Kutubxonachi.uz
71
men mototsiklda uchsam, sen Kremllar, Oq uylarda ma’ruza qilib turasan, men hamon
mototsikldaman...”
“Shoshma, shoshma, Maks, o‘zingni qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan qilib ko‘rsataverma. Sen ilgarilari
faqat mototsiklchigina emas eding, hozir ham shunday. O’z faningda — siyosiy jo‘g‘rofiya sohasida
ma’lum va mashhursan, butun sayyora sening qo‘lingda. Gap sayyoradami, sayyora nima bo‘pti?
Sekinroq gapir, seni erim deb yurgan o‘sha ofati jon polyak ayoli Anna bu gapingni eshitib qolsa
boshingda yong‘oq chaqadi. Unda mototsikling ham yordam bermay qoladi! Xotining xom xayollar
og‘ushida mast bo‘lib yuripti-ya!”
“Ha, Robert, nozik joydan olding. Anna haqidagi gaplaring to‘g‘ri, lekin sayyora haqidagi fikringga
to‘la qo‘shila olmayman. Siyosiy jo‘g‘rofiyada hamma narsani bilish kerak yoki bu fanning yoniga
umuman yo‘lamaslik lozim. Bu alohida, yuho fan. Bu ma’lumot-axborotlar omborxonasi, banki desa ham
bo‘ladi. Ha, shu ma’noda meni dunyo bankiri deyish mumkin. Men yigirmanchi asrning Rotshildiman.
Hamma narsani bilaman, hammasidan xabardorman, xo‘sh, bundan ne naf? Aytadilarku, Ollo taolo
arshi a’loda hamma narsani ko‘radi, hamma narsani biladi, hammasini nazorat qiladi, lekin qo‘lidan hech
narsa kelmaydi...”
O’sha odam endi yo‘q. Avtomobil halokatida vafot etdi, mashinada o‘qday uchishni yaxshi ko‘rardi.
Anna tezda qarib qoldi. O’g‘illari uylangan, alohida yashashadi. Jessi Anna bilan telefonda gaplashib
ba’zan ko‘rishib ham turardi. Oxirgi marta Anna shu yozda kelgan edi. Hammasi birgalashib dam olish,
tomosha qilish, o‘yin ko‘rish uchun golf-maydonga borishdi. Kun bo‘yi yaxshi dam olishdi, golfklubning
restoranida tushlik qilishdi. Nogahon o‘tmishni esga olishdi, Maksni ko‘p xotiralashdi... U bu yerlarni
juda-juda yaxshi ko‘rardi. Qaerda bo‘lsa ham yetib kelishga har doim tayyor edi...
Mening sho‘rlik do‘stim Maks Frayd! Odamlarning aql-idroklari-yu dillarida hamma narsa
aralashquralash bo‘lib ketgan hozirgi paytda sen bo‘lganingda nima degan bo‘lar eding. Pinhoniy
genetik dovul hammasini ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi. Endi nima qilish kerak: ko‘plarga o‘xshab hammasi
daf bo‘lsin deb tuyaqush singari kallani qumga tiqib turavergan ma’qulmi yoki Xudoning bandalarni
ogoh qilishini kutib, Yaratganning ko‘ziga boqib turaverish durustmi — Tangri qullarini faqat ogoh qiladi,
hammasini bari bir inson o‘zi hal etadi. Bu borada Maks Frayd haq edi. Borkning tushiga kirishi bejiz
emas. Demak, Maks xavotir olgan, hodisani oldindan sezgan. Falokatdan qutqarib qolish uchun
chaqirgan, oydagi golf-maydonga taklif qilgan...
Endi buyog‘i nima bo‘ladi, axir Ordok aslini olganda bir muammo o‘rniga boshqa bir muammoni
o‘rtaga tashladi, jamoatchilikka firib berib, diqqatni boshqa tomonga burib yubordi, o‘zini qahramon
qilib ko‘rsatish uchun esa Borkni siyosiy duelga chaqirdi. Bork bo‘lsa tayyorlanishi, bu da’vatni qabul
qilishi, Kassandra tamg‘asi haqida o‘z fikrini bildirishi, Filofeyni safsatabozlikdan va siyosiy
chayqovchilikdan himoya qilishi lozim. Ordokning xatti-harakatini boshqacha yana qanday baholash
mumkin?! O’h-ho‘, kechasi soat birdan oshibdi, dedi Bork esini yig‘ib olib, o‘tirib ishlash kerak.
Hayallamasdan ishga kirishishga to‘g‘ri keladi. Endi orqaga chekinish yo‘q.
Kabinetiga qaytayotib, oynaga qarab to‘xtab qoldi. Uyqusizlikdan ko‘zlari qizargan. Bu ko‘zlarda
qanchadan qancha dardi alam, tashvish jo bo‘lgan. Sochlari oqarib ketgan. Yaxshiyamki,
boshqalarnikiga o‘xshab to‘kilib ketmagan. O’zi Reyn sohilidagi qoyalar kabi keksaygan — yaqindagina
nemislar, to‘polonchi jurnalistlar ana shu qoyalar yonidan suzib o‘tganda Bork bergan intervyuni ular
“Keksa qoya bilan suhbat” deb atashgan edi. O’shanda tez orada Bork okean ustidan, Atlantika
tepasidan uchib o‘tar ekan, rohib Filofeyning yashinday chaqnab shiddat bilan yer yuziga urilishini,
momoqaldiroq yanglig‘ guldirashini va dunyoni ostin-ustin qilib hammani sarosimaga solishini, o‘sha
shaytonnusxa — Oliver Ordokning ko‘zni shamg‘alat qilib sahnada paydo bo‘lib qolishini xayoliga ham
keltirmagan edi. Nima ham qilsin, solishishga to‘g‘ri keladi...
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |