www.ziyouz.com kutubxonasi
70
Qayt, itvachcha! Tunlari nima qilar ekanman?! Obbo gazanda-ey, pastkash...
Sillining savoli ayni nishonga urgan edi. Tis o‘zini bemor, yuragini bo‘m-bo‘sh his etdi. “Darvoqe,
tunlari biz nima qilamiz-a? — o‘yladi u. — Endi hamma ketib bo‘lganda-chi?” Uning yuragi g‘ash,
miyasi karaxt bo‘lib qolgan edi.
U cho‘ntagidan to‘pponchani oldi-da, patronlarni qayta sanab chiqdi.
— Nima qilmoqchisan, Sem? — so‘radi kimdir.
— Bu padar la’natini otaman!
— Sal o‘zingni bossang-chi, — dedi bobo.
Ammo Semyuel Tis do‘kon ortida g‘oyib bo‘lgan edi. Bir zumdan so‘ng u o‘zining usti ochiq
mashinasida paydo bo‘ldi.
— Kim boradi men bilan?
— Ha, bir aylanib kela qolay, — dedi bobo o‘rnidan turar ekan.
— Yana kim?
Jimlik.
Bobo mashinaga o‘tirdi-da, eshikni yopdi. Changni to‘zitgancha Semyuel Tis mashinani yo‘lga olib
chiqdi va ular charaqlagan osmon ostida shamoldek yelib ketishdi. Ikkalasi ham jim edi. Bulutsiz
osmon uzra quyosh o‘zining olovini ayamay purkaydi.
Yo‘l ikkiga ayrilgan joy. Ular to‘xtaydilar.
— Ular qaerga ketishdi, boboy?
Kvortermeyn bobo qoshini chimirdi.
— Menimcha, to‘g‘riga qarab ketishgan.
Ular yo‘lda davom etdilar. Daraxtlar ostida yolg‘iz motor ovozi gurillaydi. Yo‘lda zog‘ uchmas edi,
biroq to‘satdan ular g‘alati bir narsani payqab qolishdi. Nihoyat Tis yurishni tezlatdi-da, sariq ko‘zlarini
g‘azab bilan charaqlatgancha eshikdan gavdasini chiqarib egildi.
— Jin ursin, bobo! Bu itvachchalar nimani o‘ylab topishganini ko‘rdingizmi?
— Nimani? — so‘radi bobo tikilib qaragancha.
Yo‘l yoqalab tartib bilan terilgan eski rolikli konkilar, turli mayda-chuydalarga to‘la tugunchalar,
yirtiq boshmoqlar, arava g‘ildiraklari, eski shim va paltolar, ilma-teshik shlyapalar, bir vaqtlar
shamolda mayin jiringlagan billur idishchalar, qizil naqshli jez bankalar, mumdan yasalgan mevalar,
konfederatsiya zamonidagi pullar solingan qutichalar, tog‘oralar, kir yuvish taxtachalari, kir dorlar,
sovun, kimningdir uch oyoqli velosipedi, kimningdir tok qaychilari, qo‘g‘irchoq aravachasi, xunuk
qo‘g‘irchoqli quticha, negrlar baptist cherkovining ola-bula oynasi, tormoz prokladkalari to‘plami,
avtomobil kameralari, matraslar, kushetkalar, tebranma stullar, kremli bankachalar, ko‘zgular yotar
edi. Ammo ular barchasi shoshma-shosharlikda apil-tapil tashlab ketilgan narsalar emas, balki
avaylab, hafsala bilan, did bilan, go‘yo bu yerdan butun shahar ahli yurib o‘tgandek, changli yo‘l
yoqasi bo‘ylab terib qo‘yilgan edi. To‘satdan ulug‘vor karnay ovozi yangradi, odamlar o‘z qo‘r-qutlarini
shundoq tuproq ustiga qo‘ydilar-da, shartta moviy falak sari ko‘tarilib ketishdi.
— Nima bo‘lganda ham “Yoqishni istamaymiz” ekan-da! — Alam bilan qichqirdi Tis. — Men ularga
yoqib yuboringlar degan edim, he yo‘q, be yo‘q shuncha masofadan ko‘tarib kelishibdi-da, shu yerga
terib qo‘yishibdi — qaqir-ququrlarga oxirgi marta qarab to‘yib olishibdi, mana, mana ular, qarab
tomosha qiling! Bu qorayaloqlar, xudo bilsin, o‘zlarini kim deb bilishadi.
U mashinani yeldirib ketdi. G’aramlarni ezib yanchgancha, quticha va oynalarni chil-chil qilgancha,
stul-pstullarni majaqlagancha, qog‘ozlarni har tomonga to‘zitgancha kilometrma-kilometr olg‘a ketib
borardi.
— Mana senga! Jin ursin... Yana! Mana senga!
Oldingi g‘ildiraklar ayanchli vishilladi, mashina qayrildi-da, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Tis
peshonasini oynaga urib oldi.
— Obbo, itdan tarqaganlar-ey, — Semyuel Tis changlarini qoqa-qoqa g‘azabdan yig‘lab
yuborgudek bo‘lib, mashinadan tushdi. U kimsasiz va unsiz yo‘lga qaradi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |