Kutubxonachi.uz
69
U maydonni qiyasiga kesib o‘tar ekan, gandiraklab, yiqilib-surinib borardi. Ko‘p o‘tmay u GUMning
savdo rastalari yaqinida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning g‘amgin ashulasi bir oz vaqtgacha quloqqa chalinib
turdi, nihoyat jimib qoldi.
Boyqush esa Kreml devorlari ustida shuv etib ko‘tarildi-da o‘zini dov-daraxtlar ichiga urdi, u yo‘q-bu
yo‘q haligi ayolga o‘xshab ho‘ngrab yig‘lab yubordi va zor-zor yig‘lar ekan, og‘ir uh tortib qo‘yar edi.
Oy yulduzlar orasida yuksalib turar ekan, Kreml tepaligidagi gumbazlarga, minora nayzalariga,
tomlariga o‘zining abadiy kumush nurini sochar edi, boyqush esa uzoq-uzoqlardan okeanda suzib
yurgan kitlarning nafas olganini sezganday bo‘ldi. Ular qayoqqa va nima uchun oshiqishyapti ekan?
Nega ular tinim bilishmaydi. To‘lqinlar ham tinim bilmaydi.
S a k k i z i n ch i b o b
“Tribyun” gazetasiga mo‘ljallangan maqolaning katta qismi tayyor bo‘ldi. Endi xotima qismini yozish
qolgan edi. Ish yakuni yaqinlashgan sari Bork ko‘proq xavotirlana boshladi: Kassandra tamg‘asi
fenomenini ilmiy izohlab berishga keragidan ortiqcha berilib ketmadimikin, holbuki ko‘pchilik, ehtimol
mutlaq ko‘pchilik uchun eng muhimi Filofeyning kosmosdagi “g‘alamislik” harakatlaridan nima qilib
bo‘lsa ham xalos bo‘lish edi. Ko‘rmasin ham, kuymasin ham, kassandra-embrionlarning signallarini
unutsa bas. Uchiga chiqqan siyosatdon Oliver Ordok xuddi ana shuni sezib qoldi va shunga qarab mo‘ljal
oldi hamda muvaffaqiyat qozondi. So‘z yo‘q, u siyosiy g‘alaba qildi. Asli uning g‘alabasi g‘irromlik bilan
qo‘lga kiritilgan edi. Xaloyiqning o‘zini o‘zi aldab qo‘yganini qanday qilib tushuntirsa bo‘larkin?
Bork shuni tushundiki, Ordokka nisbatan unda siyosiy mahorat, siyosiy tajriba yetishmas ekan. Ha,
endi ular kutilmaganda umrbod bir-birlariga dushman bo‘lib qolishdi. U, Bork, xohlaydimi, yo‘qmi, ularni
kurash, kurash bo‘lganda ham ayovsiz kurash kutar edi. Xuddi ana shu narsa — prezidentlikka olib
boradigan yo‘ldagi musobaqa Ordok uchun ayni muddao edi. Shu ma’noda taqdir unga fazoda Filofeyni,
yerda Borkni bebaho sovg‘a sifatida taqdim qilgan edi.
Robert Bork shu haqda fikr yuritar ekan, hash-pash deguncha siyqasi chiqqan siyosiy kurashga
o‘ralashib qolish, qarshilik ko‘rsatish hissiyotiga berilib ketish hech gap emas ekan, deb o‘ylab qoldi.
Unda Ordok bilan yuzma-yuz uchrashish istagi paydo bo‘ldi. Unga yaqin borib ko‘ziga tik qarab yuragiga
nashtarday sanchiladigan qilib sekingina “Sen borib turgan ablah ekansan!” degisi keldi. Va shundan
so‘ng hammaga Ordok ablah deb aytadi va bunday nusxani hokimiyatga yaqinlashtirib bo‘lmaydi, bu
hokimiyatga iblis keldi degan so‘z, xavflisi shundaki, uning iblis ekanligini hech kim bilmaydi, deydi.
“Yo‘q, yo‘q, bunday deb bo‘lmaydi, bunday deyish mumkin emas, — o‘yladi Bork miyasiga kelgan fikrdan
o‘zi qoniqish hosil qilmay. — Prezident bo‘ladimi, boshqa amaldor bo‘ladimi, bo‘lavermaydimi, faqat
mensiz bo‘lsa bas! Yo‘q, yo‘q, mening ishim — siyosiy kurash emas; odamlar Kassandra tamg‘alari
to‘g‘risidagi haqiqatdan o‘zlarini chetga olar ekanlar, ular irodasizlik qilgan bo‘ladilar, muammoni yanada
chuqurlashtirgan, o‘z boshlariga tushgan falokatni battar avj oldirgan — mening vazifam odamlarga
ana shu haqiqatning yetkazishdir. Lekin haqiqatning dahshatli ekanligiga, biroq ko‘rib o‘zini ko‘rmaslikka
olish mumkin emasligiga, yo‘l topish zarurligiga odamlarni qanday qilib ishontirish mumkin?!
Bork toza havodan nafas olish uchun ayvonga chiqqan edi, tun sovuq, kuz, hammayoq xazonrezgilik
— qorong‘ida barglar shamoldan shitirlaydi, uni titroq bosdi. Oy ufqdan salgina ko‘tarilib, katta yo‘l
chetidagi o‘rmonzor tepalikka tegay-tegay deb turganday. O’rmon ortida dengiz bo‘yidagi qum
tepaliklariga o‘xshab ketadigan do‘ngliklardagi golf o‘ynaladigan maydonlarni ko‘z oldiga keltirdi,
yoshligida bu yerga u to‘p tepish uchun kelib yurardi.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |