www.ziyouz.com kutubxonasi
75
— Siz yaqinda mister Bebbitlarni yoqa boshlaysiz!
— Siz bizga ancha-muncha tashvish keltirdingiz, mister Stendal. Protokollar saqlanib qolgan. 20 yil
avvalgi. Yerda. Siz va sizning kutubxonangiz.
— E-ha, men va mening kutubxonam. Menga o‘xshagan yana bir qanchalari. Albatta, Po o‘shanda
allaqachon unutilib ketgandi. O’z va boshqa xilqatlar ham unut bo‘lib ketgandi, lekin men bir
kichikkina yashirin joy qurib olgandim. O’zimizning kutubxonamiz bo‘lardi — menda va yana bir
qancha xususiy shaxslarda, — siz mash’al va axlatyoqarlaringizni hali yubormagan paytingizda.
Mening 50 000 dona kitobimni parcha-burish qilib, yoqib yuborgandingiz. Siz barcha
mo‘‘jizakorlarning ham onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatgan edingiz; siz yana kinoprodyuserlaringizga,
agar biron nima qilmoqchi bo‘lsangiz, Ernest Xemingueyni qayta-qayta suratga oling, deb buyruq
bergan edingiz. Yo parvardigor, axir men “Qo‘ng‘iroq kimni chaqiradi” filmini necha marta ko‘rmadim!
30 ta turli sahna asari. Hammasi bor voqelik. Oh, realizm! Oh, bu realizm! Ey, o‘shani!..
— Tilingizga erk berishdan tiyilsangiz yaxshi bo‘larmidi!
— Mister Garret, axir siz to‘la hisobot berishga majbur edingiz-ku?
— Ha.
— Unday holda qiziq uchun ham bir kirib ko‘rsangiz, kirib u yoq-bu yoqqa qarasangiz yaxshi
bo‘lardi. Bor-yo‘g‘i bir daqiqaga.
— Yaxshi. Ko‘rsating. Hech qanday nayrang bo‘lmasin. Menda to‘pponcha bor.
Esherlar Uyining eshigi g‘iyillab ochildi. Rutubat hidi dimoqqa urdi. Xuddi tashlandiq mag‘oralarda
ko‘zga ko‘rinmas jonivorlar nafas olayotgandek guvillagan oh-vohlar quloqqa chalindi. Tosh yerdan
kalamush yugurib o‘tdi. Garret “heh” dedi-da, oyog‘i bilan tepib yubordi. Kalamush o‘mbaloq oshib
tushdi va uning neylon terisi ichidan son-sanoqsiz temir burgalar to‘kildi.
— Qoyil! — Garret yaxshiroq ko‘rish uchun egildi.
Qizg‘ish-moviy xarita uzra mum qo‘llarini silkitgancha tokchada qari jodugar o‘tirardi. U boshini
silkitdi-da, tishsiz og‘zi bilan Garretga vishillab qo‘ydi va moy yuqi xaritaga barmoqlari bilan chertdi.
— O’lim! — qichqirdi kampir.
— Men xuddi mana shunday narsalarni o‘ylagan edim... — dedi Garret. — Xuddi o‘ylaganimdek
bo‘lib chiqdi-ya!
— Men shaxsan sizning yoqib yuborishingizga ruxsat beraman.
— Rostdanmi? — Garretning yuzi yorishdi. Biroq shu zahoti yana lunjini osiltirdi. — Siz buni juda
oson aytdingiz-qo‘ydingiz.
— Men mana shularni yuzaga keltirsam bo‘lgani. Maqsadimga erishdim, deb ayta olsam, bas.
Hozirgi shubhalar olamida o‘rta asr muhitini qayta yaratdim.
— Mening o‘zim ham, ser, aytish mumkinki, sizning dahoingizdan beixtiyor hayratga tushdim.
Garret qarab turardi — uning yonidan havoda shitirlagan va shivirlagancha go‘zal shaffof ayol
qiyofasiga kirgan yengil bulut parchasi suzib o‘ta boshladi. Rutubatli yo‘lakning narigi uchida
qandaydir mashina guvillardi. Xuddi tsentrifugadan chiqqan paxtaqandga o‘xshab u yerdan jim-jit zal
bo‘ylab bosiriqli zulmat o‘rmalab va yoyilib kelar edi.
Allaqayoqdan maymun paydo bo‘lib qoldi.
— Pisht! — qichqirdi Garret.
— Qo‘rqmang. — Stendal jonivorning qornini silab qo‘ydi. — Bu robot. Xuddi jodugar singari bu
ham boshdan-oyoq misdan yasalgan. Mana!
U maymunning yungini hurpaytirgan edi, tagidan temir yaraqlab ketdi.
— Ko‘rayapman. — Garret jur’atsizgina qo‘lini uzatdi, robotni silab qo‘ydi. — Ammo bu nimaga
kerak, mister Stendal, bunda qanday ma’no bor?! Sizni nima majbur qildi?..
— To‘rachilik, mister Garret. Lekin mening tushuntirishga sira vaqtim yo‘q. Hukumat odamlari esa
busiz ham tezda hamma narsani bilib olishadi. — U maymunga bosh irg‘ab qo‘ydi. — Bo‘ldi, qani.
— Maymun mister Garretni o‘ldirdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |