Kutubxonachi.uz
46
–
Ha, shunday bo‘lib chiqayotir, Entoni. Gap shundaki, ezgulik bilan yovuzlikni bir shodaning
donalari deb hisoblasak ham, ularning nisbati to‘g‘risida kam o‘ylaymiz. Yovuzlikning ustunlik qiladigan
kuch ekani to‘g‘risida, yovuzlikning bizning tub mohiyatimizni, burchimizni xonavayron etib, doimo
barbod qilib turishi, bizning umumbashariy qadriyatlarimizni ko‘kka sovurishi haqida, odamning
hozirgiga nisbatan butunlay boshqa sifat kasb etishi uchun yashashning yangi usullarini aqlning bilib
olishiga yovuzlikning yo‘l bermasligi to‘g‘risida kam o‘ylaymiz.
–
Mister Bork, odamlar jismoniy jihatdan bizga o‘xshagani holda sifat jihatidan boshqa intellektga,
zakovatga ega bo‘lishi, butunlay boshqa xulqqa ega bo‘lgan mavjudotlarga aylanishi mumkinmidi?
–
Aylanganda qanday. Biz hammamiz o‘z yog‘imizga o‘zimiz qovrulib keldik, biz butun Koinotda
birdan-bir aqlli mavjudotlar edik. Hech qanday mahluqlar bilan raqobat qilmadik. Shunday ekan, bizda
boshqa ma’naviy evolyutsiya, tamomila boshqa taraqqiyot bo‘lishi mumkinmidi? Bu haqda qanchalar
o‘ylash, munozara qilish mumkin. Lekin shunisi haqiqatki, biz fan va texnika taraqqiyotida ham har
qancha yutuqlarga erishmaylik, hammamiz, afsuski, bir-birlarimizni yamlab yutadigan yirtqichligimizcha
qolayotirmiz.
–
Afsus, ming afsus. Demak, samoviy rohib bizni genetik jinoyat ustida tutib opti-da?! Lekin, har
qancha kaltafahmlik bo‘lmasin, aytayki, bizning hozirgi ahvolimizga nisbatan boshqacharoq bo‘la
olmaganimiz menga alam qiladi. Mister Bork, ana shu fikrda bizlarni mazoxistik kechinmalar sari
eltadigan odatiy idealistik ohang yo‘qmikin?
–
Albatta bor, chunki mazoxizm — cho‘lda turib daraxtzor yo‘q ekan deb shikoyat qilish demakdir.
–
Ana shunday daraxtzor yo‘q bo‘lsa, bundan keyin ham bo‘lmasa, siz nimani taklif qilgan bo‘lur
edingiz.
–
Faqat bir narsani — aql bog‘-rog‘larini barpo qilishni.
–
Bu nima degani?
–
Bu nima degani? Sen tutgan joyidan uzadigan jurnalist ekansan! Filofey kashfiyotlari nuqtai
nazaridan bu faqat bir narsani anglatadi: kassandra-embrionlarning signallariga quloq solish,
Kassandraning har bir belgisini ogohlantirish deb qabul qilish. Bizning qalbimizda yetilib kelayotgan his
— yorug‘ dunyoga kelishdan qo‘rqinch hissini faqat shu yo‘l bilan to‘xtatish mumkin. Genetik halokatning
yaqinlashib kelayotganini har bir kishi, umuman insoniyat bilib-tushunib olmog‘i zarur. Men “Tribyun”
uchun yozayotgan maqolamda xuddi ana shu haqda gapiraman. Kechirasan, Entoni, telefonda
hammasini aytib bo‘lmaydi. Qisqasi, insoniyatning kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati bundan buyon
yangi mazmun olajak, ehtimol, bu evolyutsiyaning yangi bir davrasidir. Kecha Ordokka ham taxminan
xuddi shunday dedim. U ham tashvishda.
–
Ha, mister Bork, bu safar bizning Ordokka yana shuning uchun ham qiyin bo‘ladiki, bu vaziyat
uning siyosiy repertuaridan emas. Ordok kabi siyosatchilarni men yakkama-yakka kurashuvchi
siyosatdonlar deyman. Ordok ko‘z oldida raqib bo‘lsa, ishonch bilan kurashadi, o‘shanda hujumga o‘tadi,
bu hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi kerak. Tor doirada u hatto “zaruriy dushman” tushunchasini
ishlatadi. Ana shundagina u o‘zini g‘olib sezadi. Bunisi esa qandaydir mavhumlik!
–
Unchalik emas, Entoni. Ana shunday mavhumlik ko‘z ochib yumguncha aniqlikka aylanishi
mumkin. Aniqlik bo‘lganda ham qat’iy aniqlikka aylanadi. Chunki bunda gap odamlarning hayoti
to‘g‘risida boradi.
–
Ha, albatta. Men Ordokning psixologik xususiyatini aytib qo‘ymoqchiman, xolos. Lekin bu ayni
vaqtda uning siyosiy hayoti shakli hamdir. Bu shunchaki gap. Men so‘zimni tugatyapman, mister Bork,
aybga buyurmang, siz bilan gaplashgan sari odam xumordan chiqadi. Menga qo‘ng‘iroq qil deya
ko‘rmang, osonlik bilan qutula olmaysiz.
–
Yaxshi, yaxshi, Entoni. Zaruriyat bo‘lib qolsa, nega gaplashmaslik kerak ekan.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |