www.ziyouz.com kutubxonasi
62
Bu savoldan ajablangan suratchi yelka qisib qo‘yib, Omonulloga qaradi. Uning
ajablangani bejiz emas: shu sohada qirq yildan beri ishlayotgan bo‘lsa hali biron marta
murdani yotgan joyidan jildirmagan, boshqalardan bu kabi tanbehnamo savolni
eshitmagan ham edi. Omonullo «xo‘p deyaverasiz-da, endi» deganday ko‘z qisib qo‘ydi.
— Har bir buyumdagi barmoq izlarini olinglar. Qo‘shnilarni so‘roq qiling. Sinchiklab
ishlanglar. Men o‘zimda bo‘laman, kirib o‘tarsiz.
Mels Xo‘jaev shunday deb ko‘rsatmalar bergach, tez-tez yurib chiqdi. Turli jinoiy
ishlar bo‘yicha Omonullo bilan birga ish yuritadigan guruh a’zolari uning bu qilig‘idan
noroziliklarini yashirmay bir-birlariga savol nazari bilan qarab qo‘ydilar. Omonullo
«e’tibor bermanglar», deganday qo‘l siltab, ayol murdasi ustiga choyshab yopayotgan
tibbiy ekspertga yuzlanib so‘radi:
— O‘ldirilganiga uch kun bo‘lgandir?
— Ha, ikki-uch kun orasida. Ikkovi ham bir xilda pichoqlanibdi.
— Bir xilda?
— Ha, aniqroq xulosani yorib ko‘rganimizdan so‘ng aytaman. Hozir olib
ketaveraylikmi?
Omonulloning ruxsati bilan murdalar choyshabga o‘ralib olib chiqib ketildi. Shundan
so‘ng Omonullo «depara militsiyasidanman», deb o‘zini tanishtirgan yigitdan «kim xabar
qilibdi, bildingizmi?» deb so‘radi.
— Marhumaning otasi. Ichkari uyda o‘tiribdi. Alamdan kuyib ketyapti.
— Bolasi bo‘lgandan keyin kuyadi-da. Otamlatsang otamlatgin, bo‘tamlatmagin, —
Omonullo shunday deb beixtiyor jag‘ini ushladi.
— Nima dedingiz, tushunmadim? — dedi yigit.
— Shunaqa maqol bor, — dedi Omonullo og‘riqdan aftini burishtirib.
— Tishingiz og‘riyaptimi? Bugun o‘zi g‘alati kun bo‘ldi. Mening boshim og‘riyapti.
— Tishim og‘riganda oldirib tashlovdim, — dedi Omonullo, yigitning izidan katta
xonaga kirib.
Deraza tokchasiga tirsagini tiraganicha boshini changallab o‘tirgan Toshbolta
Omonulloning ovozini eshitib, orqasiga qaradi.
— Bandalik ekan, otaxon, Xudo sizga sabr bersin,— dedi Omonullo u bilan ko‘risha
turib.
Toshbolta yaqin odamidan hamdardlik so‘zlarini eshitganday avval lablari titradi, so‘ng
ho‘ngrab yubordi. Omonullo uni yelkasidan quchib, «bardam bo‘ling», deb qo‘ydi.
Toshbolta ovunguniga qadar xonaga nazar tashladi: televizor ustidagi surat uning
diqqatini tortdi. Go‘zal juvon yonidagi malla odamdan nari qochmoqni ixtiyor etib, o‘ng
tomoniga surilmoqchiga o‘xshab o‘tiribdi. Ko‘zlariga baxtiyorlik emas, loqaydlik
muhrlangan. Malla odam esa go‘zal juvonga yaqinlashish istagida boshini u tomon sal
egib olgan. «Bular kim bo‘ldi? — deb o‘yladi Omonullo. — O‘ldirilgan juvonmi?
Yonidagisi-chi? O‘lgan erkak malla emasdi, yoshroq ham edi...»
— Qizingizmi bu? — deb so‘radi Omonullo, Toshbolta yig‘idan to‘xtagach.
— Ha, — dedi Toshbolta xo‘rsinib.
— Yonidagi-chi?
— U... kuyov, eri...
— Eri? Qaysi? — Omonullo shunday deyishga deb, nojo‘ya savol berganini darrov
fahmladi. Yaxshiki Toshbolta garangsib turgan edi. Yo‘qsa, bu savolni eshitib «nima
demoqchisan? Qizimning o‘nta eri bormi?!» deb bobillab berishi tayin edi. Omonullo
chalg‘imaslik uchun gapni maromiga to‘g‘riladi:
— Demak, bu kishi kuyovingiz. O‘ldirilgan-chi? U kim?
— Tanimayman u buqachani! — dedi Toshbolta zarda bilan.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |