www.ziyouz.com kutubxonasi
58
Tursunali bu gap chinmi yo hazilmi ekanini bilmay, gangib qoldi.
— Hoy, it! Senga aytyapti, ur! — deb buyurdi Koshak.
Tursunali shunda ham jur’at etmagach, Tengiz so‘kinib, boldiriga tepib qoldi.
Tursunali bu zarbdan bir munkib tushdi-yu, o‘zini tezda o‘nglab oldi. So‘ng buyruqni
bajarmasa o‘ziga yomon bo‘lishini anglab Murikning yuziga teskari shapaloq tushirdi.
— Murikjan sen shunday urganmiding? — dedi Tengiz. — Ancha ishdan chiqib
qolibsan-da. Hezalakchasiga uradigan o‘g‘ri o‘g‘rimi, a Koshak? — Savolga javoban
Koshak zaharli tirjaydi. Tengiz esa Tur-sunaliga qaradi: — Shu bitta shapaloqqa iching
o‘tib ketdimi? Koshak, bo‘sh vaqt topib sen bunga urush qanaqa bo‘lishini o‘rgatib
qo‘yishing kerak ekan.
Koshakning bo‘sh vaqti hozirga to‘g‘ri kelib, buyruq ijrosini hayallatmadi. Tirjaygan
holda Tursunaliga yaqinlashdi. O‘ng qo‘li bilan yuzini silab turdi-da, chap qo‘li bilan
bexosdan qorniga mushtladi. Tursun-ali bukchayishga ulgurmay musht yeb uch qadam
nariga uchib tushdi. Tengiz tepishga chog‘lanib borayotgan Koshakning yo‘lini to‘sdi:
— Birinchi darsga shu ham yetadi. Endi Murikning pichog‘ini olib ber. Cho‘mich, sen
o‘g‘rilar olamiga zarracha foyda keltirmagansan. Shunday bo‘lsa ham haqiqiy o‘g‘ri
sifatida o‘lishingga imkon beramiz.
— Knyaz, unday qilma, o‘zingga yomon bo‘ladi! — deb xitob qildi Murik jon
achchig‘ida.
Tengiz unga o‘qdek nigohini qadab jim qoldi. Murik aytmasa ham o‘ziga qiyin
bo‘lishini yaxshi biladi. Murikni yollab, vazifa yuklaganlar uning o‘limiga achinganlari
uchun emas, balki topshiriq chala bajarilgani uchun ham g‘azab otiga minadilar. Ilonning
dumi bosib olinsa chaqadi, deydilar. Ammo ilon ba’zan chaqolmasligi ham mumkin ekan.
Lekin Murikni yollaganlar chaqmasdan qo‘yishmaydi. Kechagi «politbyuro» yig‘inida
kutilajak bu holat ham nazardan chetda qolmagan edi. «Shunday qilish kerakki, ilon
kimni chaqishni aniq bilmay chalg‘isin», degan to‘xtamga kelgan «politbyuro» chalg‘itish
yo‘lini izlab topishni Tengizga yuklagan edi.
Kecha Murik Tursunalini ovloqqa boshlaganidayoq Tengizga xabar yetgan edi. Tengiz
birinchi «suhbat» «do‘stona» bo‘lishini bilgani uchun ularning izidan odam jo‘natmadi. U
uchun eng muhimi — Murikning Tursunaliga qopqon qo‘yishi. Nuriddin Tengizni
yo‘qlaganida «politbyuro» aynan Murikning taqdirini hal qilayotgan edi.
Tengiz avvaliga o‘limning yaxshi usulini topganday edi. Murikka «hech kimdan gumon
qilmanglar, jonimdan to‘yib o‘zimni osyapman», qabilida xat yozdirib olmoqchi edi. Hozir
boshqa durustroq usul xayoliga kelib, dastlabki fikridan qaytdi.
— Murikjan, aqlli bola pichog‘ini o‘zi oladi. Sen aqllisan, a? Koshak, to‘xta, unga
tegma. Sen ham pichog‘ingni ol.
— Shu itpashsha bilan olishamanmi? — dedi Koshak norozi ohangda.
— Men senga pichog‘ingni ol, dedim. Olishasan, demadim, — Tengiz Koshak uzatgan
dudamani olib, cho‘ntagidan ro‘molcha chiqardi-da, yaxshilab artdi. Keyin cho‘k tushib
o‘tirgan Tursunalini chaqirdi: — Hoy, laqma, bu yoqqa kel. Tirik qolishni istasang,
o‘zingni himoya qil. Ma, ushla!
Tursunali pichoq emas, zaharga to‘la, chaqishga shaylanib turgan chayon
uzatilayotganday seskanib ketdi. Bosh chayqab, yarim qadam tislandi.
— Men umrimda... odam o‘ldirmaganman, — dedi g‘udranib.
— Senga odam o‘ldir, demadim. O‘zingni himoya qilgin, deyapman. Yo o‘lasan, yo
o‘ldirasan, boshqa chorang yo‘q.
Koshak orqasiga o‘tib, yumshoq yeriga bir tepgach, Tursunali beixtiyor ravishda
pichoqqa qo‘l uzatdi.
— Ha, o‘g‘il bola, shunaqa bo‘lsin. Murikjan, ana, hayoting o‘z qo‘lingda.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |