www.ziyouz.com kutubxonasi
61
qo‘rqardi. Tish tabibi-ku uning ko‘ziga Azroil kabi ko‘rinar, nazarida u tishni emas jonni
sug‘urib oladiganday bo‘lardi. Ikki kundan beri jag‘ tishi zirqiraydi. Ikki kundan beri
mo‘’jiza kutadi: og‘riq o‘z-o‘zidan to‘xtar, deb umid qiladi. Bu tun og‘riq zabtiga olganda
«tong otishi bilan borib shartta sug‘irtirib tashlayman», deb qasd qildi. Tong otdi. Ahdiga
vafo qilib tish tabibiga bordi. Ammo uning shijoati, dadilligi tabib xonasining ostonasiga
qadar yetdi. «Birpas nafasimni rostlay», deb o‘zini o‘zi aldab, oromkursiga o‘tirdi. U kabi
«botir»lar hali tabibga yetib kelmagan, qabulxonada uning o‘zi tizzasi qaltiragan holda
o‘tirardi. Tabib qiya ochiq eshikdan qarab-qarab qo‘yib, oxiri ostonaga keldi-da, «menga
kirmoqchimisiz?» deb so‘radi. Omonullo beixtiyor ravishda bosh chayqab, «yo‘q» dedi.
So‘ng ajablangan tabibga qarab «o‘rtog‘imni kutyapman», deb izoh berdi. Nazarida
tabibni ko‘rishi bilan tish og‘rig‘i to‘xtaganday bo‘ldi. Tabib joyiga qaytishi bilan u
o‘rnidan turdi. Xuddi tabib yana qaytib, «qani bu yoqqa yur-chi», deb zo‘rlaydiganday
tez-tez yurib tashqariga yo‘l oldi. Ishxonasiga yetib kelishi bilan og‘riq yana o‘z zulmini
o‘tkaza boshladi. Ana shu paytda telefon jiringlab uni qotillik sodir bo‘lgan manzilga
da’vat qildi.
Omonullo prokuratura vakili bilan uy yo‘lagida uchrashdi. Dum-dumaloq ko‘zlari kibr
bilan boquvchi, sochlari silliq taralgan, sarg‘ish qaldirg‘och mo‘ylovi o‘ziga yarashmagan
bu yigitni shahar prokuraturasida dastlab ko‘rganida «ish bilan kelgan ashulachi bo‘lsa
kerak», deb o‘ylagan edi. Ikkinchi marta ko‘rganida kim ekan, deb surishtirib, kimning
o‘g‘li ekanini bilgach, «ishqilib shunga ro‘para bo‘lmay», deb niyat qilgan edi. O‘shanda
farishtalar teskari duo qilishganmi, mana, bugun unga ro‘para bo‘lib turibdi. Omonullo
o‘zidan ancha yosh bo‘lgan bu yigitdan salom kutib yanglishdi. Unga yaqinlashib, o‘zini
tanitdi.
— Men shahar prokuraturasidanman. Mels Abdullaevich Xo‘jaev, — dedi yigit qo‘l
uzatib.
— Taniyman sizni, — dedi Omonullo iltifotsiz ohangda.
— Ishni mening nazoratimda yuritasiz, — dedi Mels unga buyruq ohangida.
Agar tishi zirqirab turmaganida ensasi qotganini yashirmay, odatiga xilof qilmagan
tarzda «qulingiz bo‘layin», degan mazmunda piching toshi otishi tayin edi. Hozir bu
oliftaga shu pichingni ham ravo ko‘rmay qoshini chimirib qo‘ya qoldi.
Zinadan ko‘tarilishgan sayin dimoqlariga yomon hid urilib, ko‘ngillarini behuzur qila
boshladi. Omonulloga bunday hid tanish. Sasib yotgan murdalarni birinchi ko‘rishi emas.
Mels Xo‘jaevning esa ko‘ngli behuzur bo‘lib cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib burnini
berkitdi. «Bunaqa ishga endi ro‘para bo‘lishidir, — deb o‘yladi Omonullo. — Lekin bu
oliftaligiga qaraganda yuzinchi marta ro‘para bo‘lsa ham burnini jiyiraveradi. Bunaqa
yigitlarga do‘konda qizlarning siynabandini sotib o‘tirish yarashadi.»
Omonullo o‘z aqli, bilimi bilan o‘qib, ishda ham o‘z farosati, tajribasiga suyanib
yurgani uchun «falonchining o‘g‘liman yoki jiyaniman», deb tirgovichlar yordamida
o‘qigan, suyanchiqlar ko‘magida ishlab, «nodir mutaxassis» sifatida amal pog‘onalariga
ko‘tariladigan nusxalarni yoqtirmas edi. Mels Xo‘jaevni shu toifadan deb bilib, hali uning
aqli farosatidan xabar topmayoq, ensasi qotdi. Bepisand tarzda «ishni mening
nazoratimda yuritasiz», deyishi farosat darajasini o‘lchash uchun kifoya qildi. Iriy
boshlagan murdalar yotgan xonaga kirayotib Omonullo «Ey Xudo, shu
dumbulboyvachchaga ro‘para qilguncha qolgan o‘ttizta tishimni ham og‘rita qolsang
ming marta yaxshi edi», deb qo‘ydi.
Erkakning murdasi hammom eshigi ostonasida, ayolniki esa oshxonada yotardi. Mels
Xo‘jaev erkakning murdasi ustidan hatlab oshxonaga o‘tdi-da, suratga olayotgan kishiga
qarab:
— Murdalarni joyidan jildirmadingizmi? — deb so‘radi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |