Iyun 2001
OY AVVALGIDYeK KUMUSh NURLARINI SOChADI
Ular raketada tun qo‘ynida chiqib kelishganida havo shunchalar sovuq ediki, Spender darhol gulxan
uchun Mars shox-shabbalarini terishga tutindi. Marsga uchib kelganlarini nishonlash borasida u churq
etib og‘iz ochmadi, shox-shabbalarni terib keldi-da, olov yoqib yubordi va uning qanday yonishini
tomosha qildi.
Keyin qurib qolgan Mars dengizi uzra qontalash tong havosiga yelkasi osha ularni — kapitan
Uaylder, Cherok, Xeteuey, Sem Parkxill va uning o‘zini unsiz qop-qorong‘i yulduzli kengliklar orqali
olib o‘tgan va hayotsiz beg‘am olamga olib kelib qo‘ygan raketaga qarab qo‘ydi.
Jeff Spender qiy-chuv boshlanishini kutib turardi. U do‘stlariga qarar ekan, hozir ularning
sakrashlarini, qichqirishlarini kutardi... Faqat Marsda ular “birinchi” odamlar ekani haqidagi hayajonli
fikrdan o‘zlariga kelib olishini kutish kerak. Hech kim bu haqda ovoz chiqarib bir narsa demasdi, lekin
yuraklarida ko‘plab, aftidan, ularning o‘tmishdoshlari marragacha yetib kela olmaganiga va birinchilik
bayrog‘i bularga, “To‘rtinchi” ekspeditsiyaga nasib etishiga umid qilar edilar. Yo‘q, ular hech kimga
yomonlik tilamasdilar, shunchaki ular birinchi bo‘lishni xohlar edilar va o‘pkalari og‘ir havoga
ko‘nikkuncha shon-shuhrat haqida orzu qilar edilar. Darhaqiqat, ozgina keskinroq harakat qilinsa,
xuddi Mars odamidek boshlari aylanib ketar edi.
Gibbs gurillab yonayotgan gulxan oldiga keldi-da, so‘radi:
— Shox-shabba nega kerak, axir raketada kimyoviy yonilg‘i bor-ku?
— Hechqisi yo‘q, — javob berdi Spender boshini ko‘tarmay.
Birinchi tundayoq Marsda shovqin-suron ko‘tarish va raketa ichida bu yerga to‘g‘ri kelmaydigan
qo‘pol buyumni — ko‘z olgudek charaqlovchi pechkani ko‘tarib tushish aqlga to‘g‘ri kelmaydigan,
to‘g‘risi, noma’qul gap edi. Bu mahalliy sharoitga haqorat ham bo‘ladi-ku. Hali quyultirilgan sutli
bankalarni mag‘rur Mars kanallariga uloqtirishga ulgurishadi, o‘shanday vaqt albatta keladi, Mars
dengizlarining oppoq yaydoq tubida “Nyu-York Tayms”ning shaldiragan sahifalari erinibgina
sirg‘aladigan, dumalaydigan paytlar, albatta, keladi, qadimgi Mars shaharlarining nafis shaklli
xarobalari orasida banan po‘stloqlari va yog‘ yuqi qog‘ozlar to‘lib-toshgan payt ham uzoq emas.
Hammasi oldinda kutib turibdi, hammasi bo‘ladi. Bu fikrdan u hatto seskanib ketdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |