www.ziyouz.com kutubxonasi
39
o‘ylashmas edi. Har kuni o‘nlab qora temir tobutlar selining oqib kelayotganini ular
bilmasdilar.
Nuriddin esa, «Nima bo‘lsa, peshonamdan ko‘rdim», deb o‘zini taqdir yozug‘i
ixtiyoriga bergan edi. U jang-gohda yetti uxlab tushida ko‘rmagan fojialarga duch keldi.
Dastlab «bu vahshiyliklarni ko‘raverib jinni bo‘lib qolsam kerak», deb o‘yladi. Yo‘q,
aqldan ozmadi, aksincha, diydasi qotib bordi. U afg‘onlarning nima uchun
urushayotganini tushunmas edi. Uning uchun bir narsa aniq — qarshisidagi dushman!
Sen otmasang, u seni o‘ldiradi. Chunki u uchun sen dushmansan! Bu dunyo-da yashab
qolmoq uchun ham qarshingdagini o‘ldirishing shart. «Baynalminal burch», «Afg‘oniston
ozodligi», degan tushunchalar minginchi darajadagi masala edi. Ajal o‘qlari yog‘ilib,
faqat o‘z joning ko‘zga ko‘rinib turgan onda faqat aqldan ozgan odamgina bunday burch
haqida o‘ylashi mumkin. «Qarshimdagi dushman emas, musulmon birodarlarim. O‘z
uyini, molu jonini himoya qilgan odam nima uchun dushman bo‘lar ekan?» degan
tushuncha ham Nuriddinga yot edi. Qadimda Xuroson deb atalmish bu yurtni bobolar bir
tomondan ingliz, shimoldan esa o‘rus hamlasidan himoya qilib jon berganlarini ham
bilmas edi. O‘rusga qarshi jihodda jon berganlarning avlodlari endi o‘rusga sherik bo‘lib
jon olsa... Bobolar o‘rusga Xurosonni bermagan edilar. O‘rus Termiz bilan Ko‘shkdan nari
o‘ta olmagandi. Nuriddin bularni ham bilmas edi. Bilganda-chi? Bilganda nima qila olar
edi? «Bobolarim yurtiga qarab o‘q otmayman» desa, «Mayli uka, siz uyingizga qayta
qoling, bu yog‘ini o‘zimiz eplashtiramiz», deyisharmidi? Be, insof qilishsa «xizmatdan
bo‘yin tovlash» deb qamashardi. Rahm qilishmasa shartta otib tashlashardi — vassalom!
Nuriddin o‘zini Darbadar deb atagan qariya bilan uchragunicha aqlsiz go‘dak kabi edi.
Darbadar otilganidan beri oradan to‘rt yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Qariyani otish uchun
besh kishi chiqishdi. «Otilsin!» deb buyruq berildi. U ham beixtiyor tepkini bosdi.
Mo‘ljalga olmadi. Balki o‘qi xato ketgandir, qariyaga tegmagandir?
O‘q otilmay turib qariya unga qarab jilmayib qo‘ydi. Nega jilmaydi ekan? «Men
Vatanning bir bo‘lagiman, sen Vatanga qarab o‘q uzmaysan, a?» demoqchi bo‘ldimi? Yo
«Ana, aytmovmidim, qul bo‘lganing uchun ham bularga qo‘shilib chiqding»,
demoqchimidi? Nuriddin bu jilmayishning ma’nosini uqishga ko‘p harakat qildi. Biroq,
tayin bir xulosaga kela olmadi. Badani o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan Darbadar ko‘kragini
changallab, yana Nuriddinga tikildi. Bu safar jilmaymadi. Yo‘q, yo‘q, ko‘zlari bir nuqtada
qotdi: o‘tkir nigohiga savol alomati muhrlandi. Nuriddin bu qarashning ma’nosini ham
uqmadi.
O‘sha fojeadan keyingi tunlar Nuriddin uchun behalovat, azobli tunlarga aylandi.
Darbadar o‘sha savol alomati muhrlangan nigohi bilan har tun uni ta’qib etadigan bo‘ldi.
Asirlar saqlanadigan hibsxonada Darbadardan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Nuriddin
hibsxonani qo‘riqlash uchun navbatni qabul qilganida bundan keyingi hayoti alg‘ov-
dalg‘ov bo‘lib ketishini o‘ylamagan ham edi. Avvaliga «gapirish mumkin emas», deb
ogohlantirdi. Darbadar «Sen gapirma, eshit», deb so‘zlayverdi. Xuddi tarix o‘qituvchisi
dars o‘tayotgandek edi. «O‘sha suhbatdan so‘ng yigitning ongi o‘zgardi, vatanparvarga
aylandi», desak lofga o‘rin bergan bo‘lamiz.
Vatanni bir martagina bo‘lsa ham ko‘rishga zor ko‘zlar jon taslim qilinganidan so‘ng
ham yumulma-gan edi. Ana shu ko‘zlar tunlari Nuriddinni uyg‘otardi...
«Qo‘lingni uzat, bo‘tam, qo‘rqma, kaftingni bir hidlay, undan Vatan hidi kelsa ajab
emas. Imkonim bo‘lsa edi, seni bir quchar edim. Axir sen Vatanimning bir zarrasisan.
Men ham bir bo‘lagiman. Taqdir o‘yinini qaragina — Vatan ikkiga ayrilmish — biri
qafasda, biri esa, qullikda».
«Men qul emasman».
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |