www.ziyouz.com kutubxonasi
74
olmaydigan darajada mitti bo‘lib qoldi. Sehrli ko‘zguni ular bolg‘a bilan bir urib, chil-chil qilishdi va
barcha Qizil Qirollar va Ustritsalar gumdon bo‘ldi!
U mushtumini qisdi. Ey xudo, hammasi xuddi hozir sodir bo‘lgandek yaqin tuyuladi-ya! Uning yuzi
qizarib bo‘g‘ildi. Azbaroyi qattiq junbushga kelganidan mister Bigelou hang-mang bo‘lib qoldi. U bir-
ikki kiprik qoqdi-da, oxiri uyga kirib dedi:
— Kechirasiz. Nima deyayotganingizni tushunolmayapman. Bu ismlardan hech nima
anglayolmadim. Siz aytgan gaplarga qaraganda Gulxan faqat foyda bergan.
— Yo‘qoling ko‘zimdan! — qichqirib yubordi Stendal. — Ishingiz tugadi, endi qorangizni o‘chiring,
to‘nka!
Mister Bigelou duradgorlarni chaqirdi-da, ketdi.
Mister Stendal Uy oldida bitta o‘zi qoldi.
— Quloq solinglar, hoy! — Murojaat qildi u ko‘zga ko‘rinmas raketalarga. — Sizlardan jon
saqlayman deb,Sof Jonlar Marsga borib qolgan edi, sizlar bo‘lsangiz xudoning bermish kuni bu yerda
ko‘paygandan-ko‘payib ketayapsiz, xuddi axlatga intilgan pashshalardek uchib kelganingiz-uchib
kelgan. Men sizlarga hozir bir narsa ko‘rsataman. Yerda mister Poga qilgan qiliqlaringiz uchun
ta’ziringizni beraman. Shu ondan ehtiyot bo‘ling! Esherning uyi o‘z ishini boshlaydi.
U osmonga qarab mushtumini do‘laytirib qo‘ydi.
Raketa qo‘ndi. Undan devday bir odam chiqib keldi. U uyga qaradi va uning kulrang ko‘zlarida
norozilik va hayrat ifodasi ko‘rindi. Narigi tomonda uni ozg‘ingina bir odam kutib turgan xandaqdan
sakrab o‘tdi.
— Ismi sharifingiz Stendalmi?
— Ha.
— Garret, Axloq Iqlimi boshqarmasi inspektori.
— E-ha, baribir Marsgacha yetib kelibsiz-da, Axloq Iqlimining nozirlari? Men bo‘lsam sizlarni qachon
kelar ekan, deb o‘zimcha tusmollab turgan edim...
— Biz o‘tgan haftada kelgan edik. Tezda bu yerda xuddi yerdagidek tartib o‘rnatiladi. — U asabiy
ravishda guvohnomasini Uy tomonga siltab qo‘ydi. — Qani, ayting-chi menga, mana bu nima,
Stendal?
— Bu arvohli qal’a, xo‘p desangiz.
— Xo‘p demayman, Stendal, hech ham xo‘p demayman. “Arvohli” — yaramaydi.
— Juda jo‘n. Bu yil, 2005 yilda Haq taolomizga men bir mexanik ziyoratgoh qurdim. Unda mis
ko‘rshapalaklar elektron nurlar bo‘ylab uchadilar, quyma kalamushlar plastmassa tagxonalarda
izg‘iydilar, avtomat skeletlar raqs tushadilar, bu yerda avtomat qonso‘rarlar, hazilkashlar, bo‘rilar va
oq arvohlar istiqomat qiladilar, kimyo va kashfiyotchilik barq uradi.
— Men xuddi shu narsadan qo‘rqqan edim, — dedi Garret jilmayib. — Sizning uyingizni surib
yuborishga to‘g‘ri kelmasa deb qo‘rqaman.
— Kelishingiz bilanoq yo‘qlashingizni bilardim.
— Men ilgariroq uchib kelgan bo‘lardim, lekin biz aralashishimizdan oldin sizning niyatlaringizni bilib
olmoqchi edik. Buzuvchilar va o‘t ochuvchilar komandasi oqshomga yaqin yetib kelishlari mumkin.
Yarim tunga borib, hamma narsa tag-tugi bilan vayron qilinadi, mister Stendal. Mening aqli
noqisimcha, ser, siz, aytishim mumkinki, aynib qolibsiz. Qattiq mehnat bilan ishlab topilgan pullarni
shamolga sovurish, axir sizda naqd uch million bo‘lgan edi-ya...
— To‘rt million! Ammo shuni hisobga olingki, mister Garret, meros olganimda men yoshgina
yigitcha edim — yigirma besh million. Istagancha shamolga sovurishim mumkin. Umuman olganda bu
yaxshi ish emas: u yoqdan qurilish tugadi-yu, bu yoqdan siz o‘z Buzuvchilaringiz bilan yetib kelibsiz.
Balki, O’yinchog‘im bilan jinday ko‘ngil ochishimga izn berarsiz, aytaylik loaqal yigirma to‘rt soatga?!
— Siz qonunni bilasiz. Unda aytilgan: hech qanaqangi kitoblar, hech qanaqangi uylar, arvohlar
bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanaqangi qonso‘rarlar, farishtalar yoki xayolotning boshqa kashfiyotlari
ketmaydi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |