www.ziyouz.com kutubxonasi
55
— Seni uning changalidan qutqarishim kerakmi? Kallang joyidami?! U sen bilan
uchrashish uchun atay bo‘ynini sirtmoqqa tutib bergan. Bekordan bekorga qamaladigan
bolamas u. Bir narsaning isini sezmasa izingdan tushmas edi. Shu bugundan boshlab
shartni bekor qilaman. To‘laydigan solig‘ing ham o‘zingga siylov. Erta-indin uyingga
odam borib, aytgan yeringni titadi. Hech narsa topolmasa xotin, bola-chaqangni
o‘ldiradi. Keyin o‘zing bu yerda it azobida o‘lasan. Shunaqa bo‘lgani durust. Sen
ahmaqni himoya qilganim uchun men o‘g‘rilar orasida isnodga qolaman. Yo‘qol, ko‘zimga
ko‘rinma.
— Nega ishonmaysiz? — Tursunali shunday deb yig‘lab yubordi.
Tengiz «o‘l bu kuningdan!» deganday aftini burishtirdi-da, burilib nari ketdi. To‘rt-
besh qadam yurib, gulxan yaqinidagi to‘nkaga o‘tirdi.
Tursunali nima qilarini bilmay gangigan holda turib qoldi. Yordamga ishongan edi,
najotni Yaratgandan emas, shu yigitdan kutgan edi. Hozir ham umidining so‘nggi iplarini
shu odamga bog‘ladi. Agar hozir bir mo‘’jiza yuz berib, Tangri-taolo aytsaki, «Ey Odam
bolasi, men butun olamlarning yaratuvchisiman, sen ham bandasan, u ham bandamdir.
Najotni kimdan kutasan?» Nodonlik, jaholat chodiriga tamoman burkalib olgan, ko‘z
nurlarini, aql-farosatini shayton alayhila’na ixtiyoriga butkul topshirgan bu banda hech
ikkilanmay ikkinchi bandani ko‘rsatar edi. (Astag‘firulloh!)
U asta yurib, ho‘ngrab yig‘lagan holida Tengizga yaqin keldida, yonida tiz cho‘kdi. Shu
yoshga kirib biron marta bo‘lsin Yaratganiga sajda qilmagan banda xorlik libosiga o‘ralib
ikkinchi bir banda yonida tiz cho‘kdi. Tengiz to‘g‘ri aytgan edi: erkakning bu qadar
xorlanishidan ko‘ra o‘lib ketavergani ming karra afzalroq.
— Meni qutqaring. O‘lguningizcha qulingiz bo‘la-yin.
Tengiz salgina burildi-yu, uning yonog‘iga musht tushirdi. Marhamat kutib tiz
cho‘kkan Tursunali bu zarb-dan chalqanchasiga yiqildi.
— Mishig‘ingni art, he xunasa! — Tengiz shunday deb kaftiga qor olib ishqadi. — Qul
bo‘larmish... Sendaqa erkakni moyagidan osib qo‘yish kerak. Erkakman, deb yuribsanmi
hali... — Tengiz xumordan chiqqunicha so‘kib, unga qarab tupurdi. — Oilangning
ehtiyotini qilaman. Ular yemagan somsalariga pul to‘lab yurishmasin. Sen bilan ishim
yo‘q. Yo‘qol!
«Hammang bir go‘rsanlar! Hammang ablahsanlar! Hammangni qirib tashlash kerak!
Urug‘laringni o‘ynatib tashlash kerak!» — Tursunalining xayolini shunday hayqiriq
to‘zitdi, ammo bo‘g‘zi bu nidoni tilga ko‘chishiga yo‘l bermadi. Tengizning salgina yon
bosgani unga dalda bo‘lib, o‘rnidan turdi. Rahmat aytib, iziga qayta boshladi. O‘n
qadamcha bosib to‘xtadi-da, najot ko‘zlari bilan orqasiga o‘girilib, Tengizga qaradi. «Kel,
bo‘pti, o‘zingni ham himoya qilaman», degan gapni kutdi.
Ish joyiga qaytib, qo‘liga bolta oldi. Amal kursisini egallab, raykom taxtiga yo‘l
ko‘rsatgan aqli endi jonini saqlab qolish yo‘lini aniqlashga ojizlik qilayotgan edi. Yuzlab
odamlarning nonini yarimta qila olgan tadbirlari bu yerda o‘lumtuk ahvolga tushdi. Aql
ham, tadbir ham unga xiyonat qildi. Aql, tadbir deganlari shayton izmida bo‘lgach,
o‘zgacha oqibat kutish mumkinmi?
Beixtiyor ravishda daraxt shoxlariga bolta urar ekan, qutulish choralarini izlaydi.
Ammo sonsiz kapalak singari to‘zigan fikrlari o‘ziga bo‘ysunmaydi. Shaytonning burchi
uni jar yoqasiga yetaklab kelmoq edi — vazifasini ado qildi. Qadamini bir qarichgina nari
tashlasa kifoya. Shu paytgacha shaytonning mehri bulog‘idan suv ichib, quvvat olgan
aqli uni asrab qola olarmikin?
Bu aql unga yagona najot yo‘lini ko‘rsata boshladi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |