www.ziyouz.com kutubxonasi
106
U oh tortdi, qo‘lini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora
sochlarini, ajoyib sochlarini to‘zitib yubordi. Lablari tandirdagi yallig‘langan cho‘g‘dek. Yanoqlari esa
hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis
ovozi esa unga qadimgi mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgandek:
“Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab...”
U uxlab qoldi.
U Nyu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida to‘xtatdi-
da, heh deb qo‘ydi.
Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.
Ammo bunday bo‘lmadi.
— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo
Jeneveva!
Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulg‘angan, allaqaerda shamol brezent pardani
shaloplatib o‘ynardi.
U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qo‘ydi.
— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qaerdaligingni bilib turibman.
U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.
Yerda mo‘‘jazgina dastro‘molcha topib oldi. Undan shunday mo‘‘jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib,
chayqalib tushdi.
— Jeneveva, — ovoz chiqarib dedi u.
U mashinasini bo‘m-bo‘sh ko‘chadan haydab borardi, biroq odam qorasi ko‘rinay demasdi.
— Hazil ham shunaqa bo‘ladimi-a...
U tezligini oshirdi.
— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qo‘yishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-
Villijga jo‘navorgandir? — U qadimgi dengiz yo‘lidan ketib, kunduzi bir-birimizni ko‘rmay qolgandirmiz.
Bu yerga kelishimni u tush ko‘ribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib
qolgach, u qo‘rqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men bo‘lsam, bu yerda
yuribman, jin ursin, men ham odam bo‘ldimmi!
U klaksonni bosdi-da, shahardan o‘qdek uchib chiqdi.
U tun bo‘yi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta o‘y: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam,
nima bo‘ladi?”
Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak. U yugurib keladi-da,
uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan o‘pib ham olar.
“Jeneveva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.
Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Do‘konlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz
soat beto‘xtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan to‘liq
sukunat cho‘kdi. Quyosh ko‘chalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.
Uolter faralarini o‘chirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Ko‘zlarini
do‘kon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horg‘in, qo‘llari terdan ho‘llangan chambar
ustida sirg‘alardi.
— Jeneveva! — bo‘m-bo‘sh ko‘chaga qarab qichqirdi.
Pardozxona eshigi ochildi.
— Jeneveva! — U mashinani to‘xtatdi-da, ko‘chani chopib kesib o‘tdi.
Jeneveva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qo‘llarida ochilgan shokolad qutichasi. Do‘mboq,
oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorug‘ joyga kirib kelganda, ko‘rdiki, qizning
yuzi dum-dumaloq va do‘mboqqina, ko‘zlari bir dumaloq xamirga suqib qo‘yilgan bir juft yirik-yirik
tuxumdek. Oyoqlari kundadek yo‘g‘on-yo‘g‘on, yurishlari g‘ozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi
ko‘rinishida obdon turmaklangan bo‘lib, rangi qandaydir qo‘ng‘ir tusda. Lab degan narsaning o‘zi yo‘q.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |