www.ziyouz.com kutubxonasi
66
— Leytenant! — Omonullo shunday deb dahlizda turgan yigitni chaqirdi. Depara vakili
chaqiriqqa mahtal turganday shu zahotiyoq ostonada paydo bo‘ldi: — Murdalarning
shaxsi aniqlandimi?
— Bittasi aniq: Nafisa Boltaeva. 1959 yilda tug‘ilgan. «Umid» kooperativida hisobchi
bo‘lib ishlaydi. Yigitning cho‘ntagidan faqat shu guvohnoma chiqdi, birga ishlashar ekan.
Leytenant shunday deb ko‘k muqovali guvohnomani uzatdi. Omonullo guvohnomadagi
suratda boqib turgan chehraga qarab «ko‘rkam yigit ekan, o‘ynash bo‘lishga arziydi»,
deb qo‘ydi. So‘ng yozuvlarni ovoz chiqarib o‘qidi: — «Faoliyati cheklangan «Umid»
kooperativi. Sanjar Ibrohimov, Bosh direktor o‘rinbosari...» Tanirmidingiz bu odamni?
— Yo‘q,— deb javob qildi Toshbolta to‘nglik bilan.
— Leytenant, kooperativga borib xabar qiling. Marhumlarning shaxsini aniqlab,
natijasini oqshomda menga yetkazasiz.
Leytenant itoat bilan chiqqach, Omonullo Toshboltadan kuyovi ishlaydigan joyning
telefonini so‘radi. Toshbolta avvaliga yelka qisdi, so‘ng qizil muqovali daftarni varaqlab
«O» harfli sahifani ochdi-da, yuqoriga katta-katta qilib yozilgan raqamlarga barmog‘ini
bigiz qilib ko‘rsatdi:
— Shu bo‘lishi kerak. Lekin o‘zi tilponda o‘tirmaydi, chaqirib berishadi. Qizim shunaqa
deganday bo‘luvdi.
Omonullo cho‘ntagidan olgan ro‘molchasi bilan go‘shakni ushlab ko‘tardi-da,
daftarchadagi raqamni terdi. Dam o‘tmay «Eshitaman, gapiring», degan ayol ovozi keldi.
— Menga Samandar Ochilov kerak, — dedi Omonullo.
— Kim so‘rayapti, nima ishingiz bor?
«Olim odam ishlaydigan joyda ham shunaqa qo‘pol gaplashishadimi?»
Shunday deb o‘ylagan Omonullo savolga keskinroq javob qildi:
— Men militsiyadanman. Nima ishim borligini o‘ziga aytaman.
— Ochilov safarda.
— Qaerda, qachon ketgan?
Ayol darrov javob qaytarmadi. Omonulloning nazarida u kim bilandir gaplashib
olganday bo‘ldi.
— Iltimos, o‘zingizni tanitsangiz, — dedi ayol bir daqiqalik sukutdan so‘ng.
Omonullo kimligini aytgach, yana bir necha nafas jimlik hukm surdi. So‘ng go‘shakdan
erkak ovozi eshitildi:
— O‘rtoq kapitan, zarur gapingiz bo‘lsa, kelib gaplashing. Telefonda aytib
bo‘lmaydigan ma’lumotlar ham bo‘ladi, o‘zingiz bilasiz.
Erkak shunday deb manzilni qisqa tarzda tushuntirgach, xayr-ma’zurni nasiya qilib
aloqani uzdi.
Omonullo ularning gap ohangidan «to‘g‘ri Maskov bilan gaplashadigan bola»ning ishi
Davlat siri majmuasiga aloqador ekanini fahmladi. «Tagida verto-lyoti» bor odamni topib
gaplashish oson bo‘lmasligini ham angladi.
— Qizingizning, turmushi yaxshimidi? Eridan hech nolimasmidi? — deb so‘radi
Omonullo go‘shakni jo-yiga qo‘ygach.
— Nimaga noliydi? Uyi bor, usti but, qorni to‘q...
— Farzand-chi?
— Farzandmi?.. Kuyovning ishlariga halaqit berar ekan. Bu ishlari ham to‘g‘ri:
itvachchalarni ko‘paytirishning nima keragi bor?
Omonullo bu gapni eshitgach, etlari jimirlashib ketdi. «Bu asli odammi yo molmi? —
deb o‘yladi unga tikilib qarab. — Mol ham nasl qolirishga o‘zida tabiiy ehtiyoj sezadi.
O‘ziga nabira bo‘lishi mumkin go‘dakni «itvachcha» deyishi... Yo «shu kuyovdan
tug‘ilgan bola «itvachcha» bo‘ladi», demoqchimi? Kuyovni yoqtirmaydimi?»
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |