www.ziyouz.com kutubxonasi
72
— Lekin... — Abduqayum kulimsiradi. — Hozir bu gaplarni eshitishga fursatingiz yo‘q.
Ko‘nglimni og‘ritmaslik uchun indamay tinglayapsiz. Balki menga rahmingiz
kelayotgandir? Sizdan iltimos, rahmingiz kelmasin. Men o‘zimning shu taqdirimdan ham
roziman. Harholda ko‘ryapman, eshityapman, gaplashyapman. Axir ko‘rmaydigan,
eshitmaydigan, tili aylanmaydiganlar ham ko‘p-ku, to‘g‘rimi? Tan olaman, bir oz
ezmaroqman. Lekin laqma emasman. So‘rang, so‘rayvering.
— O‘sha kunimi, oldinmi yo keyinmi Samandar Ochilov kelmadimi?
— Keldilar. O‘sha kunning o‘zida bir ko‘rindilar. Novvotrang «Volga»da keldilar.
Shoshib tushib, shoshilib yo‘lakka kirdilar. Mashinada bitta harbiy odam ham bor edi.
Pogoni ko‘k, polkovnik. Ular ham shoshib turishgan ekan.
— Buni qaerdan bildingiz?
— Haydovchi uch marta signal berdi. Uchinchisida polkovnik eshikni ochib pastga
tushdi.
— Ochilov taxminan qancha vaqt qolib ketdi?
— Taxminan yarim soatcha.
— Boltaeva bilan Ibrohimov bu paytda uyda bo‘lganlar, shundaymi?
— Shundayga o‘xshab qoldi.
— Ochilov shoshib kirgan ekan, qaytishda-chi? Qanaqa ahvolda qaytdi, kiyim-
boshlarida o‘zgarish bormidi?
— Kiyimlarida o‘zgarish sezmadim. Lekin sekin-sekin yurib chiqdilar. Qo‘llarida
diplomat bor edi. Polkovnik bir nima devdi, unga javob qaytarmasdan indamay
mashinaga o‘tirdilar. Mashina yurishidan oldin derazalariga bir qarab oldilar. Lekin siz
bundan darrov bir xulosa chiqarmang.
Abduqayumning keyingi gapi Omonulloga malol keldi.
«Qimmatli maslahatingiz uchun rahmat, uka», deb piching qilmoqchi edi, tishi
zirqirab, gapirtirmay qo‘ydi. Mehmonning afti burishganini ko‘rgan Abduqayum
chegaradan chiqqanini fahmlab, uzr so‘radi:
— Gaplarimdan xafa bo‘lmang, aka, mantiqan olib qaralsa, «er qotil» degan xulosa
kelib chiqadi. Lekin bunaqa olim odamlarda rashk kuchli bo‘lmaydi. Ular odam o‘ldira
olishmaydi. Nari borsa bir shapaloq urib, to‘nni yelkaga tashlab chiqib ketishadi.
Abduqayumning gaplarida jon bo‘lsa ham Omonulloga malol keldi. Bir yigitchaning
yoshi ulug‘ odam kabi fikr yuritishi, unga aql o‘rgatishi g‘ashini keltirdi. Abduqayumning
tug‘ilib, tilga kirganidan beri o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab-kulolmay, yotgan yerida faqat
kattalar bilan suhbatlashishi oqibatida shunday sergap, shunday maslahatgo‘y bo‘lib
qolganining fahmiga yetmadi. Bu xonadonga kirib Abduqayum bilan suhbatlashgan har
bir odam istasa-istamasa uning ko‘ngliga qarashga majbur bo‘lar edi. Omonullo garchi
g‘ashi kelgan bo‘lsa-da, bu yozilmagan qoidaga beixtiyor bo‘ysundi. O‘zini kulimsirashga
majbur etib:
— Sizdan xafa bo‘lgan — o‘g‘ri, — deb hazil qildi. So‘ng jag‘ini ushlab, izoh berdi: —
Tishim og‘riyapti.
— Tishingiz og‘risa do‘xturga bormang. Men sizga davolashning osongina yo‘lini
o‘rgataman. Tish nimaga og‘riydi? Sovuq tekkani uchun. Sovuqni qanday haydaysiz?
Bitta piyolani olib, ichiga yog‘ surasiz-da so‘ng qizdirasiz...
Hozirgina yigitchaning o‘ta dono ekanligidan g‘ashlana boshlagan odam endi bu
gaplarni jon qulog‘i bilan eshitdi. Maslahat so‘ngiga yetguniga qadar nima maqsadda bu
yerga kirganini unutdi. Yigitchaning maslahati bu safar moydekkina yoqdi. Afsuski,
hozirgi tashvish bilan yaqin soatlarda uyiga borolmaydi. Kechasi ham borish nasib
etadimi yo yo‘qmi — Xudo biladi. Ishdan holi bo‘lganida hoziroq borib shu yigitcha
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |