«AZIZ MEHMON»
Daraxt kesishga ijozat berilib, keraksiz zovur qazish barham topdi. Yer yuzasi qalin
qor bilan qoplangan kezlarda kutilgan «aziz mehmon» — o‘g‘rilar olamida «Murik»
degan yangi laqab olgan Slava Galiulin paydo bo‘ldi. Tengiz qish kunlari ham barakda
biqib yotmay, tashqarida yoqilgan gulxan yaqinida o‘tirishni xushlar edi. Ayniqsa, qor
10
Abdulla Avloniydan.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
42
bo‘ralab yog‘ayotgan damda uzoq o‘tirardi. Bunday paytda baland tog‘ bag‘riga
joylashgan ovuli yodiga tushib, yuragi ezilardi. Yelkalariga bo‘rklarini tashlab olgan ovul
oqsoqollari gulxan atrofida suhbat qurishardi. Ergashib chiqqan nabiralarni bobolari
bo‘rkka o‘rab olishardi. Bular orasida Tengiz ham bo‘lardi. Ular xuddi xaltadan boshlarini
chiqarib javdirayotgan kenguru bolalariga o‘xshab ketishardi. Bobolari ularni sovuqdan
asramoqchi bo‘lishardi. Ammo bolachalar «kenguru xaltasida» uzoq o‘tira olishmasdi.
Tipirchilayverib, bobolarining jonlariga tegaverishgach, «ozodlik»ka chiqishardi. Qorda
yugurib-yugurib, dumalab-dumalab o‘ynashardi...
Qani o‘sha ozod onlar... Qani o‘sha mehrli bobolar... Qani ularning yomon
shamollardan asraguvchi bo‘rklari... Qani ona ovul...
Ana shu hislar bilan o‘tirganida kimdir gulxanga yaqinlasha boshladi. Ozod
osmonlardan yayrab-o‘ynoqlashib tushib, to bahorning issiq nafasiga qadar yastanib
yotmoqni niyat qilgan qor og‘ir qadam yukiga dosh berolmay zorlanib g‘ijirladi. Tengiz
«kim ekan bu?» deb o‘girilmadi. U «aziz mehmon»ning shu kezlari kelishini kutayotgan
edi, ziyrak zehni bu safar ham pand bermadi.
«Aziz mehmon» ikki qadam narida to‘xtab ovoz berdi:
— Salom, Knyaz!
Tengiz salomga darrov alik olmadi. Qo‘lidagi kosov bilan gulxandagi o‘tinlarni titib
qo‘ygach, orqasiga o‘girildi-da:
— Ha, Cho‘mich, keldingmi, o‘tir, — dedi.
Tengizning o‘rnidan turmagani, ko‘rishmagani, atrofida xira pashsha kabi har on
g‘ing‘illab g‘ashiga teguvchi odamni ko‘rganday ensasining qotishi sababsiz emas edi.
«Murik»ning xoinligi xususidagi ma’lumot, garchi tekshirib, aniqlanmagan bo‘lsa-da,
unga iltifot ko‘rgazmoqqa mutlaqo yo‘l bermasdi. Tengiz hech narsa bilmaganday uni iliq
qarshilashi, gapni aylantirishi mumkin edi. Lekin buni istamadi. Chunki u ayyorlikka
nisbatan tog‘liklarga xos mag‘rurlikni afzal bilardi.
Murik Tengizning sovuq muomalasidan ajablanmadi. Avvalo «knyaz» martabasidagi
bu yigitning dovrug‘ini eshitgani bilan o‘zini endi ko‘rishi. Garchi «qonundagi o‘g‘ri»
degan maqomga Tengizdan avvalroq yetishgan bo‘lsa-da, bu olamda yetarli darajada
nom chiqara olmagan edi. Shunday ekan, dovruqli o‘g‘rining bu qadar bepisandligi,
tabiiy bir hol bo‘lmog‘i aniq. Biroq Murik bu iltifotsizlik boisini yaxshi angladi. Qamoq
lagerlarida maxsus topshiriq bilan yurgani o‘g‘rilar olamiga ma’lumligini, o‘ziga «Murik»
degan laqab taqalganini u bilar edi. Bu ishga rozilik berganidayoq oqibatni — o‘g‘rilar
olamida la’natga uchramog‘i aniqligini hisobga olgan edi. Ammo tarozining boshqa
pallasidagi o‘lja qarshisida bu la’nat arzirli gap emasdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, «qimor»ga juda
katta boylik tikilgan edi. Murik nafs oldida ojiz qoldi — o‘zini to‘xtata olmay «yo o‘laman,
yo bo-yib ketaman», deb tavakkal qildi. «Ilohiy tuyg‘ular ruhga hayot berur, hayvoniy
orzular hayvoniy hislarga quvvat berur», deganlaridek, yaxshilik ko‘chasidan yurmagan
bu odamning o‘zgacha qarorga kelmog‘i mumkin ham emasdi.
Murik Tengizning yelkasiga kaftini qo‘yib, go‘yo salomlashgan bo‘ldi-da, qarshisiga
o‘tib, g‘o‘lacha ustiga o‘tirdi.
Tentiz qo‘lidagi kosov bilan gulxanni yana titib qo‘ydi. Taqdirga tan berganicha ohista
yonib ado bo‘-layotgan o‘tinlar bu titkilashga dosh berolmay faryod chekkanday hisobsiz
uchqunlar sachratdilar: go‘yo o‘layotgan o‘tinlarning bezovta ruhlari osmonga
sapchiganday bo‘ldi. Bu hol uzoq davom etmay, alanga yana o‘tinlarni yamlab yutaverdi.
Uning mag‘rur tillari uchqunlarni quvalab yuqoriga intildi. Ammo o‘chgan uchqunlarning
izlarini topolmay to‘lg‘ondi.
Bir olamning ikki fuqarosi orasida gulxan ana shunday hunar ko‘rsatmoqda edi.
Tengiz kutilgan mehmonga qattiq tikildi. Murik esa bu nigohni sezmaganday xotirjam
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |