www.ziyouz.com kutubxonasi
37
— Ayting-chi, nima ekan?
— Suvchechak, — qisqagina javob berdi Xeteuey.
— Bo‘lishi mumkin emas!
— Xuddi shunday. Men tekshirdim. Suvchechak ekan. Uning ta’siri marsliklarga yerliklardan
butunlay boshqacha ekan. Hamma gap moddalar almashinuvida ekan. Ular kuygan g‘o‘ladek qorayib
qurib ketgan, mo‘rt laxtaklarga aylangan. Ammo bu suvchechak, bunga shubha bo‘lishi mumkin
emas. Bundan shu narsa kelib chiqqadiki, York ham, kapitan Uilyams va kapitan Blek ham — har
uchala sayyoh Marsgacha yetib borishgan. Keyin ularga nima bo‘lgani yolg‘iz xudoga ma’lum. Lekin
biz shu narsani aniq bilamizki, ular marsliklarni shu ko‘yga solishgan.
— Hech joyda hayot alomati yo‘qmi?
— Ehtimol, bir qancha marsliklar vaqtida bir narsani anglab olganlar va toqqa chiqib ketganlar.
Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham qasam ichib aytamanki, marsliklardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi,
ular haddan tashqari oz. Marsliklarning qo‘shig‘i aytib bo‘lingan.
Spender qayrildi-da, yana gulxan oldiga o‘tirib, olovga tikildi. Suvchechak emish, yo tavba,
suvchechakka balo bormi! Sayyora aholisi million yillar davomida rivojlanadi, o‘z madaniyatini
takomillashtiradi, mana bunaqa shaharlar quradi, go‘zallik haqida orzu va tasavvurlarini har qanday
yo‘llar bilan ma’qullatishga urinadi va — oxirida halok bo‘ladi. Bir qismi eramizgacha o‘lib — ularning
muddati tugagan va ular jimgina jon berishgan, o‘limni sharaf bilan kutib olishgan. Ammo boshqalar-
chi! Ehtimol, qolgan marsliklar dahshatli biron-bir kasallikdan qirilib ketishgandir! Hecham bunaqa
emas. Ularning boshiga suvchechak yetgan, bolalar kasalligi. Bu kasallik Yerda hatto bolalarni ham
o‘ldirolmaydi! Bu to‘g‘ri emas, adolatdan emas. Bu qadimgi yunonlarning buqoqdan o‘lib ketgan,
mag‘rur rimliklarning esa ajoyib tepaliklarda so‘gal qirg‘in keltirgan degan cho‘pchaklarga ishonish
bilan baravardir!
Biz asli marsliklarga dafn marosimlarini tayyorlab olishlariga, kerakli qiyofaga kirib olishlariga va
o‘lim uchun biron-bir sabab o‘ylab topishlariga vaqt va imkon bersak bo‘lar ekan. Bunday emas-da, —
allaqaerdagi sharti ketib, parti qolgan, ahmoqona suvchechak emish! Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin
emas! Bu ular me’morchiligining ulug‘vorligiga, ularning butun olamiga aslo mos kelmaydigan gap!
— Bo‘pti, Xeteuey, endi tamaddi qilib oling.
— Rahmat, kapitan.
Bo‘ldi! Hammasi esdan chiqdi. Endi butunlay boshqa narsa haqida gaplashishyapti.
Xayol surishda davom etgancha Spender hamrohlarini kuzatardi. Tizzasidagi likopchada turgan
ovqatga qo‘l ham urmadi. Havo yanada sovuqroq bo‘lgan edi. Yulduzlar yaqinroq kelib, yorqinroq
charaqlay boshlagan edi. Agar kimdir ovozini haddan tashqari baland ko‘tarib gapira boshlasa,
kapitan bosiqqina javob berardi, ular ham beixtiyor kapitanga taqlidan ovozlarini pasaytirar edilar.
Bu yerda havo shu qadar tozaki! Spender uzoq o‘tirdi, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi.
Vujudiga turfa bo‘ylar oqib kirdi, u hatto bular qanday bo‘y ekanligini ham anglayolmay qoldi: gulmi,
kimyoviy moddami, changmi, shamolmi...
— Yoki bo‘lmasa, anovi Nyu-Yorkdagi voqeani olaylik, men mallasoch qiz bor-ku, — hah, oti nima
edi-ya, esimdan chiqibdi... Ha, Ginni! O’shani ilashtirgandim! — Bo‘kirdi Biggs. — Qizmisan qiz edi-da
o‘ziyam!
Spender g‘ujanak bo‘lib oldi. Uning qo‘llari titrardi. Ingichka yupqa qovoqlari tagidagi ko‘zlari
besaranjom o‘ynardi.
— Ana shu Ginni menga aytadiki... — davom etdi Biggs.
Do‘stona qah-qah ko‘tarildi.
— Man ham uni bopladim! — qichqirdi Biggs shishani qo‘lidan qo‘yib yubormay.
Spender likopchasini bir chetga olib qo‘ydi. Salqin shamol epkiniga quloq tutdi. Oppoq Mars uylarini
zavqlanib tomosha qila boshladi. Suvi qurib qolgan dengizdagi muz tog‘larining o‘zginasi...
— Zo‘r qizaloq edi-da, qiyomat! — Biggs shishani keng dahaniga to‘nkardi. — Qanchasini ko‘rdim
— bittasi ham unaqa emasdi! Havoni Biggsning badanidan taralayotgan terning qo‘lansa hidi tutdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |