www.ziyouz.com kutubxonasi
68
ma’lum qilaman va o‘rnimga odam topilmaguncha ishlayveraman”. Mana, — Tis kafti bilan qog‘ozga
urib qo‘ydi, uning ko‘zlari chaqnardi. — Tonadigan bo‘lsang, sudga beramiz.
— Ilojim yo‘q! — qichqirdi o‘smir. Uning yuzlaridan yosh donalari dumalay ketdi. — Agar bugun
ketmasam, hech qachon ketolmayman.
— Men seni yaxshi tushunaman, ha, ha, senga rahmim keladi. Lekin hechqisi yo‘q, biz senga
yaxshi muomala qilamiz, yigitcha, yaxshi ovqatlantiramiz. Endi esa, bor, ishga tush, miyangdagi mana
bu bo‘lmag‘ur fikrlarni chiqarib tashla, tushundingmi? Shunaqa, Silli. — Tis g‘amgin jilmaydi va
o‘smirning yelkasidan qoqib qo‘ydi.
O’smir ayvonda o‘tirgan chollarga o‘girildi. Uning ko‘zlarida yosh qotib qolgan edi.
— Balki... balki... mana bu jentlmenlardan birontasi...
Bostirma tagidagi issiqdan sillasi qurigan erkaklar boshlarini ko‘tarishdi, Silliga qarashdi, so‘ng
Tisga qarashdi.
— Buni qanday tushunish kerak: o‘rningga oq tanlini olib kelishsinmi? — sovuqqina so‘radi Tis.
Kvortermeyn bobo tizzalaridan qizil qo‘llarini ko‘tardi. U uzoqlarga o‘ychan qaragancha dedi:
— Menga qara, Tis. Menga nima bo‘ladi?
— Nima?
— Men Silli bilan birga ishlamoqchiman.
Boshqalar jim bo‘lib qoldi.
Tis oyoq uchida chayqalardi.
— Bobo... — dedi u ogohlantiruvchi ohangda.
— Bolakayni qo‘yib yubor, nimani kerak bo‘lsa o‘zim tozalayman.
— Siz...
— Siz rostdan aytayapsizmi, to‘g‘risimi? — Silli boboning oldiga yugurib keldi. U ham kular, ham
yig‘lar, quloqlariga ishonmasdi.
— Albatta.
— Bobo, — dedi Tis. — O’sha mishiqi burningizni bu ishga suqmang.
— Bolakayni ushlab turma, Tis.
Tis Sillining oldiga keldi-da, uning qo‘lidan tutdi.
— U meniki. Men uni tungacha orqa xonaga qamab qo‘yaman.
— Kerak emas, mister Tis!
O’smir yig‘ladi. Uning yig‘lagan ovozi bostirma ostida jaranglab eshitilardi. Sillining qop-qora
qovoqlari shishib ketdi. Yo‘lda uzoqdan eski, shalog‘i chiqqan ford ko‘rindi, u so‘nggi qora tanlilarni
olib ketgan edi.
— Bular meniki, mister Tis. O, iltimos, xudo haqqi, sizdan iltimos qilaman!
— Tis, — dedi erkaklardan biri o‘rnidan turarkan, — qo‘ying, ketaversin.
Ikkinchi erkak o‘rnidan turdi.
— Men ham shunday o‘ylayman.
— Men ham, — dedi uchinchi erkak.
— Rost-da, — endi barchalari baravar gapirishdi. — Bas qil, Tis.
— Bolakayni qo‘yib yubor.
Tis cho‘ntagidagi to‘pponchani paypasladi. Uning ko‘zi erkaklarning yuziga tushdi. U qo‘lini
cho‘ntagidan oldi-da, dedi:
— Hali shunaqami?
— Ha, shunaqa, — javob berdi kimdir.
Tis bolani qo‘yib yubordi.
— Bo‘pti, bora qol. — U qo‘li bilan do‘kon tomonni ko‘rsatdi. — Sen o‘zingning iflos ashqol-
dashqolingni qoldirib ketmassan, harholda?
— Yo‘q, xo‘jayin!
— Tuguningdagi eng so‘nggi lattani ham yig‘ishtirib ol-da, yoqib yubor.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |