www.ziyouz.com kutubxonasi
32
— Kapitan, — dedi Lyustig, — agar kerak bo‘lib qolsam men qariyalarimning huzurida bo‘laman.
— Nima? Ha, bo‘lmasam-chi, Lyustig. Bora qol.
Edvard akasining qo‘lidan tutdi-da, yetaklab ketdi.
— Mena, bizning uyimiz. Esingdami?
— Bo‘lmasam-chi! Ishonmasang, men eshikkacha birinchi bo‘lib yetib boraman!
Ular shu zahoti yugurib ketishdi. Kapitan Blekning boshi uzra daraxtlar shovullar, oyoqlari ostidagi
yer guvullar edi. Bu g‘aroyib tushida u Edvard Blekning uni quvib o‘tayotganini, qadrdon uyi shiddat
bilan unga yaqinlashayotganini va eshikni lang ochayotganini ko‘rib turardi.
— Men birinchi bo‘lib keldim! — qichqirdi Edvard.
— Bo‘lmasam-chi, — hansirab dedi kapitan, — men cholman, sen bo‘lsang navqiron yigitsan. Sen
o‘zi har doim tutqich bermas eding! Yo meni esidan chiqargan deb o‘ylayapsanmi?
Ostonada to‘ladan kelgan, yuzlari qip-qizil, ko‘zlari chaqnagan onasi turardi. Uning ortida
sochlariga oq oralagan, qo‘lida trubkasini tutgancha otasi turardi.
— Oyi, dada!
U bola singari zinalardan yuqoriga otildi.
Ajoyib va uzun yoz kuni. Tushlikdan keyin ular mehmonxona bo‘lmasiga o‘tishdi. U qariyalarga
o‘zining raketasi haqida so‘zlab berdi, ular esa bosh irg‘ar va jilmayar edilar, onasi xuddi avval qanday
bo‘lsa, shunday ko‘rinardi, otasi sigara uchini tishlagancha o‘ychan ichiga tortar edi — xuddi o‘sha
vaqtlardagidek. Kechlikka quling o‘rgilsin kurka go‘shti pishirilgan edi, vaqt ham sezilmay o‘tib
borardi. Likopchalar obdon tozalangan kurka suyaklari uyumiga to‘lgach, kapitan o‘zini stul
suyanchig‘iga tashladi va chuqur qanoat hosil qilganini bildirib, pishillab nafasini chiqardi. Kech tushib,
daraxt yaproqlari qilt etmay qoldi. Osmonni shafaq yog‘dusi chulg‘adi, shinam ko‘hna uydagi chiroqlar
qizg‘ish nur taratib turardi. Ko‘chadagi boshqa barcha uylardan musiqa, pianino ovozlarining gurillab
ochilib-yopilishlari eshitilib turardi.
Onasi plastinkani qo‘ydi-da, kapitan Jon Blek bilan gir aylanib raqs tusha ketdi. Undan o‘sha atirlar
anqir edi, otasi va onasi poezd halokatida o‘lganlarida ham ulardan xuddi shunday atir anqib turardi.
Hozir bo‘lsa ular bir tekis raqs tushar, uning qo‘llari haqiqiy, jonli onasini quchib turardi...
— Odamga ikkinchi urinish har doim ham nasib etavermaydi, — dedi onasi.
— Ertaga ertalab uyg‘onaman, — dedi kapitan, — va mening o‘z raketamda, koinotda
ekanligimdan nom-nishon ham qolmaydi.
— Bunaqa gaplar kimga kerak! — dedi onasi muloyimlik bilan. — O’zingni urintirma. Xudo o‘zi
mehribon. Xudo o‘zi yarlaqaydi.
— Uzr, oyijon.
Qo‘shiq tugab, plastinka vishillagancha bir chiziqda aylanar edi.
— Charchading, bolam. — Otasi trubka uchi bilan ishora qildi. — Kirib yotishing mumkin.
Odatdagidek, eski jez zo‘ldirli karavoting senga muntazir.
— Lekin men odamlarimni to‘plashim kerak.
— Nega?
—Nega? Hm... bilmadim, darvoqe, nega to‘plar ekanman-a? Hech narsaga, albatta. Ular
ovqatlanayotgan yoki uxlayotgan bo‘lsalar kerak. Mayli, uyquga to‘yib olsinlar, dam olish ularga zarar
qilmaydi.
— Yaxshi yotib tur, o‘g‘lim. — Onasi uning yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Qanday yaxshi. Sen yana
uydasan.
— Ha, uyda bo‘lganingga nima yetsin.
Sigara tutuniga to‘lgan uyni, ruhlarni, kitoblarni, mayin nurni tark etib, u zinapoyadan yuqori
ko‘tarildi va Edvard bilan to‘xtovsiz gaplashar edi. Edvard eshikni itardi va Jon Blek o‘zining sariq jez
karavotini, kollejning tanish bayroqchalarini va rosa unniqqan olakuzan po‘stinsini ko‘rdi, po‘stinni u
alohida mehr bilan silab qo‘ydi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |