Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim,
ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir.
Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir.
Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir.
Haqiqatan, kufr (imonsizlik)ni tanlaganlar - ularni ogohlantirsangiz ham, ogohlantirmasangiz ham, ularga baribir - imon keltirmaydilar.
Ularning dillari va quloqlariga Alloh muhr urib qo'ygan. Ko'zlarida esa parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir).
Odamlar orasida shundaylar ham borki, ular "Biz Allohga va oxiratga imon keltirdik", - deydilar. Vaholanki, o'zlari mo'min emaslar.
Ular (bu bilan) Allohni va imon keltirganlarni aldamoqchi bo'ladilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda o'zlarinigina aldaydilar.
Ularning dillarida xastalik (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. (Mo'minmiz, deb) yolg'on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir.
Ularga: "Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmanglar!", - deyilsa, ular: "Albatta, biz asl islohchilarmiz", - deydilar.
Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar.
Ularga: "Sizlar ham (ana u) odamlardek imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz (shu) nodonlarga o'xshab imon keltiramizmi?!" - deydilar. Ogoh bo'lingki, ularning o'zlari nodondirlar, lekin (buni o'zlari)
bilmaydilar.
Izoh: Bilol, Suhayb kabi qullar va boshqa ba'zi bechorahol kishilar imon keltirganlarida, munofiqlar ularga haqorat nazari bilan boqib, ularning safiga qo'shilishdan or qilganlar.
Imon keltirgan kishilarga duch kelib qolganlarida: "Biz ham imon keltirdik", - deydilar. O'z shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganlarida esa: "Biz, albatta, sizlar bilan birgamiz, faqat biz (mo'minlarni) mazax qiluvchilarmiz, xolos", - deydilar.
Alloh ularni "mazax qiladi" va ularning shu (haddan oshgan) tug'yonlarida adashib yurishlariga qo'yib beradi.
Izoh: Allohning "mazax qilishi" ularning qilmishlariga yarasha jazo berishidir. Tug'yon holatlarida davom etishlari esa berilajak jazoning ortishiga sabab bo'ladi. Alloh ularni shu holatda davom ettirishi ularning zararigadir.
Hidoyat (to'g'ri yo'l) o'rniga zalolat (noto'g'ri yo'l)ni sotib olganlar o'shalardir, (lekin) bu savdolari foyda qilmadi va haq yo'lga yuruvchi ham bo'lmadilar.
Ular bamisoli bir olov yoqqan kimsa (yo'lovchi)ga o'xshaydilar: olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexos) nurlarini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko'rolmaydigan holda qoldirgani kabidir.
(Ular) kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular zinhor (hidoyatga) qaytmagaylar.
Izoh: Ularning karligi - haq gaplarni tinglamasliklari, soqovliklari - haq gapni gapirmasliklari, ko'rliklari esa haq narsani ko'rib, tasdiq etmasliklaridir.
Yoki (yana bir o'xshatish) osmondan jala keltiruvchi bulut kabiki, unda zulmat, momaqaldiroq va chaqmoq bo'lib, (ular ostida) yashin tegib o'lishdan qo'rqib, barmoqlarini quloqlariga tiqib olurlar. Alloh esa kofirlarni (har tomondan) qurshab oluvchidir.
Chaqmoq ularning ko'zlarini ko'r qilgudek bo'ladi. (U) har gal yoritganida (ozgina) yurib oladilar, ularga qorong'i tushirganida esa (joylarida) turib qoladilar. Agar Alloh xohlasa edi, ularni quloq va ko'zlaridan (momaqaldiroq ovozi va chaqmoq yorug'ligi bilan) judo qilgan bo'lur edi. Zero, Alloh har narsaga qodirdir.
Izoh: Munofiqlar to'g'risida nozil qilingan oyatlarda Alloh taoloning ularga nisbatan aytgan qattiq gaplari chaqmoqqa o'xshatilmoqda.
Ey, insonlar, sizlarni va sizlardan oldingilarni taqvoli bo'lishlaringiz uchun yaratgan Rabbingizga ibodat qilingiz!
U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar undirdi. Bas, bilib turib Allohga (ibodatda) boshqa (soxta ma'buda)larni tenglashtirmangiz!
Agar bandamiz (Muhammad)ga tushirgan narsamiz (Qur'on)dan shubhada bo'lsangiz, bas, siz ham unga o'xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring - agar rostgo'y bo'lsangiz.
Bordiyu (bu ishni) qilmasangiz - zinhor qila olmaysiz ham - u holda yonilg'isi odamlar va toshlardan
iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningiz!
Izoh: Odamlar va toshlar, ya'ni kofirlar va toshdan yasalgan sanamlar. Demak, sanam va butlarga sig'inuvchilar o'z ma'budalari bilan birga yonishlari tasvirlanmoqda.
Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.
Izoh: Jannat ahli noz-ne'matlardan har gal tanovul qilganlarida, ularning bir xillik va oliy sifatlikda bir- biridan farqsiz holda ko'rib, "bu oldinroq yegan narsalarimizning o'zi-ku," - deb taajjub qilar ekanlar. Ikkinchi xil tafsiri shuki, jannatdagi noz-ne'matlarning tashqi ko'rinishi xuddi foniy dunyodagiga o'xshash bo'lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Tanovul qilmay turib: "Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o'zi-ku!" - der ekanlar.
Alloh chivin, balki undan ham yuqori narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi. Imonli kishilar-ku, u (masal)ni haqiqatan ularning Rabbi tomonidan (yuborilgan) haqiqat deb biladilar. Kofirlar esa: "Bu masal bilan Alloh nima demoqchi, o'zi?" - deydilar. U (masal) bilan Alloh ko'plarni adashtiradi va u bilan ko'plarni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qiladi. Lekin, (Alloh) u bilan faqat fosiq kimsalarni adashtiradi,
Izoh: Bu oyat ikki xil ta'vil etiladi. Birinchidan - Alloh chivin va undan katta narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi, deb ham tushunish mumkin. Ikkinchidan - chivin va undan ham kichik narsa misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |