www.ziyouz.com kutubxonasi
67
— Qizingiz yosh, chiroyli ekan, — dedi Omonullo undan ko‘z uzmagan holda. —
Kuyovingiz rashk qilmasmidi?
— Bilmadim... Qizim siz o‘ylagandek chakki yurmagan.
— Men o‘ylagan? — Omonulloning tishi zirqi-rab, jag‘ini ushladi. — Men hali bunaqa
o‘yga kelmadim.
— Savollaringiz g‘alati-ku? Surishtirishingiz ham... Qizimning chiroyli bo‘lgani bilan
nima ishingiz bor?
— Bilib qo‘ying, — dedi Omonullo unga qo‘lini bigiz qilib, — qizingizga aloqador gap —
kattami, maydami farqi yo‘q — ishimiz bo‘ladi. Sizning ishingiz esa, mening savollarimga
to‘g‘ri javob qaytarish, menga tanbeh berish emas. Tushundingizmi? Avval kamalgan
bo‘lsangiz bunaqa gaplarni yaxshi bilishingiz kerak. Ana endi ayting: kuyovingiz bilan
qizingiz qaerda, qay tarzda tanishishgan?
— Bilmayman. Qizimni qaerdadir ko‘rib yoqtirib qolgan ekan. Sovchi qo‘ydi. O‘rtada
nozik odam turgan edi, xo‘p, dedik.
— Sovchi kim edi?
— Sovchimi?... U hozir yo‘q.
— O‘lganmi?
— Nega o‘larkan? Qamoqda u. Sovxozimizning direktori edi, tuhmat bilan ketdi.
Omonullo Tursunalining ismi-nasabini yozib olish chog‘ida ko‘z qiri bilan Toshboltaga
qarab unda yengil sarosima sezdi. «Harholda bularning nikohida bir sir bor, — deb
o‘yladi u. — Yosh, go‘zal qizning bunaqa taviyaga ikkinchi xotin bo‘lib tegishi qiziq...»
Omonullo Tursunalini surishtira boshlaganida Toshboltaning ovozida hadik sezildi,
barmoqlari esa yengil titradi. «Hali bu «bechora ota» bilan ko‘p otamlashamiz, bugunga
shu ham yetar», degan fikrda daftarchasini yopib cho‘ntagiga soldi-da, «Endi bardam
bo‘laverasiz, Xudo sizga sabr bersin», deb yana bir marta ta’ziya bildirdi. So‘ng
doktiloskopistning
19
ishini birpas kuzatgan bo‘lib, tashqariga chiqdi. Zina panjarasiga
suyanib pichirlashib turgan uch ayol bilan qaytadan salomlashdi.
Omonullo «xotinlar bor joyda bizga ham, sudga ham hojat yo‘q», deb hazillashardi.
Bu hazil bejiz emas. Jinoyat yuz bergan yerda kim birinchi paydo bo‘ladi? Militsiyami
yoki xotinlarmi? Militsiya jinoyatchini haftalab yoki oylab qidirib topadi. Sud ishni
haftalab o‘rganadi. Xotinlar esa bu yumushlarni bir necha daqiqada, nari borsa bir
soatda og‘izlari bilan boplab bajarib qo‘yishadi. Hamisha qosh-qovoqqa qarab yashovchi
ma’suma ayol ham bunaqa paytda «siz aralashmang!» deb erini uyiga kiritib yuboradi.
O‘zi esa norasmiy sud hay’ati a’zosi sifatida faoliyatini boshlaydi. Bu safar ham
yozilmagan qoida amal qilgan, guvoh sifatida faqat xotinlar to‘planishgan edi.
Omonullo ostonada paydo bo‘lishi bilan ko‘rinishi King Kongning uzoq qarindoshlarini
eslatuvchi xotin ovozini sal balandlatib «Otish kerak, — dedi. So‘ng qanday otish
lozimligini ham aniqlab berdi: — Stadionga yuz ming odamni to‘plab, peshonasidan otish
kerak. Televizorga ham olib berish kerak».
Omonullo suhbatni ana shu og‘zi botir xotin bilan boshladi:
— Qaysi xonadonda yashaysiz, opa? — deb so‘radi u cho‘ntagidan daftarcha chiqarib.
— Mening uyim bu yerda emas, magazinning tepasidagi do‘mda turaman, — dedi
ayol.
— O‘lganlarni tanirmidingiz?
— Yo‘q-a, men nonga chiquvdim. Xotinlar gapi-rayotgan ekan, kelaverdim-da.
— O‘ldirgan odamni ko‘rdingizmi?
— Voy, nega men ko‘rar ekanman?
19
Barmoq izlarini aniqlovchi mutaxassis.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |