. Ayniqsa, arab bo'lmagan halqlarning islomga kirishlari bu harakatga asosiy sabab bo'lgan. Garchi islom ulamolari oyatlarni har qanday tilda sharhlab tafsir qilishga ruxsat bersalar-da, biroq so'zma-so'z tarjima qilib yozishga mutloqo izn bermaganlar, zero tarjimani yozib qo'yishlik bilan Qur'on mazmuni shundangina iborat degan iddao bo'ladi, deb uning mas'uliyatidan qo'rqqanlar. Shuning uchun ajdodlarimiz merosida o'zbekcha tafsirlar ko'p. Ammo sof ona tilimizdagi tarjimalarni deyarli uchratmaymiz.
Keyingi asrlarda Qur'oni karim jahon xalqlarining ko'pgina tillariga tarjima qilindi. Shuningdek, o'zbek tilida ham bir qancha tarjimalar paydo bo'ldi. Endilikda bu jarayon yanada kuchayib borishi tabiiy. Bas, shunday ekan, bu sohada kundan-kunga taraqqiyot sari intilish maqsadga muvofiqdir. Avvalgi tarjimalarda uchragan tarjimalarda uchragan kamchiliklarni takrorlamagan holda, tobora sifatli tarjima va tafsirlarni ta'lif etish yangi ulamolarining sharafli vazifalaridandir.
Binobarin, shu jarayonni davom ettirishdek mas'uliyatni zimmamizga olar ekanmiz, bunda mutlaqo xato nuqsonlar yo'q, degan fikrdan yiroqmiz. Beayb-Parvardigor.
Yangi tarjimaning o'ziga hos hususiyatlari asosan quyidagilardan iborat:
Tarjima hanafiylik mazhabiga muvofiq holda tayyorlandi. Boshqa mazhablar bilan qiyosiy tafsirlar izohda ko'rsatib borildi.
Oyatlar mazmunini imkoni boricha so'zma-so'z ifodalashga harakat qilindi. Qo'shimcha, yordamchi so'z va iboralar qavs ichida berildi.
Murakkabroq va sharhga muhtoj oyatlarga sahifa ostida izoh berildi.
Amalda bo'lib kelgan kirill yozuv qoidalariga rioya qilindi. Ya'ni 1990 yillardan boshlab, asosan diniy adabiyotlarda buzila boshlagan imlolar tiklandi. Masalan: Iso, imon, rab, rasul, sahih, Arafot, salavot kabi arabchadan o'tib qolgan so'zlarni ba'zilar arab talaffuziga moslashtirmoqchi bo'lishib, keyingi paytda Iyso, iymon, Robb, Rosul, sahiyh, Arofat, solavat shaklida yozishga o'tgan edilar. Vaholanki, umumiy urfda chet so'zlar qaysi tilga ko'chib o'tsa, o'tgan so'z o'sha tilning tovush va imlo qoidalariga bo'ysunishi lozim. Qur'on oyatlari qiroatida yoki arabcha jumla tarkibida talaffuz etilgandagina tajvidga rioya etilishi kerak bo'ladi. Agar biz arabchadan o'tgan barcha so'zlarni tajvidga binoan yozadigan va talaffuz etadigan bo'lsak, kitobxonlarning o'qishi va anglashiga katta qiyinchiliklar tug'dirib qo'yamiz.
Eng muhimi, mushafning ushbu tarjimasida juda omonatdorlik bilan, ya'ni arabchada qanday bo'lsa, o'zbekchada ham o'sha mazmunni to'la saqlab qolishga harakat qilindi. Biror maqsadda bo'rttirish yoki o'zgartirish kabilardan xoli.
So'zimiz intihosida aziz kitobxonlardan bandai ojizning sahvlarinima'zur tutishlarini, tarjima to'g'risidagi o'z fikr mulohazalarini bildirgudek bo'lsalar, mamnuniyat bilan qabul etib, keyingi nashrlarda ularni inobarga olishimizni bildiramiz.
Abdulaziz Mansur.
Foydalanilgan adabiyotlar
“Madorikut-tanzil va haqoiqut-ta'vil” nomli tafsir. Mufassir: Abul-barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy al-Hanafiy (vafoti 701h. ). Stambul nashri. 1324 h.
“Bahrul-ulum” tafsiri. Mufassir: Abul-lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy (vafoti 375 h. ). Bayrut nashri. 1993 y.
“Anvorut-tanzil va asrorut ta'vil” tafsiri. Mufassir: Qoziy Nosiruddin Abu Said Abdulloh ibn Umar al- Bayzoviy ash-Shofeiy (vafoti 685 h. ). Stanbul nashri. 1324 h.
“Lubobut-ta'vil fi maonit-tanzil” tafsiri. Mufassir: Alouddin Ali ibn Muhammad ibn Ibrohim al-Bag'dodiy as- Sufiy ash-Shofeiy (Xozin). Vafoti 735 h. Stanbul nashri. 1324 h.
“Jomeul-bayon an ta'vili oyil-Qur'on” nomli tafsir. Mufassir: Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (vafoti 310 h. ). Bayrut nashri. 1988 y.
“Tafsirul-Qur'onil-azim”. Mufassir: Abul-fido al-Hofiz Ibn Kasir ad-Dimashqiy (vafoti 774 h. ). Bayrut nashri. 1988 y.
“Imlou mo manna bihir-Rahmon” tafsiri. Mufassir: Muhibbuddin Abul-baqo al-Ukbariy az-zarir al-hanbaliy (538-616h. ). Misr nashri. 1306 h.
“Azvoul-bayon fi izohil-Qur'on bil-Qur'on” tafsiri. Mufassir: Muhammad Amin ibn Muhammad Muxtor al- Jakaniy ash-Shanqitiy (vafoti 1393 h. ). Qohira nashri. 1988 y.
“As'ila val-ajviba” kitobi. Muallif: Muhammad ibn Abi Bakr ibn Abdulqodir ar-Roziy, “Muxtorus-sihoh” muallifi.
“Sahihul-Buxoriy” – Kitobut-tafsir.
“Al-hidoya” kitobi. Muallif: Burhonuddin Abul Hasan Ali ibn Abi Bakr ibn Abdiljalil ar-Roshidoniy al- Marg'inoniy (tavalludi 1123m. vafoti 1197mG'593 h. )
“Ta'vilotu Ahlis-Sunna” qo'l yozma kitobi. Muallif: Abu Mansur Moturidiy (vafoti 333 h. G' 944 m. )
“Mabohis fi ulumil-Qur'on”. Muallif: Mannoul Qatton. Bayrut nashri, 1980y.
“Kitobut-Tibyon fi odobi hamalatil-Qur'on”. Muallif: Muhyiddin Yahyo ibn Sharaf an-Navaviy (vafoti 676
h. ). Qohira nashri. 1307 h.
“Kanzul-ibod” sharhi. Matn muallifi: Shihobuddin as-Suhravardiy ash-shofiiy (tavalludi 587 hG' 1191m. ) Shorih: Ali ibn Ahmad al-G'uriy al-hanafiy.
“Maal-Qur'onil-karim”. Muallif: Shayx Jodul-haq Ali Jodul-haq (Shayxul Azhar). Qohira nashri. 1991 y.
FOTIHA SURASI
Bu sura Qur'on nusxalarida Makkada nozil qilingan deb kelinayotgan bo'lsada, tafsir va hadislarda u Madinada ham takroran nozil qilingan, deyiladi. Shuning uchun ham bu suraning nomlaridan biri - "Sab'ul-masoniy", ya'ni "ikki bor nozil qilingan yetti oyat" demakdir.
Suraning o'nga yaqin nomlari bo'lib, ulardan eng mashhuri "Fotiha", ya'ni, "ochuvchi" - suralarning joylashishi bo'yicha avvalida qo'yilgani uchun unga shu nom berilgan. "Al-Hamdu" so'zi bilan boshlangani uchun bu nom bilan ham ataladi. Islom dini mafkurasi va ahkomlarini muxtasar shaklda o'zida mujassam etgani uchun "Ummul-Qur'on", ya'ni "Qur'onning onasi" nomi berilgan. Mazkur yetti oyatni sharhlab ba'zi mufassirlar bir necha jildlik asar yozib qoldirganlar.
"Bismillohir Rahmonir Rahim" oyati "Fotiha" surasining tarkibiga kiradimi yoki u keyin qo'shib qo'yilganmi degan masalada mujtahidlarning ba'zilari uni shu suradan deb sanaganlar. Boshqalar esa Qur'ondagi 113 ta sura boshlanishidagi hamma "Bismilloh"lar ham suralarining tarkibiy qismidan emas, balki ularni bir-biridan ajratib turuvchi - fosila sifatida joylashtirilgan, deganlar. "Bismilloh" oyati faqat bir joyda - Naml surasining 30- oyatida kelgan, deb ta'kidlaydilar.
Abu Hanifa (Imom A'zam) ham shu fikrda bo'lganlar. Shuning uchun Hanafiy mazhabiga mansub xattot va noshirlar tomonidan ko'chirilgan va chop etilgan Qur'on nusxalarida, xususan Turkiya va Pokistonda nashr etilgan nusxalarda "Fotiha" surasining boshida kelgan "Bismilloh"ga raqam qo'yilmaydi. Arab dunyosida chiqadigan Qur'onlarda esa unga birinchi raqam, "Fotiha" surasining birinchi oyatiga esa 2 raqamini qo'yadilar.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |