www.ziyouz.com kutubxonasi
69
— Keyingi bir haftami, o‘n kundami notanish odamlar kelib-ketishmadimi?
— Buni biz bilmaymiz, oposi. Bizning gap poylaydigan odatimiz ham, vaqtimiz ham
yo‘q. Bu do‘mga, ro‘paradagi do‘mga kim kelib-ketayotganini bilsa, Abduqayum biladi.
— Kim u?
— Tepadagi qavatda bitta bola bor. Belidan pasti ishlamaydi. Uzzu-kun aravachasida
o‘tirib olib, ko‘chaga qaragani qaragan. Bir xil paytda suratga ham oladi.
— Samandar Ochilovni oxirgi marta qachon ko‘rdingiz? O‘n kun bo‘ldimi yo yigirma
kunmi?
— Voy, nega o‘n kun bo‘larkan? Uch kun yoki... ikki kun bo‘ldi. Yo‘lakdan
chiqaverishda ro‘para kelib qoldim. Salom bersam alik olmadi. Men ranjimadim.
Shunaqa telba-teskari odati bor odam-da u. Bir hil paytda o‘zi salom beradi, bir xil
paytda xo‘mrayib o‘tib ketadi.
— O‘sha kuni Nafisanimi yo o‘ldirilgan yigitnimi ko‘rmadingizmi?
— Yo‘-o‘q ko‘rmadim...
Narida turgan ayolning yerga qaraganini sezgan Omonullo undan alohida so‘radi:
— Siz ham ko‘rmadingizmi?
Ayol unga qaramagan holda past ovozda «yo‘q», deb qo‘ydi. Undagi o‘zgarish
Omonulloning diqqatidan chetda qolmadi. «Vaqti kelganda oydinlashtiraman», degan
maqsadda sir boy bermadi.
Uning sezgisi aldamagan edi: ayol uch kun oldin Nafisani bu yigit bilan ko‘rgan,
«juvon o‘lgur eri yo‘g‘ida o‘ynashini boshlab keldi», deb sirdosh qo‘shnisiga aytgandi.
Hamma gapni aytaverib keyin balolarga qolmaslik uchun ikkovi ham jim qolishni ma’qul
ko‘rishdi.
— O‘ldirgan odamni topsangiz otiladimi? — deb so‘radi Omonulloning savollariga
javob berayotgan gapdon ayol.
— Siz otilsin, desangiz, otildai.
— Voy, menga nima, battar bo‘lmaydimi! Endi ketaveraylikmi?
— Yana ozgina turing, iltimos. Ekspertlarning ishi chiqib qolishi mumkin.
Omonullo shunday deb ayollar aytgan bola bilan uchrashish niyatida yuqoriga
ko‘tarildi. Eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasini bosishga ulgurmay ichkaridan:
— Kiravering, eshik ochiq, — degan ingichka, ammo jarangli ovoz eshitildi.
Omonullo bu taklifga binoan eshikni ochib, ostona hatlashi bilan o‘sha ovoz
«poyabzalni yechish lozimligini» eslatdi. Bir necha nafaslik sukutdan so‘ng esa, «Endi
to‘g‘ridagi xonaga kiravering», deb taklif etdi.
To‘g‘ridagi xona eshigi lang ochiq edi. Omonullo ostona hatlay turib beixiyor o‘ng
tomonga qaradi: enli deraza yonidagi kichkina karavotda boshi katta odamlarniki kabi,
bo‘ynidan boshlab to oyog‘ining barmoqlarigacha to‘rt yashar go‘dakni eslatuvchi, bola
desa bolamas, yigit desa yigit deyish mushkul bo‘lgan, qo‘llariyu yelkalari chandib
bog‘langan bir odam yostig‘iga suyanib, chordona qurib o‘tirardi. U salom bergach, ko‘z
ishorasi bilan stulni ko‘rsatib «Marhamat, o‘tiring», deb iltifot qildi. So‘ng:
— Abduqayum Mahkam, — deb o‘zini tanitdi. — Uzr, siz bilan qo‘l berib
ko‘risholmadim. Falokatni qarang, suyaklarim sal ezilibdi. Chiqib kelayotganingizni oyoq
tovushlaridan bildim. Xudo menga gavda bermagani bilan quloq bergan. — U shunday
deb kuldi. Uning kulgisi beg‘ubor, ko‘z boqishlarida esa mas’udlik bor edi. Qorachadan
kelgan bu yigitchaning yuzlarida Omonulloni ajablantirgan bir nur zohir edi.
«Ajablantirgan» deyilishining boisi — bu nur «iymon nuri» deyilarki, bu marhamatga, bu
ajrga qanday amallar evaziga yetishmoq mumkinligini Omonullo hali bilmas edi. Shu
bois ham «bunaqa ahvoldagi odam ham baxtiyor bo‘luvi mumkinmi?» degan fikr xayolini
bir yoritib o‘tdi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |