Kutubxonachi.uz
66
Quyosh Kreml devorlari ortiga yashirindi, baqirib-chaqirgan olomon uzra ma’sum g‘ira-shira cho‘ka
boshladi, qorli maydonlardagi mitinglar hamon na’ra tortar va quturar, reproduktorlardan jaranglagan
otashnafas va tahlikali nutqlar yig‘ilganlarning butun vujudini alangalatib, eng yuqori nuqtaga chiqa
boshladi. Ikkala maydondagi olomon o‘zicha adolatga da’vat etar, hukumatga va xalqqa murojaat qilar,
faqat o‘zining haqligini, faqat o‘z nuqtai nazarini isbotlar, butun jahonga faqat o‘zining dalillari va
xulosalarini oshkor etar, kuyib-yonar, zudlik bilan harakatga kelishga ishtiyoq sezib o‘zidagi
kuchquvvatni ishga solish uchun junbushga kirgan edi. Har ikki tomon bir vaqtda ehtirosga mingan edi;
tomonlar radio karnaylari orqali bir-birlariga ayb qo‘yishar, bir tomon o‘zi yomon ko‘rgan ikkinchi
tomonni vatan dushmanlarining jirkanch yig‘ini deb atar edi. Ana dastlabki mushtlashish ham boshlanib
ketdi. “Militaristlar” va “antimilitaristlar” omonchilar qatorlarini yorib o‘tib bir-birlarini shiorlar va rasmlar
qoqilgan tayoqlar bilan ura boshlashdi. Xotin-qizlar dod solib chiyillashsa, erkaklar bo‘kirib so‘kina
ketishdi. Odamlar bir-birlarini mushtlab tepkilashardi. Omonchilarning olomon siquvini to‘xtatish,
urishayotganlarni tarqatib yuborish uchun qilgan harakatlari ularni battar g‘azab otiga mindirdi. Oradan
ko‘p o‘tmasdan, ikki tomon mushtlashib aralashib ketdi. Go‘yo odamlar shuni kutib turishganday, xuddi
shuning uchun maydonga yig‘ilishganday edi. Ana shunda qimmatli rasmlar va ta’sirchan shiorlar juda
ish berdi – qurollar bilan odamlar bir-birlarining kallalariga tushirishardi. Oqayotgan qonlar, ko‘z
yoshlari, ingragan tovushlar, yuzlab erkaklaru ayollarning, keksalaru yoshlarning yoqalashish
manzaralari – orqa va old tomondan, yon tomondan, tepadan vertolyotlardan va yerdagi past-baland
nuqtalardan ikir-chikirlarigacha olingan tasvirlar – qo‘yingki hamma-hammasi jahon teleekranlarida
namoyish qilindi.
Ana shu paytda o‘sha ikki yosh – yigit va qiz voqealar markazida bo‘lib qolishdi. Ularning o‘z shiorlarini
avaylab-asraganlari boshlariga balo bo‘ldi. Qizil maydonda turgan HKSchilar o‘z shiorini baland ko‘tarib,
g‘azabga mingan vatanparvarlarning burniga tiqib olguday bo‘lgan yigitni ko‘rib qolishgach
konversiyachilarni savalay ketishdi.
— Sen, ablah, kimning burniga tiqib olmoqchisan, kimni ahmoq qilyapsan?! – qichqirdi ulardan biri.
— Demak, seningcha biz tug‘ilmasligimiz kerakmidi?! Ah yaramas! — Ular shunday deya yigitni
do‘pposlay boshlashdi, shiorini yirtib-yirtib oyoqlari bilan ezib tashlashdi. Ana shu paytda odam bolasini
xijolatga soladigan va g‘ashiga tegadigan transparant ko‘tarib, agar Kreml qurollanish poygasini yana
boshlaydigan bo‘lsa, men o‘zimga o‘t qo‘yaman deb qasam ichgan qiz yordamga keldi.
Bu qizning mitingga ana shunday dag‘dag‘a bilan kelishi to‘g‘rimidi?! Uni nima majbur qildi bunga?
Nega bunday qildi – yoshlik g‘ururimi, nodonligimi yoki aksincha, uni komil ishonch va chorasizlik shu
yo‘lga boshladimi? Va, nihoyat, nega u o‘sha mash’um shiorni tiqilinchda, mudofaachi – HKSchilar yigitni
kaltaklayotgan davraga kirmasdan oldin tashlab yubormadi?! Shu paytda haligi qiz qo‘liga boshqa shior
oldi-da, yigitga tashlanib qichqirdi:
— Nima qilyapsizlar? Tegmanglar unga! Sizlarga kim huquq berdi? Qo‘llaringga erk bermanglar! Bas
qilinglar!
Nafi bo‘lmadi. Yigitni chamasi besh kishi tinimsiz do‘pposlardi. Uni kaltaklab hammayog‘ini momataloq
qilib qo‘yib yuborishsa ham mayliydi. Lekin bu to‘qnashuvning nima bilan tugashini, o‘ziga kuchi
yetmagan, aqldan ozgan olomonning nimaga qodir ekanini kim bilibdi deysiz?
Quturgan HKSchilar qizni bo‘ralab so‘kib kutib olishdi:
— Sen, qanjiq, tuyog‘ingni shiqillatib qol, bo‘lmasa sen ham nasibangni olasan!
Xuddi shu onda og‘zidan bodi kirib shodi chiqayotgan bir xotin nishonga urdi:
— Ha, ig‘vogar! hali senmiding o‘zingga o‘t qo‘yadigan! hoy, odamlar, meni ushlanglar, qo‘rqaman,
hozir mana bu ig‘vogar qanjiq yonib ketadi. Keyin ko‘z o‘ngimizda Kremlimiz ag‘anab tushadi!
Basharasiga tushuringlar uning, uyini topolmay qolsin!
Qizga hamla qilishib, kamzulini yirtib tashlashdi. Uning yuzidan qon oqa boshladi.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |