www.ziyouz.com kutubxonasi
30
— O’lganimizdan beri, — kinoya bilan javob berdi ayol.
— Qachondan... beri? — Kapitan Blek stakanini stolga qo‘ydi.
— Ha-da, — bosh irg‘adi Lyustig. — Ularning o‘lganiga o‘ttiz yil bo‘ldi, axir.
— Sizlar esa, hech narsa bo‘lmagandek, beg‘am o‘tiribsizlar! — dedi kapitan.
— Bo‘ldi, taqsir! — kampir mug‘ambirona ko‘z qisib qo‘ydi. — Bunaqa ishlarning mag‘zini chaqishga
siz kim bo‘libsiz? Bizlar esa shu yerning odamimiz. Bu ahvolda dunyoga kelding nima-yu, kelmading
nima? Mana bu “Nima uchun” va “Nega?” degan savollar kimga kerak? Biz yana tirikmiz, tamom. Biz
faqat shuni bilamiz, ortiqcha savol kimga kerak? Men sizga aytsam, — bu ikkinchi urinish. — Kampir
sudrala-sudrala kapitanning oldiga bordi-da, o‘zining ingichka qoqshol qo‘lini cho‘zdi. — Ushlab
ko‘ring.
Kapitan asta turtib ko‘rdi.
— Xo‘sh, haqiqiy qo‘lmikan?
Kapitan bosh irg‘adi.
— Sizga tag‘in nima kerak? — tantanavor so‘radi kampir. — Ortiqcha savolga ne hojat?
— Bilasizmi, — javob berdi kapitan, — biz Marsda shunaqa narsaga duch kelib qolamiz deb
o‘ylamagan edik.
— Demak, duch kelibsiz. Men sizga aytsam, har bir sayyorada tangrining tazarru yo‘llari nechog‘li
ko‘p ekanligi xayolingizga ham kelmaydi.
— Ie, unda bu Yer arshi a’lomi? — so‘radi Xinkston.
— Bo‘lmag‘ur gap, bu yerda ham o‘sha dunyo, faqat bizga ikkinchi urinish nasib etgan. Nima
uchun? Bu haqda bizga bir og‘iz gap aytmagan. Axir Yerda ham bu yerda nima uchun paydo bo‘lib
qolishimizni hech kim tushuntirib bermagandi-ku! Ho‘v, o‘sha Yerda. Biz uchib kelgan Yerda. Ungacha
yana bitta Yer borligini biz tush ko‘rib o‘tiribmizmi?
— Yaxshi savol, — dedi kapitan.
Lyustigning chehrasida hamon shodiyona tabassum jilva qilib turardi.
— Jin ursin, sizlarni ko‘rib shunchalik suyunib ketayapmanki, asti qo‘yavering!
Kapitan stuldan turdi-da, beixtiyor soniga shapatiladi.
— Xo‘sh, endi boraylik. Mehmondorchilik uchun rahmat.
— Sizlar yana kelasizlar-ku? — taraddudlanishdi qariyalar. — Biz sizlarni kechki ovqatga
kutayapmiz.
— Katta rahmat, kelishga harakat qilamiz. Ishimiz juda ham ko‘p. Odamlarim meni raketada kutib
turishibdi... — va u ochiq eshikka sarosimali qaragancha jim bo‘lib qoldi.
Uzoq-uzoqlardan quyosh nurlari borliqni to‘ldirib turgan kenglikdan turli ovozlar, qichqiriqlar,
do‘stona xitoblar quloqqa chalinardi.
— Bu nima? — so‘radi Xinkston.
— Hozir bilamiz-da. — Shunday deya kapitan Jon Blek eshik ortiga shamolday uchib o‘tdi-da, yam-
yashil maysazordan Mars shaharchasi ko‘chasi tomonga yugurib ketdi.
U raketaga qaragancha taqqa to‘xtab qoldi. Barcha lyuklar ochiq va qo‘llarini quvnoq silkitgancha
shosha-pisha ekipaj yerga tushmoqda edi. Atrofda tumanot odam yig‘ilgan, fazogirlar ular orasiga
qo‘shilib, suhbatlashgan, kulgan, qo‘l qisishgancha ular orasini yorib borar edilar. Olomon sevinchdan
raqsga tushar, Yerliklar atrofida tobora zichlashib borar edilar. Raketa hammaning esidan chiqqancha
bir chetda mung‘ayib turar edi.
Charog‘on quyosh nurlari ostida orkestr yangradi, havoni cholg‘ularning yurakni larzaga soluvchi
tantanavor sadosi tutdi. Nog‘oralar gumburlar, naylar yurakni teshgudek chiyillar edi. Zarkokil
qizaloqlar sevinchdan sakrar edilar. Bolakaylar “Ura-a!” deb qichqirar edilar. Qorindor kishilar tanish
va notanish mehmonlarni o‘n tsentlik sigara bilan siylar edilar. Shahar meri nutq so‘zladi. So‘ngra
ekipajning barcha a’zolarini birin-ketin qo‘ltiqlaridan tutishdi-da, bir tomondan — onasi, boshqa
tomondan — otasi yoki singlisi — ko‘chadan mo‘‘jazgina kottejlarga va dang‘illama uylarga yetaklab
ketishdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |