www.ziyouz.com kutubxonasi
56
Najot — O‘LIM! Qanday go‘zal manzil! Bu azoblar, bu xorliklar birato‘la barham
topgusi. Birgina harakat kifoya, bir necha nafas kifoya. Yana ikki-uch kunmi, ikki-uch
haftami azoblanib yashamoqdan ko‘ra, hoziroq o‘lim topgani yaxshi emasmi!
O, g‘ofil banda! U dunyoda bu yerdagidan yuz, balki ming chandon ortiqroq azob
hozirlab qo‘yilganini fahm etsami, o‘limga bu qadar intilmasmi edi...
Hozir esa... so‘nggi najot yo‘li unga afzal ko‘rinaverdi. Endi fahmi yetganicha o‘limning
tez va oson turini izlay boshladi. Nima qilsin: shu qo‘lidagi bolta bilan peshonasiga
qarsillatib bir ursinmi? Miyasining qatig‘ini o‘ynatib yuborsinmi? Shu fikrda boltaning
tig‘iga qaradi. Beixtiyor ravishda tig‘ ustiga barmog‘ini qo‘ydi. Tig‘ nazarida o‘tmas bo‘lib
tuyuldi: bolta urish fikridan qaytdi. O‘zini osish, tomirini kesish... barchasi og‘ir tuyuldi.
Shu asnoda peshinga qadar g‘imirlab yurdi. «Bu ko‘rguliklardan ko‘ra o‘lganim ming
marta yaxshi», degan to‘xtamga keldi-yu, ammo o‘zini o‘ldirmoqqa kuch topa olmadi.
Peshindan keyin esa... Pachoqburun paydo bo‘lib, uni ovloqqa boshladi. Tursunali qor
yuzasidagi bir tomonga qarab ketgan izlarni ko‘rib, ko‘pchilik o‘tganini fahmladi. Biroq
«ko‘pchilik taqdirimni qanday hal etar ekan?» degan jumboqqa javob topa olmadi.
Butazor oralab ancha ichkarilashgach, sayhonlikka chiqishdi. Tursunali bu yerning qatl
maydonchasi ekanini keyinroq bildi.
Ustidagi paxtaligi yechib tashlangan Murik ko‘ylakchan holda maydoncha o‘rtasida
turardi. Ikki oyog‘ining to‘pig‘idan bog‘langan arqon uchlarini ikki yigit mahkam
tutganicha tarang tortgan edi. Murikning orqa tomonidan Koshak, ro‘parasidan Tengiz,
sal naridan esa Qo‘tos joy olishgan edi. Uchovlari maydonchada paydo bo‘lgan
Tursunaliga oldinma keyin qarab qo‘yishdi.
— Sen o‘zingni burgut deb o‘ylovmiding? — dedi Tengiz Murikka yuzlanib. — Ana,
changal solmoqchi bo‘lgan o‘ljang keldi. Murikjan, seni kim o‘g‘rilar oilasiga tavsiya
etgan, kim qabul qilgan, bilmay- man-u, ammo unisi ham, bunisi ham o‘zingdan battar
ahmaq ekaniga yuz foiz ishonaman. O‘g‘ri degan sal aqlliroq bo‘lishi kerak. Bu yerlarning
xo‘jayinlari bizlar ekanimizni yaxshi bilarding, a? Bilib turib bizning yerlarda ov qilmoqchi
bo‘ldingmi? «Bular bir laqma, og‘ziga pashsha qo‘ndirib yotishadi», deb o‘yladingmi?
Umuman fikringda jon bor. Men laqma bo‘lsam kerak. Koshak, sen-chi? Sen ham
laqmamisan?
Koshak xoxollar tushunishi mumkin bo‘lgan tarzda bir so‘kindi-da, Murikning
gardaniga musht tushirdi. Oyoqlari bog‘langan Murik uchun ana shu zarbaning o‘zi
kifoya qildi — yuztuban yiqilib bir necha daqiqa harakatsiz yotdi.
— Suzishni bilmasang nima qilarding o‘rdak ovlab. Qani, tur, tuqqan xotindek
yalpayib yotma.
Murikning bu yotishi ayyorlik chegarasidan narida edi. Bundan oldingi mushtlarning
zarbalari qo‘shib hisoblansa, uning ahvoliga achinish ham mumkin. Ne afsuskim, mazkur
olam ongidan odam joniga achinish, ayash kabi tushunchalar o‘chirib tashlangan. Alhol,
Murikning holiga achinmoq ham noo‘rindir. Chunki «qaytar dunyo» deganlar-ku!
Murik qorga yuzini bosib, picha orom oldi. Tengizning gaplari qulog‘iga kirguniga
qadar davom etgan bir necha lahza tanga ozgina rohat bersa-da, ruhi azobdan
chirqirayverdi. U Gogikning taklifiga uchgan onlarini eslab, uni ham, o‘zini ham
la’natladi. Gobelyan nima uchun Gogikni bu ishga jo‘natmaganini Koshakning birinchi
mushtidan keyinoq tushunib yetdi. Hammasini o‘ylagan edi, reja qilgan edi. O‘g‘rilar
nafratiga uchrashi aniqligini ham bilgan edi. Faqatgina jazoning bu qadar tez kelishi va
og‘ir bo‘lishini hisobga olmagan edi.
Yana picha orom olish maqsadida o‘rnidan qimirlamagach, tovonidan tepki yedi.
Shundan so‘nggina qaddini ko‘tara boshladi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |