www.ziyouz.com kutubxonasi
40
«Qulsan, bo‘tam, qulsan. Ko‘zlari yumuq qulsan. Aqli muhrlangan qulsan. Ko‘zlaring
ochiq bo‘lsa edi, ozodlik sari yurgan bo‘lar eding. Aqling qulflari buzilsa edi, kishanlarni
urib sindirar eding».
«Kishan? Yo‘q, bizda kishan...
«O, ko‘ngil, sen bunchalar nega
Kishanlar bilan do‘stlashding,
Na faryoding na doding bor...»
Bo‘tam, sen bu satrlarni bilarmisan? Cho‘lponni eshitganing bormi?»
«Cho‘lpon? Kim u?»
«O, millat, baxti qaro millat! Seni zulmatdan yorug‘likka olib chiquvchi avlod shularmi
edi?»
«Gaplaringizni tushunmayapman?»
«Vatan nadir? Millat nadir? Erk nadir? Anglarmisan o‘zing? «Kulgan boshqalardir,
yig‘lagan menman... Hayvon qatorida sanalgan menman...» O, millat holing na bo‘lar
endi»
«Ota, biron yeringiz og‘rimayaptimi? Kasal emasmisiz?»
«Men sog‘man, bo‘tam, millatim xastadir. Men bugunmi, ertami o‘limimni toparman.
Oqibat bu yorug‘ dunyoga sig‘may qolarman. Vatan sog‘inchi bilan tepayotgan
yuragimga bittagina o‘q kifoya. Vatanni bir martagina ko‘rmoq umidimni o‘zim bilan
tufroqqa olib keturman».
«Vatan, Vatan, deysiz? Vatanda turibsiz-ku?»
«Bir jihatdan gaping to‘g‘ri, bo‘tam. Bu Xuroson — bobolarimiz Vatani. Bizningda
Vatandir bu. Ammo mening kindik qonim to‘kilgan Vatan — Andijondir».
«Ie, men ham o‘sha yerlikman».
«Qora qoshlaringga qarab ko‘nglim sezib edi. Sen kirishing bilan Vatan isi dimog‘imga
ufurdi. Shu bois so‘zlayverdim».
«Ismingiz nima, otaxon?»
«Ismim — Darbadar».
«Ie, shunaqa ism ham bo‘ladimi?»
«To‘g‘ri, bunaqa ism yo‘q. Lekin shunaqa odamlar bor. Mingtepa degan joyni
bilasanmi? Jannatmakon otamning kindik qonlari o‘sha qishloqqa tomgan. Otam bir
yoshga to‘lmay turib bobomning yurak qoni shu qishloqda oqqan. O‘ruslar Mingtepa
ariqlarida inson qonlarini oqizib, so‘ng atrof qishloqdagilarni adirga haydaganlarini nahot
eshitmagan bo‘lsang? O‘zbeklarni darbadar qilib, ularning o‘rniga o‘ruslarni ko‘chirib olib
kelib «marhamat, yashanglar!» deganlarini ham eshitmaganmisan? Axir o‘sha fojiadan
«Marhamat» degan nom xotira bo‘lib qolgan-ku? Yo Rab, bu ne ko‘rgulik? Dukchi
eshonni bilarsan balki?»
«Maktabda o‘qiganmiz. Odamlarni aldab boyigan kishi ekan».
«Astag‘firulloh! Eshon hazratlarining niyatlari ko‘krak suti kabi pokiza edi. Vatanni
ozod etmoqni niyat qilib edilar. Jannatmakon bobom hazrat eshonning muridlari bo‘lgan
ekanlar. Ularning isyonini eshitganmisan?»
«O‘qiganmiz. Uch-to‘rt soatda bostirilgan ekan».
«Nima uchun shu qadar tez bostirilgan? O‘ylab ko‘rganmisan?»
«Biz o‘qituvchi o‘tgan darsga ishonamiz. O‘ylamaymiz».
«Yo millat, holingga voy! Sen bir o‘yla, bo‘tam, Eshon hazratni fitna, ig‘vo tuzog‘iga
tushirganlar. O‘ruslar eshon hazratdan qo‘rqqanlar. Hazratning atrofiga odamlar tobora
ko‘p to‘planaverganlar. Yana bir yil qo‘yib berilsa, Eshon hazrat g‘oyat katta kuchga ega
bo‘lur edilar. Agar jihod bir yil keyin boshlanganida bu yurtlarda o‘rusning urug‘i qurur
edi. Bilib qo‘y: millatni xor qilgan o‘ruslar emas, o‘zimizdan chiqqan xoinlar, ig‘vogarlar.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |