www.ziyouz.com kutubxonasi
38
bersin», degan edi. Bugun Tengiz yaqinlashayotganini ko‘rib, bir ichi yorishdi-yu, keyin
yana zulmat qo‘ynida qoldi.
Nuriddin uning iltimosini Tengizga aytgan edi.
— Hamzat, — dedi Tengiz unga javoban, — sen hech qachon odamlarga, ayniqsa,
bunaqalarga achinma. Bu odam kim bo‘lgan, bilasan-a? Sovxoz direktori! Bu yerda sen
bilan menga yalinib yuribdi. Amal otida kerilib, davr surayotgan damlarida bizni odam
o‘rnida ko‘rarmidi? Bu xunasa boshqalarni eshshakday ishlatib, o‘zi maishatini surib
yurgan. Ana endi mehnat nima, azob nima bilib qo‘ysin.
— U chidolmaydi, o‘lib qoladi, — dedi Nuriddin.
— Qo‘yaver, o‘lsa ham mehnat bilan o‘lsin. Sen daraxt kesish boshlanguniga qadar
mening yonimda yura turasan. Ammo bir narsani unutma: men bilan bo‘lganingda
ko‘zing ko‘r, qulog‘ing kar bo‘ladi. Ko‘rganingni ko‘rdim demaysan, eshitganingni
eshitdim demaysan.
Nuriddin bu buyruqqa itoat etdi. Bu itoati bilan o‘g‘rilar olamiga dastlabki qadam
qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi. Shu paytgacha o‘g‘rilar sirtmog‘iga bo‘yin bermay
kelayotgan edi. Tengiz ko‘zga ko‘rinmas sirtmog‘ini ustalik bilan tashladi. O‘sha kuni
«politbyuro» to‘plandi. Hal qilinadigan aniq masala yo‘q edi. Shu bois «chefir» choy
ichib, qarta o‘ynab gaplashib o‘tirishdi. Qo‘tos ham, Koshak ham, boshqalar ham
xizmatdagi Nuriddinga qarab-qarab qo‘yishardi. Koshak nech-ta uyni bosganiyu qancha
odamni asfalasofilinga jo‘natganini aytayotganida Tengiz uning gapini bo‘ldi:
— Koshak, biz bu gaplarni bilamiz. Agar Hamzatni qoyil qoldirmoqchi bo‘lsang,
yanglishasan. Hamzat Afg‘onda o‘ldirgan odamlarni sen sanog‘iga yeta olmaysan.
Koshak «shunaqami?» deganday Nuriddinga zimdan qarab qo‘ydi. Tengiz aytmasa
ham Nuriddinning kimligi, ochiqlikda nima qilgani bu yerdagilarning hammasiga ayon
edi. Bu choyxo‘rlik, bu xizmat bo‘lajak o‘g‘ri bilan «yaqinroq tanishish» maqsadida
uyushtirilgandi.
«Politbyuro» a’zolariga Nuriddin ma’qul keldi. Unga qarshi e’tiroz bildirilmadi.
Tarqalish paytida Koshak:
— Uning tarbiyasini Qo‘tosga ber, — deb talab qildi.
— Hozir emas, — dedi Tengiz, — Bu bola egar urilmagan asov ot. Hurkib ketadi. Uni
o‘zim egarlab, jilovlab beraman. Ana undan keyin Qo‘tosning qo‘liga tutqizaman.
Nuriddin Bifshteksni o‘ldirgach, qamoq lagerida o‘ziga nisbatan munosabat
o‘zgarganini sezdi. «Polit-byuro» majlisidan so‘ng esa, lager boshliqlari ham unga
yumshoqroq muomala qila boshladilar. Ana shunda Nuriddin «bularga bog‘lanib to‘g‘ri
qildimmi?» deb o‘ylandi. Bulardan uzoqlashishning turli yo‘llarini izladi. U fahmi yetgan,
bilgan barcha yo‘llarning boshi berk edi. «Faqat o‘limgina bulardan qutqarishi mumkin»,
degan to‘xtamga keldi.
Garchi qamoq lagerida erkinroq yurishga sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, u ruhini
qafasdan bo‘shata olmas edi. U Bifshteksdan zo‘rroqlari bilan ham olishmog‘i mumkin,
ammo o‘zini o‘zi yenga olmas edi. «Ismingiz nima, otaxon?» deb so‘raganida kulimsirab
turib «Darbadar» degan o‘sha qariyani qutqarib yuborolmagani uchun o‘zini o‘zi to
o‘lgunicha la’natlasa kerak.
Tayyorgarlik mashqlari davrida askarlar orasida «Afg‘onga tashlashar ekan», degan
mish-mish yurardi. Birovlar qo‘rqib, najot istab uylariga xatlar yozsalar, boshqalar
«baynalminal burch»ni bajarish, qahramonlik ko‘rsatish ilinjida janggohga oshiqardi.
Ba’zi yigitlar esa, «Afg‘ondan qaytganlar istitutlarga imtihonsiz qabul qilinar ekan», deb
umid qilishardi. Institutlarga kirish uchun Afg‘ondan tirik holda qaytish lozimligini esa
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |