www.ziyouz.com kutubxonasi
43
o‘tirdi. Tengiz undan ko‘zlarini uzmagan holda umrini yashab bo‘lgan o‘tin cho‘g‘lari
ostidan kartoshkani kosovda tortib oldi-da, Murik tomon surdi. Bittasini o‘zi tomon
tortdi. Cho‘g‘da pishib yetilgan kartoshkalar po‘stlari archilib, yeb ado qilinguncha gap
so‘z bo‘lmadi. Tashqaridan kuzatgan kishi bularning birdan-bir maqsadi gulxanda isinib,
kartoshka yeyishdan iborat deb o‘ylashi mumkin edi.
— Cho‘mich, — dedi nihoyat Tengiz, — sen katta ishlar qilib yurgan odam eding. Uyni
urishga urib, royalda o‘ynaganingga
11
hayronman.
— Atay qildim bu ishni, — dedi Murik xotirjam tarzda. — Oldinroq zo‘r bir ishni
do‘ndirib qo‘ygan edim. «Ish» bosdi-bosdi bo‘lgunicha ozgina sayohat qilib kela qolay,
dedim. Bir xunasa bilmay turib gap tarqatib yuboribdi. Knyaz, sen aqlli odamsan, har
qanaqa gaplarga ishonaverma. Men nomiga isnod keltiradigan qanjiqlardan emasman.
— Sen isnodga qolib bo‘lgansan, Cho‘mich.
— Bir xunasaning sassiq ig‘vosi bilan isnodga qolaveramanmi?
— Xunasaning ig‘vosi... degin. Yaxshi. Unda Gobelyan bilan nima uchun uchrashding?
Sening ishing rayon prokuroridan nariga o‘tmaydigan edi. SSSR prokuraturasida nima
qilib yuribsan?
Murik bu savoldan gangimadi. Biroq, javob qaytarishga ham shoshilmadi. Boshini
egib, sovuqda eti junjikkanday bo‘lib, kaftlarini gulxanga tutdi.
— Aytsam, ishonmaysan, — dedi u shu holatda. — Bir shilta ishga aralashtirmoqchi
bo‘lishdi.
— Qanaqa shilta ish ekan?
— Ikki yil oldin bir «tovuqqa» borib yurardim. O‘shani o‘ldirib ketishibdi.
— Qanaqasiga qutilding?
— Alibi! O‘sha kuni men Chorjo‘yda edim. Qarindoshlarnikiga to‘yga boruvdim. Nafsim
buzuqlik qilib ko‘p yevoribman. Ichburuq bo‘lib to‘rt kun kasalxonada yotdim.
— Gobelyan ishondimi shu bahonangga?
— Nega ishonmasin?
— Yo Gobelyan ahmoq, yo sen. Yoki... men.
— Nega... axir...
— Murikjan... — Tengiz bu so‘zni armani lahjasida, erkalash ohangida aytdi, —
Murikjan... Sen aytgan shilta ish bilan MUR shug‘ullanyapti. Gobelyanning ishi boshqa.
O‘zbekistonning tit-pitini chiqarib yurgan odam bir shilta ishni deb bir shilta o‘g‘ri bilan
konyak icharkanmi?
— Konyak ichganim yo‘q.
— Sen quloqqa lag‘mon osma, Murik. Sening taqdiring hal etilgan. Gobelyanning
xonasidan chiqishing-da o‘zingga o‘zing hukm o‘qigansan. Agar yuragingda bir
tomchigina halol o‘g‘rining qonidan qolgan bo‘lsa ham hukmni o‘zing ijro etishing kerak.
O‘zingni o‘ldirsang, yaxshi nom bilan ketasan. Biz o‘ldirsak, «qanjiq» degan nom
kafaning bo‘ladi. Boshqa yo‘ling yo‘q, Murikjan.
— Knyaz, ikkita yo‘l bor joyda uchinchisi ham topiladi. Menga imkon ber.
— Gobelyan nima dedi senga?
— Bu gap ikkimizning oramizda qolishi kerak, knyaz. Bu juda nozik masala.
— Sen menga shart qo‘yma. Gap shu yerda qoladimi yo teletaypga qo‘yamanmi,
o‘zim hal qilaman.
— Yaxshi, Knyaz. Men sening aqlingga ishonaman. Gobelyan avvaliga meni o‘sha
shilta ish bilan qo‘rqitmoqi bo‘ldi, ishon. Keyin bir taklif aytdi. «Yaqinda katta «ov»
bo‘ladi. Atrofingga ishonchli o‘g‘rilarni to‘pla. Agar shartimizga ko‘nishsa, ham ozod
11
Aslan: «Sыgrat na royale» — ya’ni «barmoq izlarini qoldirmoq» ma’nosida.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |