www.ziyouz.com kutubxonasi
49
bo‘lmaganidek, bularda farq yo‘qligi, barchasi «fohisha», «buzuq», «shilta»... kabi
«unvon»lar bilan xorlanishini uning oqsoq fahmi idrok qila olmas edi.
Ishtoni yo‘qning hadigi cho‘pdan, deganlaridek, o‘zi botqoqqa botgani holda, pokiza
odamning etagi loy emasmikin, deb gumonsirashi qiziq. «Yo‘q, begonaga
yaqinlashmoqqa haqqi yo‘q!» deb hukm chiqarmog‘i undanda qiziq. Uyidagi pokiza
to‘shakka o‘ynashini boshlashdan hazar qilmagan odam «haromdan hazar qilish»
xususida o‘ylagani yanada qiziqroq.
Xotinining ko‘rpa-to‘shaklarni kuydirib tashlaganini bilib, «bunaqa ahmoq xotin
dunyoda yagona bo‘lsa kerak», deb o‘ylagan edi. Hozir o‘sha voqeani eslab, yuragi
uvishdi. «Bu mallavoyning xotini boshqa. Matluba haromdan hazar qiladi», degan fikri
qat’iylashdi. Sog‘ingan qalbiga bir iliqlik yugurgiladi. Ammo... bu qalbning to‘ri Nafisaga
bo‘shatib berilgan edi. Manfiy va musbat bulut parchalari yaqinlashganida yashin
chaqnagani misol yuragi bir sanchdi. Haromga o‘rgangan ko‘ngil pokiza hislarga o‘rin
bermoqni ixtiyor qilmadi. Nafs tarozisining Nafisa turgan pallasi bosib ketaverdi.
Ko‘tosning hozirgi gapiga qadar xotinini gumon qilmagan, birovdan qizg‘anmagan edi.
Biroq... Nafisani qizg‘anardi. Uni do‘stiga «oshirib» yuborganidan keyin, hatto
oshnasidan ham qizg‘anadigan bo‘ldi. Samandar og‘ushida ishva qilayotgan Nafisa ko‘z
oldiga kelsa badaniga muz yugurardi.
Raykom taxtini egallash uchun yo‘l ochilganida «o‘ynash haqidagi ma’lumot to‘g‘anoq
bo‘lishi mumkin», degan ogohlantirishdan so‘ng Nafisani do‘stiga «uzatgan» edi. «Gilam
sotsang qo‘shningga sot, bir chekkasida o‘zing o‘tirasan», deganlari shu-da! Xotindan
kuygan Samandar xotinidan ajrashib do‘stiga arzi hol qilganida Tursunali qulay fursat
kelganini fahmlab, kayfi oshib chuldirab qolgan oshnasiga Nafisani ro‘para qildi. Nafisa
yig‘ladi, tarang qildi, so‘ng tayinli bir erga, yana to‘g‘ri Moskva bilan gaplashadigan olim
erga ega bo‘lishini anglagach, ko‘ndi. Samandar ertalab bir qizning «qizlik nomusiga»
tegib qo‘yganini bilib, qo‘rqib ketdi. Qo‘rqitishmasa ham bu go‘zal juvonga uylanishga
jon-jon deb ko‘naverardi. Xullas, «gilam qo‘shniga sotildi», «bir chekkasida rohat ila
o‘tirmoq» esa davom etdi. Biroq, «gilam egasi nima uchun gilamda o‘tiradi?» degan
hasad qalbini yondiraverdi. Aslida «gilamni» sotmasa ham bo‘larkan. Raykomga olib
boradi, deb faraz qilingan yo‘l aldamchi ekan, chiroyli jilva qilayotgan bu yo‘l birdan
qorong‘ulashdi-yu, taxtga emas, zindonga ro‘para qildi...
Bitta qozonda ikki qo‘chqorning kallasi qaynamaydi, deganlari balki mubolag‘adir.
Qozon katta bo‘lsa o‘nta kalla ham qaynar. Ammo bitta yurak ikki ayolga bir xilda mehr-
muhabbat bera olmasligi aniq. U qalbini xotini Matlubaga to‘liq bo‘shatib berishni istasa
ham, haromlik bulog‘idan suv ichishga ko‘nikkan nafs talvasaga tushib, Nafisani
unutishga yo‘l qo‘ymaydi. «Matlubadan nima ko‘rding? To‘g‘ri, avvaliga totli edi, keyin
chaynab tashlangan turshakning o‘zi bo‘ldi-qoldi. Egov emasmidi u? Har kuni umrni
egovlamas edimi? — der edi nafs balosi. — Nafisa-chi? Bu dunyoning lazzatini kim berdi?
Nafisa! Nafisa bor joyda jannatni orzu qilishning o‘zi kulgili emasmi? Mingta Matlubani
to‘plasang bittagina Nafisaning to‘shakdagi to‘lg‘onishiga yetmaydi...» Shundan so‘ng
ko‘zlarini yumib, o‘zini Nafisaning quchog‘ida ko‘rardi. Hammasini unutardi: ahli ayoli,
farzandlarini ham, Xudoning balolariga uchraganini ham, bundagi azoblarni ham...
Shunday bo‘lib kelgan edi. Hozir, xotinidan tiriklayin ajralib piqillab o‘tirgan
notavonning alamli nolasi uni sergak torttirdi.
«Bu azoblardan qutulib borgach, seni kutib oladigan kim? Matluba! Bolalaring!.. Sen
ulardan boshqa yana kimga keraksan? Hech kimga! Qariganingda shular asqotadi.
Senga bir burda nonni shu farzandlar beradi. O‘lganingda shular olib borib ko‘madi.
Sendan boshqa er bo‘lganida sabr-toqati uchun Matlubaga haykal qo‘yardi...» Nafs
pinakka ketgan paytlarda ojiz vijdonning pichirlab aytgan bu so‘zlarni endi sal quvvatga
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |