www.ziyouz.com kutubxonasi
77
mumkinmi — ular to‘qnash kelib qolishdi va suhbatga berilib ketishdi. Ularning suhbati xuddi ichgan
qahvalari kabi hisobsiz tunlarga cho‘zilib ketdi va so‘zlarning oqimi, achchiq ichimlik asnosida Esher
Uyi dunyoga keldi.
Cherkov qo‘ng‘irog‘ining bo‘g‘iq sadosi eshitildi. Mehmonlar tashrif buyurmoqda edilar.
Jilmaygancha u mehmonlarni qarshi olgani tashqariga yo‘naldi.
Robotlar kutar edilar — bolalik xotiralarisiz katta yoshdagi odamlar. O’rmon ko‘llari rangidagi yashil
shoyi libosdagi, baqa va paporotnik tusli shoyi libosdagi robotlar kutar edilar. Qum va quyosh rangli,
sariq sochli robotlar kutar edilar. Ustidan jelatin quyilgan naychasimon bronza suyakli robotlar yotar
edilar. Tirik bo‘lmagan va o‘lik bo‘lmaganlar tobutlarida, taxta qutilarda turtib yuborishlarini kutib
mayatniklar yotar edilar. Surtma va quyma ma’dan hidi anqir edi. Go‘riston jimligi hukm surardi. Har
ikki jinsdagi, ammo jinssiz robotlar. Yuzlari bor-u, ammo yuzsiz, odamzotdan odamlikdan boshqa
hamma narsani yuqtirib olgan robotlar ustiga “Frankoborot” deb yozilgan qutilarning qator mixlar
qoqilgan qopqog‘iga tik qarab turgan robotlar, ular o‘lim deb atab bo‘lmaydigan yo‘qlikda turar edilar,
chunki bu yo‘qlik ortidan hayot asari sezilmas edi... Birdan mixlar qattiq vizillaydi. Birin-ketin
qopqoqlar ko‘tariladi. Qutilar uzra soyalar o‘ynaydi, qo‘lda siqilgan moy idish mashina moyini tizillatib
otadi. Ishga tushirilgan bir murvat asta chiqillaydi. Yana bir murvat, yana bir, nihoyat xuddi ulkan
soat do‘konidagidek, chor atrofni chaq-chuq ovozi bosib ketadi. Tosh ko‘zlari yog‘och qovoqlarini
keng ochadilar. Burun kataklari pirpiraydi. Maymun yunglari va oq quyon terisi qoplangan robotlar
oyoqqa turadilar. Egizaklar Tvidldam va Tvidldi, Buzoqboshi, Sonya, Oppoq cho‘kkanlar, — tana
o‘rniga tuz va mayin suv yo‘sinlari, ustritsa rangidagi ko‘zlari irg‘ib chiqqan ko‘kishtob dorga
osilganlar, muz xilqatlar va yaltiroq pistonchalar, sopol pakanalar va jigarrang elflar, CHiq-chiq,
Olabo‘jilar, sun’iy bo‘ron buluti ichidagi Santa Klaus, Ko‘k Soqol — jag‘ soqollari xuddi atsitelen
olovidek gurillab turibdi. Yashil tillarini o‘ynatib, kulrang pag‘a-pag‘a tutunlar suza boshladi. Go‘yo
Olachipor chirmovuqdek bilanglayotgan ajdahoni esga soluvchi bu tutun qursog‘ida bozillagan laxcha
cho‘g‘ bilan devorga taqalib kelar edi: guv-guv, taq-tuq, o‘kirik, sukunat, sapchish, burilish... Minglab
qopqoqlar yana yopildi. Soat do‘koni Esher Uyi tomon yo‘l oldi. Afsungarlik tuni boshlandi.
Qo‘rg‘onda iliq shabada yeldi. Osmonni kuydirgan, kuzini bahorga aylantirgan ko‘yi mehmonlarning
raketalari uchib kela boshladi. Raketalardan oqshom liboslarida erkaklar chiqib, ularning ortidan ko‘z
ko‘rib, quloq eshitmagan turmakli ayollar ergashib kelardi.
— Bu Esher juda balo ekan-ku!
— Eshik qani?
Shu tob Stendal paydo bo‘ldi. Ayollar kular va gap sotar edilar. Mister Stendal jim bo‘linglar
degandek qo‘lini ko‘tardi. So‘ng o‘girildi, nigohini qal’aning baland devoridagi derazaga oldi-da,
qichqirdi:
Rapuntsel, Rapuntsel, ko‘z och uyqudan.
Sochlaringni parishon aylagil tuban.
Go‘zal qiz tungi shabadani qarshi olib, derazadan qaradi va oltin sochlarini pastga tushirdi. Undan
mamnun mehmonlar Uyga ko‘tarilishlari uchun sochlar eshilib, buralib narvonga aylandi.
Eng ko‘zga ko‘ringan jamiyatshunoslar! Eng zukko ruhshunoslar! Dunyoda eng tengi yo‘q
siyosatdonlar, bakteriologlar, psixonevrologlar! Ana, ularning hammasi kulrang devor oralig‘ida
turibdi.
— Xush kelibsizlar!
Mister Trayon, mister Ouen, mister Dan, mister Leng, mister Steffens, mister Fletcher va yana
yigirma-o‘ttiztacha mashhur shaxslar.
— Kiraveringlar! Kiraveringlar!
Miss Gibbs, miss Paup, miss Cherchill, miss Blant, miss Drammond va yana yigirmatacha ofatijon
ayol. Barchalari hech bir istisnosiz ko‘zga ko‘ringan, eng ko‘zga ko‘ringan shaxslar, xayolotlar bilan
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |