www.ziyouz.com kutubxonasi
47
Tursunali shunday bandalardan biri. U marhamat so‘rab Xudoga ko‘p yolboradi.
Ammo iymon kalimasi bilan yumshamagan tildan uchgan bu yolborishlar qabul
bo‘larmikin, vallohi a’lam?! Insonlarni salomatga, saodatga erishtiruvchi yagona narsa
iymondir. Bani Odam har qanday yomonlikni faqat iymon bilangina yengajagini va har
bir zafarga faqat iymon bilan erishajagini anglab yetmoq shu qadar mushkulmi? Dunyo
to‘plashga yetgan aql bu haqiqatni tushunishga kelganda qosirlik qilarmi? Yoki buni
fahm eta olmaslikka qalblarning muhrlangani sababmi ekan?
Tursunali bir muttahamning aldov so‘zlariga mahliyo bo‘lib «Xudo menga marhamat
qildi», deb o‘tiribdi. Nodon banda bilmaydiki, bu odamning ro‘para bo‘lgani —
gunohlariga yarasha va’da qilingan ajrlarning davomidir. «Gunohim nima edi?» deb
yanada battar yig‘latadigan daqiqalarning debochasidir.
Tangrining marhamatiga erishmoq oson edi. Nafsni tiymoqqa kuch topsa, sabr eta
olsa, kunni shukr bilan o‘tkazsa bas edi. Bu unga og‘ir tuyulib, yanada mashaqqatliroq,
azob oroliga yetaklovchi yo‘lni tanladi. Hamonki shu orol nasib etgan ekan, o‘zi pishirgan
oshni ichmoqdan o‘zga chorasi yo‘qdir!
Tursunali Murikning shirin so‘zlariga mast bo‘lib o‘tirganida pastdagi karavotda
yotuvchi «qo‘shni»si bexosdan «Ablah, maraz!» deb qichqirib yubordi. So‘ng qo‘lidagi
maktubni pora-pora qilib yirtdi. Keyin esa duch kelgan narsani tortqilab, irg‘itaverdi.
Bunga ham qanoat qilmay karavotni mahkam changallaganicha silkita boshladi.
Atrofdagilar «hay-hay»lab ushlab qolishmaganida Tursunalining tepadan yerga qulashi
aniq edi.
Chorasiz odam joyiga o‘tirib yig‘lay boshladi. Dunyodagi eng ayanchli narsa balki
erkakning yig‘lashidir. Qamoq lagerlarida esa tez-tez uchrab turgani uchunmi ayanchli
tuyulmaydi. Kunduzlari butalar panasida, tunlari esa yostiqqa hasratlarini to‘kkan tarzda
yig‘lash odatiy hol. Lekin bu chorasiz odam kabi ho‘ngrab, yelkalari silkinish darajasi
yig‘lamoq kamyob hodisa. Shu sababli ham «Nima bo‘ldi, nega dodlayapsan?» deb
so‘raguvchilar topildi. Chorasiz odam avvaliga qo‘l siltab qo‘yib javob bermadi. Dam
o‘tmay ko‘z yoshi daryosi qurib, hasrat dengizi esa tosha boshlagach, dardini aytdi:
— Xotinim mendan ajralishibdi. Ablah, iflos! Axir men uni sevardim. Men uni deb
o‘tiribman bu yerda. Odamni men bosmaganman. Rulda uning padarla’nati ukasi edi.
Mashinamni yashirincha olib chiqqan ekan, hayvon! Xotinim «yolg‘iz ukamni qutqarib
qoling», deb yalinsa, men laqma bo‘ynimga olib o‘tiribman.
— Ukasi yolg‘izmidi?
Chorasiz odamning talvasasini ensasi qotgan tarzda kuzatayotgan Qo‘tos shunday deb
unga yaqinlashdi.
— Ha, bittagina ukasi bor edi.
— Eri-chi? Eri nechta edi?
— Tushunmadim, o‘rtoq, bu nima deganingiz?
— Ukasi bitta, ammo eri bitta emas ekan, demoqchiman.
— Unday demang, biz bir-birimizni sevar edik.
— Burningni art! He, mishiqi! — Qo‘tos shunday deb hech bir kutilmaganda tarsaki
tortib yubordi. Zarbning zo‘ridan chorasiz odam yonboshlab qoldi. Tarsakidan
qanoatlanmagan Qo‘tos unga qarab tupurdi.
— Sen ham erkakman, deb yuribsanmi? Bir-birini sevar emish! Bilib qo‘y, «sevgilim!»
deb quchoqlaganida xayolida sen emas, ketvorgan o‘ynashi turadi. Hezalak! Xotinlarni
senga o‘xshagan hezalaklar buzadi. Eplash qo‘llaringdan kelmasa nima qilasanlar
uylanib?! Shu hollaringga yana ko‘ngillaring begonalarni ham tusaydi. Sen ham
borarmiding begonaga? — Yuzini silab o‘tirgan chorasiz odam indamadi. — Borarding.
Begona bilan o‘pishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini surardi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |