www.ziyouz.com kutubxonasi
48
Senlarning hayoting mana shunaqa axlat. Xotining seni qo‘ygan bo‘lsa nima bo‘pti? Bu
yerda o‘lib ketmasang, chiqib, boshqasini topasan. Yuzta er ko‘rib to‘ymagan shilta bir
ishvasi bilan ko‘zingga qizdek ko‘rinadiyu, tamom, unga uylanasan. Bir-birlaringni sevib
yuraverasanlar. — Qo‘tos shunday deb chorasiz odamning oyog‘iga tepdi-da,
so‘kinganicha nari ketdi. Soliqni vaqtida to‘lamagan mahbusning masalasini hal qilishga
kirgan Qo‘tos ishni pishitib, chiqib ketgunicha birov lom-mim demadi.
Bu yerdagi bema’niliklarga, bekordan bekorga so‘kishlaru urishlarga ko‘nikib qolgan
Tursunali chorasiz odamning kaltaklangani boisini tushunmadi. Har qanday sharoitda
ham o‘zini chetga olish tinch hayotini ta’minlayajagini anglab yetgan Tursunali yana
joyiga chiqib yonboshladi. Chorasiz odam esa yig‘lamasirab, o‘zicha bir nimalar deb
o‘tiraverdi. Unga dardkash topilmadi. Olam-olam dardni yelkalarida ortmoqlab yurgan
odamlarga begona dardning hojati bor ekanmi? Shular kabi Tursunali ham o‘z dardining
asiri edi. Hozirgi voqea sabab bo‘lib, ko‘z oldiga xotini keldi. Shu paytga qadar «xotinim
men bilan ajralishi mumkin», degan fikr xayoliga kelmagan edi. Odatda er xotinni
qo‘yguvchi edi. Xotin «javobimni bering», deb so‘raguvchi, er janoblari esa hushlariga
kelsa taloq xatini berguvchi edilar. Ajib zamonning ajib qonunlarini qarangki, endi xotin
erni qo‘yadigan bo‘libdi. Yana «qamoqdagi erimni qo‘ydim», desa qonun ham «xo‘p»
deyaverar ekan. Tursunali shunisiga besh ketmadi. Hozir kaftlarini bolish qilib shiftga
tikilib yotar ekan, «Bitta ahmoqning gapiga kirib Matluba ham ajralishsa-ya?!» degan
fikr xayoliga urilib dahshatdan sapchib ketayozdi. Davrini surib yurgan kezlarida xotini
«javobimni bering» deb qolsa, ko‘p ham tarang qilmagan bo‘lardi. Matluba ba’zan nolib
qolsa «Chidasang shu, chidamasang to‘rt tomoning Toshkent» deb ajralishga sha’ma
qilardi. Hozir esa «ajralish» degan so‘z uni dahshatga soldi. «Yo‘q, ajrashadigan bo‘lsa
o‘ynash bilan tutganida tashlab ketardi. U meni yaxshi ko‘radi», deb o‘ziga o‘zi tasalli
berdi. «Yaxshi ko‘rardi...» — «Biz bir-birimizni sevardik...» — «Bilib qo‘y, «sevgilim!»
deb quchoqlaganingda xayolida sen emas, ketvorgan o‘ynashi turadi!...» — «Begona
bilan o‘pishayotganingda xotinchang ham begona bilan ayshini suradi...»
Bu gaplarni eslab Tursunalining yuragi uvishdi. Shu paytga qadar xotini begona erkak
bilan don olishmog‘i mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan edi. «U ham tirik jon, unda ham
nafs bor. Shayton uni ham vasvasaga soladi», degan fikrdan uzoq edi. «O‘ynash bilan
nafsni qondirish erkakka yarashadi. Xotin o‘z eriga sadoqatli bo‘lmog‘i shart!» —
Tursunalining bu sohadagi falsafasi shundan iborat. U o‘zining buzuqligini xiyonat deb
hisoblamagan, agar birov unga «bu qilig‘ing oila deb atalmish oppoq, pokiza dasturxon
ustida balchiqqa botgan oyoqlar bilan yurishdir», desa zaharli jilmayib «Bu yigit uchun
ayb emas, yigit kishiga qirqta xotin oz», deb qo‘ygan bo‘lardi. Agar o‘sha odam «Bir
juvonga qirq erkak oz», desami, «Jinni ekansan!» deb so‘kib berishi aniq edi.
«Begona bilan o‘ynashayotganingda xotinchang ham...»
«Yo‘q, — dedi Tursunali o‘ziga o‘zi, — Matluba bunaqa haromdan hazar qiladi...»
«Harommi bu ish? Sen o‘zing nima uchun hazar qilmading?»
Kimdir shunday deb qulog‘i ostida pichirlaganday bo‘ldi.
G‘oyibdan berilgan bu savolga javob qaytara olmadi. Chunki haromdan nima uchun
hazar qilmaganini o‘zi ham bilmas edi. Shaharga tushgan kezlari maishat qilgan
damlarida ko‘z suzib turuvchi ofatijonlar ustidan pul sochgan onlarida bularning fohisha
ekanini, kechagina yoki bir soatgina muqaddam boshqa bir erkak ko‘nglini ovlaganini,
ertaga yoki bir necha soatdan so‘ng bu ahvol takrorlanayajagini, unga «jonginam» deb
cho‘chchayayotgan lablar o‘nlab yoki yuzlab erkakka ishva qilgani va qilajagini o‘ylamas
edi. Nafsni qondirishdan o‘zga narsani bilmasdi. To zahmga chalinguniga qadar pala-
partish yurdi. So‘ng tanlaydigan bo‘ldi. Tanlagani qursin! Pul evaziga o‘zini sotuvchi
ayolning yaxshi-yomoni, tozasiyu iflosi bo‘larkanmi?! Oq it bilan qora itning farqi
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |